Jahon | 12:52 / 15.06.2024
14820
8 daqiqa o‘qiladi

G7 davlatlari talabi, Putinning tinchlik shartlari va unga reaksiyalar - kun dayjesti

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

Putinning tinchlik shartlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha Rossiya shartlarini aytdi. Putinga ko‘ra, Ukraina Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketsagina Kreml muzokaralarga kirishishi mumkin.

«Kiyev qo‘shinlarni olib chiqishni boshlasa, biz tezda o‘t ochishni to‘xtatishga buyruq beramiz va muzokaraga kirishamiz», degan Putin.

Ukraina o‘ziga tegishli bo‘lgan bu to‘rt oblastning nafaqat Rossiya bosib olgan qismidan, balki to‘liq ma’muriy chegaralaridan chiqib ketishi kerak.

Putinning navbatdagi talabiga ko‘ra, Ukraina NATOga kirishdan to‘liq voz kechishi, bu haqda e’lon qilishi kerak. «Bugun yana bir haqiqiy tinchlik shartnomasi taklif qildik. Ukraina NATOga kirishdan voz kechishi kerak. Gap mojaroni muzlatish haqida emas, uni butkul tugatish haqida ketmoqda», — dedi Putin.

«Bizning maqsadimiz – Ukrainaning neytraliteti, bloklarga kirmasligi, yadrosiz maqomda bo‘lishi, uning demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilinishi», deb qo‘shimcha qildi Putin.

Putin Ukraina Kiyev yangi hududiy shartlarni qabul qilishi va rus tilida gaplashuvchilar huquqlarini ta’minlashi kerakligi shartlardan biri ekanini aytdi. Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning barchasi bekor qilinishi ham urush tugashi uchun Moskvaning shartlaridan biri.

Shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni navbatdagi marta nolegitim rahbar deb atadi.

Vladimir Putin 2024 yil boshidan yettinchi marta G‘arb tomonidan aldanganini ham qistirib o‘tgan.

«Bizni shunchaki laqillatishdi, navbatdagi marta aldashdi», — deya o‘z tezisini takrorlagan Vladimir Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Minsk kelishuvlarida ko‘zda tutilgan barcha shartlarni bajarishga tayyor bo‘lgan, G‘arb esa yo‘q.

Putinning bayonotiga reaksiya

«Putin Ukrainaga tinchlikka erishish uchun nimalar qilishni buyuradigan holatda emas», — degan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

«Biz bir mamlakat rahbari kunlarning birida uyg‘onib, o‘z mamlakati chegaralarini o‘chirib, qo‘shni davlat hududini anneksiya qilishni istab qoladigan holat bo‘lishini istamaymiz. Bu biz yashashni istaydigan dunyo emas.

Putin urushni bugunoq tugatishi mumkin. U bu urushni hech bir provokatsiyalarsiz boshladi. Biz uni suveren Ukraina hududini tark etishga chaqiramiz», – dedi Lloyd Ostin NATO davlatlarining Bryusseldagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Vladimir Putinning «tinchlik» taklifini ultimatum deb atadi va uni Hitler bilan taqqosladi:

«Bugun u to‘rtta hudud haqida gapirmoqda, avvallari faqat Qrim va Donbassni tilga olardi. Hitler ham Chexoslovakiyani bosib olishda shunday qilgan».

Ukraina prezidenti Putinni «natsizmni qayta tiriltirayotganlik»da ayblagan: «Natsizm allaqachon Putin siymosida bo‘y ko‘rsatib bo‘ldi», — degan Zelenskiy.

NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg Putinning Ukrainada urushni to‘xtatish rejasini tinchlik rejasi deb atashdan bosh tortdi va Kiyevga yordam berishda davom etilishini va’da qildi.

Uning fikricha, Kreml xo‘jayini tomonidan ilgari surilayotgan talablar absurd chegarasidagi gaplar va «xalqaro huquqqa parodiya» hisoblanadi.

«Ukraina hududidan qo‘shinlarni Ukraina emas, Rossiya olib chiqishi kerak», — degan Stoltenberg. Uning qo‘shimcha qilishicha, buning g‘irt teskarisini nazarda tutayotgan Putin shartlari Rossiya prezidentining «yaxshi niyati»dan emas, «Ukrainada harbiy maqsadlarga erishish» istagidan guvohlik beradi.

«Ya’ni bu aslo tinchlik taklifi emas, yanada kengroq okkupatsiyani nazarda tutuvchi taklif», — degan Stoltenberg.

Shu munosabat bilan NATO bosh kotibi alyans davlatlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.

G7 davlatlari talabi

«Katta yettilik» davlatlari Rossiyadan Ukrainaga 486 milliard AQSh dollariga teng zararni qoplashni talab qilishdi. Aks holda Rossiyaning aktivlari toki Ukrainadagi «mojaro tugamaguncha» muzlatilgan holda qolaverishi e’lon qilindi.

G‘arb davlatlarida Rossiyaning 300 mlrd dollarga yaqin aktivlari muzlatilgan. Bu esa zararni qoplash uchun talab qilinayotgan summadan kam. G7 davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan daromadlar hisobidan so‘ndiriladigan 50 mlrd dollar kreditni yil so‘ngiga qadar Kiyevga taqdim etishini taqdiqlashgan. G7 davlatlari Rossiyaning energiya tashuvchilar va xomashyo mahsulotlaridan olinayotgan daromadlariga qarshi bosim uyushtirilishini va’da qilishgan.

Qora ro‘yxatdagi IShID a’zolari

AQSh Davlat departamenti Turkiya Respublikasi bilan kelishilgan holda, bir qancha shaxslarni IShID terrorchilik guruhi «qora ro‘yxati»ga qo‘shganini e’lon qildi. Ular orasida uch nafar o‘zbekistonliklar ham bor. O‘zbekiston fuqarolari terrorchilik guruhi bilan hamkorlik qilganlikda ayblanmoqda.

Davlat departamenti dastlab Gruziyadagi IShID yetakchisi Adam Xamirzayevni «global terrorchi» deb tan oldi. U shuningdek, Adam Islamovich Oliferchik nomi bilan ham tanilgan.

Bundan tashqari, IShIDga aloqador kontrabanda tarmog‘ining uch nafar o‘zbekistonlik a’zosi ham qora ro‘yxatga kiritildi. Ta’kidlanishicha, ular Turkiya tomonidan qidiruvga berilgan.

1. Mirzoyev Muhammadyusuf Alisher o‘g‘li — 2023 yilda IShID bilan bog‘liq «harbiy» o‘quv lagerini tashkil etish ishlarida ishtirok etgan;

2. Niyozov Muhammad Ibrohimjon — IShID a’zolariga ma’muriy va logistik yordam ko‘rsatgan;

3. Ismoilov Olimxon Mahmudjon o‘g‘li — IShID bilan bog‘liq kontrabanda tarmog‘i a’zosi.

Mazkur shaxslarning AQShdagi yoki AQSh fuqarolari nazoratidagi barcha mulklari va mol-mulk manfaatlari bloklanadi. Ular bilan muayyan operatsiyalarni amalga oshirgan har qanday amerikalik yoki xorijlik fuqaro sanksiyaga uchrashi mumkin.

Futbol. EURO-2024

Germaniyada futbol bo‘yicha Yevropaning 17-chempionati start oldi. Myunxendagi Alyans-arenada mezbon Germaniya va Shotlandiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv chempionatni ochib berdi.

Uchrashuv nemislarning 5:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Mezbonlardan gollarni birinchi bo‘limda Virts, Musiala, Haverts, ikkinchi bo‘limda Fullkrug va Emre Jan urgan bo‘lsa, shotlandlar hisobiga golni ham Ryudiger o‘z avtogoli bilan yozdi.

Bugun 1-tur doirasida A guruhidagi Vengriya – Shveytsariya hamda B guruhidagi Ispaniya – Xorvatiya va Italiya – Albaniya uchrashuvlari o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid