O‘zbekiston | 23:50 / 22.06.2024
15731
19 daqiqa o‘qiladi

Klasterlar lobbisi, kreditga kuyganlar va IIBda navbatdagi o‘lim - hafta dayjesti

O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi milliard kubga kamaydi. Hokim o‘rinbosarlaridan biri 25 ming dollar bilan ushlandi. O‘zbek yoshlari jahondagi tengqurlaridan nafaqat bilim, balki ijodiy fikrlash bo‘yicha ham ancha orqada qolyapti. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

PISA-2022: Qo‘shimcha blok imtihoni natijalari e’lon qilindi

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 2022 yilgi PISA xalqaro tadqiqotining qo‘shimcha bloki – ijodiy-kreativ fikrlash bo‘yicha imtihon natijalarini e’lon qildi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda ham eng quyi uchtalikdan joy egalladi. Tadqiqotda qatnashgan 15 yoshli maktab o‘quvchilarimizning bor-yo‘g‘i 16,5 foizi ijodiy-kreativ topshiriqlar bo‘yicha 5 darajali tizimda uchinchi yoki undan yuqori darajani qayd eta olgan. O‘quvchilarimizning yarmidan ko‘pi – 61 foizi birinchi daraja yoki undan ham pastroq natijani ko‘rsatgan.

O‘zbekistonlik o‘smirlar ijodiy fikrlash imtihonida o‘rtacha 14 ball to‘plagan bo‘lib, bu singapurlik tengdoshlarining ko‘rsatkichidan 3 barobarga kam. Bu esa, turgan gapki, umumiy ta’lim sifati bilan bog‘liq: tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, matematika va boshqa asosiy fanlardan yaxshiroq baho olgan yoshlar kreativ fikrlash imtihonlarida ham yuqoriroq natijalarga erishgan. Bundan tashqari, bolalarida kreativ mulohaza yuritish qobiliyati yuqori bo‘lgan davlatlarda bolaning ijodiy qobiliyatini o‘stirishga alohida e’tibor beriladi: bu masala o‘quv dasturlariga kiritilgan, o‘quvchilardagi kreativ fikrlash darajasini baholash mezonlari ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonda esa maktab ta’limida bolani yodlashga emas, fikrlashga o‘rgatish ishlari endi-endi boshlanyapti. Chorshanba kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab yana mingta maktabda prezident maktablaridagi kabi 100 ballik baholash tizimiga o‘tiladi. Bu tizim o‘tgan yili 500 ta maktabda joriy etilgan va rasmiylarga ko‘ra, buning natijasida ulardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan.

Yig‘ilishda aytilishicha, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari tugatilib, ularning o‘rnida bog‘cha va maktablar tashkil etiladi. 270 ta maktab interaktiv doska, 365 tasi kompyuter sinflari bilan jihozlanadi. “Mahalla – ota-ona – maktab” hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish maqsadida Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tashkil etiladi.

Oyliklarni ko‘tarish esa keyingi yilga reja qilingan. 2025 yil 1 sentabrdan boshlab oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchilarning oylik maoshi oshirilishi mumkin. Ma’lumot uchun, jami 525 ming nafar pedagogning faqat 155 ming nafari yo oliy, yoki birinchi toifaga ega. Bu degani, kelasi yili maosh oshishi maktablarda dars berayotgan o‘qituvchilarning 70 foiziga tegishli bo‘lmaydi.

Jahon banki: O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi

O‘zbekistonda xotin-qizlarning atigi 1 foizi 5 mln so‘mdan ko‘proq maosh oladi. Oylik oladigan uch nafar o‘zbek ayolidan 2 nafarining maoshi 2 million so‘mdan oshmaydi. Agar mamlakatimizda ayollarga erkaklar bilan bir xil darajada maosh to‘langanida edi, 700 mingdan ortiq odam kambag‘allikdan chiqqan bo‘lardi.

Bu raqamlar Jahon bankining “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili” nomli hisobotida keltirilgan. Unda keltirilishicha, mamlakatimizda ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi. Bu – 20 foizlik global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha ko‘proq. Tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollarning erkaklar bilan bir xil maosh olishiga erishilsa, bu 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi.

Umuman olganda, maoshlar bilan bog‘liq vaziyat erkaklarda ham havas qilgudik emas. Dunyoning yetakchi biznes jurnallaridan bo‘lmish CEOWORLD magazine nashri tuzgan reytingga ko‘ra, O‘zbekiston oyliklar miqdori bo‘yicha dunyoda 119-o‘rinda turadi. Nashr O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik maoshni 351 dollar deb hisoblagan. Bu – Qozog‘istondagi o‘rtacha oylikdan 2 barobarga kam. Bu reytingga ishonilsa, O‘zbekiston o‘rtacha oyliklar miqdori bo‘yicha MDHga a’zo 9 ta davlat orasida 7-o‘rinda bormoqda.

Yuzlab odamlar 200 dollar ishlayman deb 20 ming dollarlik qarzni orttirib oldi

Oxirgi yillarda yoqa ushlaydigan darajada avj olib ketgan firibgarliklar yangidan yangi shakllarda odamni hayratlantirishda davom etyapti. Navbatdagi sxema natijasida yuzlab odamlar atigi 200 dollarga aldanib, yelkasiga 20 ming dollarlik qarzni orttirib oldi. Jabrlanuvchilar ongli ravishda begonalarning cho‘ntagi uchun o‘zlarining nomidan bank olib bergan.

Kun.uz surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, bu sxema bo‘yicha jinoyat ishi to‘rtta avtosalon – “Green-Waatt”, “Ev Sky”, “ZTY Car Energy” va “Quwwatt Motors”ga taalluqli. Avtosalonchilar Xitoydan avtomobil olib kelib sotgan va buning uchun odamlarning ishonchiga kirib, ularning nomiga 200-300 mln so‘mlik kreditlar chiqartirgan. Firibgarlar 2 oy ichida avtomobillar Xitoydan yetib kelishi, shundan keyin kreditlarni to‘liq yopib berishlarini va’da qilishgan, yuzlab odamlar esa 200 dollar evaziga bunga rozi bo‘lgan.

Avvaliga firmalar odamlarning nomidagi kreditlarni bir-ikki oy to‘lab borgan, lekin keyin qarzdorlarni banklar bezovta qila boshlagan. Ayni paytda firibgarlar ustidan jinoyat ishi ochilgan va tergov davom etyapti. Jabrlanuvchilar ongli ravishda olib bergan kreditlar esa ularning yelkasida qolmoqda. Bu holatda firibgarlar bilan hamkorlik qilgan banklar qanday qilib hech qayerda ishlamaydigan odamlarga kredit bergani, undiruvga kelganda nega banklar sug‘urta kompaniyalariga murojaat qilmayotgani hozircha tushunarsiz.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu ishda jabrlanuvchilar soni 200 dan ortiqni tashkil etadi. Ish bo‘yicha 6 kishi qamoqqa olingan bo‘lib, ular firibgarlik, o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish, hujjatlarni qalbakilashtirish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.

Hukumat qarori: Gaz va svet tariflari raqobatli va adolatli bo‘lishi kerak

2026 yildan boshlab yangi tasdiqlanadigan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari kamida 3 yil amal qiladi. Ya’ni aholi va biznes sub’yektlari tariflar o‘zgargan taqdirda, keyingi 3 yil davomida boshqa o‘zgarish bo‘lmasligiga ishonchi komil bo‘lgan holda moliyaviy rejalar tuzishlari mumkin bo‘ladi. Bu 15 iyun kungi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorda yozilishicha, elektr va gaz uchun belgilanadigan tariflar “raqobatli va adolatli” bo‘lishi kerak. Shuningdek, respublikaning barcha hududlarida aholi uchun yagona narx siyosati 2035 yilgacha saqlanib qoladi. Bunda faqat aholi xonadonlari nazarda tutilgan bo‘lib, yuridik shaxslar uchun har bir hududda individiual tariflar belgilashga nisbatan to‘siq yo‘q.

Ayni paytda, davlat suverenitetining ajralmas qismi bo‘lmish tabiiy gaz tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashishda davom etyapti. Rasmiy statistikaga ko‘ra, shu yilning yanvar-may oylarida 18,8 mlrd kub metr gaz qazib olingan: bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd kub yoki 5,2 foizga kam.

Umuman, O‘zbekistonda gaz va elektrga talab qanchalik tez oshayotgan bo‘lsa, birinchi raqamli energoresurs bo‘lmish gazni qazib olish hajmi shunchalik tez kamayyapti. Oxirgi 4 yilda gaz qazib olish ko‘rsatkichi 23 foizga, 2023 yilning o‘zida esa salkam 10 foizga qisqarib ketdi. Natijada yildan yilga Turkmaniston va Rossiyadan gaz importini ko‘paytirishga to‘g‘ri kelmoqda.

Tabiiy gazdan tashqari, yilning dastlabki 5 oyida neft qazib olish 7 foizga kamaygan. Yil boshidan beri elektr energiyasi, ko‘mir va dizel ishlab chiqarish hajmi ham biroz pasayganini ko‘rish mumkin. Faqat benzin va gaz kondensati ishlab chiqarishda 3 foizlik o‘sish kuzatilgan.

Beruniyda o‘nga yaqin bog‘cha bolalarini olib ketayotgan avtomobil YTHga uchradi

Qoraqalpog‘istonda bog‘cha bolalarini olib ketayotgan avtomobil yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, Nexia-3 avtomobili 10 ga yaqin bolani olib ketayotgan bo‘lgan. Videoda ular yig‘layotgani, ayrimlarining kiyimida qon borligini ko‘rish mumkin.

Rasmiylarga ko‘ra, hodisa chorshanba kuni soat 9:55 da Beruniy tumanidagi Shabboz ovulida ro‘y bergan. Shu ovulda yashovchi haydovchi o‘zining boshqaruvidagi Nexia-3 avtomobilida ketayotib, yo‘l chekkasidan harakatlanishni boshlayotgan Gentra'ga borib urilgan, natijada haydovchi hamda 3 va 6 yoshli ikki bola jarohatlangan. Ularning holati qoniqarli ekani ma’lum qilindi.

Prokuratura holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergovda Gentra haydovchisi yo‘l chekkasidan harakatni boshlashda qoidani buzgani uchun, Nexia-3 haydovchisi esa mashinaga ruxsat etilganidan ko‘p yo‘lovchi olgani uchun javob beradi. Eslatib o‘tamiz, ikki oy oldin Qashqadaryoda Damas haydovchisi bog‘cha xodimi va yana 25 nafar bog‘cha bolasini ortib harakatlangani uchun jarimaga tortilgan edi.

Hafta davomida g‘irt qoidabuzar haydovchilar rukniga oid yana bir holat aniqlandi. Avvalgilaridan farqli ravishda, u mutlaqo jazosiz qoladigan bo‘ldi. Aniqrog‘i, “kolleksiyasi”da to‘plagan jarimalarni qaynotasi to‘lab berdi.

Majburiy ijro byurosidan xabar berishlaricha, Andijon shahrida yashovchi M.A. xotinining egaligida bo‘lgan Lacetti mashinasini boshqarib, muntazam ravishda tezlikni me’yoridan oshirib kelgan, natijada 68 marta (!) qoida buzgan. Oxiri MIB Lacetti'ni jarima maydoniga qo‘ygach, 68 ta qoidabuzarlik uchun jami 28 mln so‘mlik jarimalarni haydovchining qaynotasi to‘lab bergan.

Byuroning axborotida haydovchining o‘ziga biror chora ko‘rilgani yoki yo‘qligi aytilmagan. Umuman, jarimalarini “kolleksiya” qiladigan bunday seriyali qoidabuzarlarga nisbatan qonunchilikdagi norma qanchalik ishlayotgani savol ostida qolyapti. Ma’muriy kodeksga ko‘ra, bir yil ichida bir necha marta tezlik oshirib yuborilsa, haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan 2 yilga mahrum qilinishi kerak. Agar andijonlik qoidabuzarning guvohnomasi haligacha olinmagan bo‘lsa, rasmiylar u qachondir birovni o‘ldirishini kutyapti, deyish o‘rinli bo‘ladi. Ma’lumot uchun, yaqinda Jizzaxda yashovchi ashaddiy qoidabuzar 5 oy ichida 11 marta tezlik qoidalarini buzgan, oxir-oqibat yo‘l chetida ketayotgan ikki bolani bosib ketib, o‘ldirgan edi.

Nurafshon: 60 yoshli erkak 6 yashar qizga tegajog‘likda gumonlanmoqda

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida 60 yoshli erkak 6 yoshli qizga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Ayanchlisi, to onasining murojaati internetga chiqmagunga qadar voqea bo‘yicha jinoyat ishi ochilmay kelgan.

Qizning onasi bu holatga organ xodimlarining e’tiborsizligidan shikoyat qilib, Nemolchi.uz loyihasiga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea 11 iyun kuni ro‘y bergan: qizi uyga yig‘lab kelib, qo‘shni erkak uni quchoqlab, yalaganini aytgan. Ona 60 yoshli qo‘shnisining uyiga chiqqanida, erkak mast holatda bo‘lgan, u ayblovlarni rad etib, qizni shunchaki yengil o‘pib qo‘ygani, bola hammasini noto‘g‘ri tushunganini aytgan.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, u profilaktika inspektoriga murojaat qilib ariza yozganida, inspektor arizani qabul qilishni rad etgan. Keyin prokuraturaga murojaat qilgan, lekin 6 kun o‘tsa hamki, qo‘shnisiga chora ko‘rilmagan. Nemolchi.uz bu murojaatni e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani, Nurafshon shahridagi profilaktika inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.

Bolalar ombudsmani xabariga ko‘ra, jinoyat ishi 19 iyunda, ya’ni voqeaning daragi internetda chiqqan kuni qo‘zg‘atilgan. Ungacha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bolaga nisbatan tibbiy ekspertiza tayinlangan. 20 iyun kuni esa sudga gumondorni qamoqqa olish bo‘yicha iltimosnoma kiritilgan.

Pedofiliya bilan bog‘liq yana bir holat 12 iyun kuni Namangan viloyatida ro‘y berdi. Chortoq tumanining Beshkapa mahallasida yolg‘iz yashovchi 47 yoshli erkak ko‘chada o‘ynab yurgan 11 yoshli qizni aldab, o‘zining uyiga olib kirgan va yashirib qo‘ygan. Buni ko‘rib qolgan qo‘shnisi IIBga xabar bergan. Zudlik bilan yetib kelgan xodimlar o‘g‘irlab ketilgan qizni erkakning uyidan topib, oila a’zolariga qaytargan. Ayni paytda holat yuzasidan voyaga yetmagan shaxsni o‘g‘irlash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor qamoqqa olingan.

Klasterlar manfaati – qonundan ustun?

O‘tgan hafta Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida ichki ishlar xodimlari fermerning g‘alla o‘rimiga noqonuniy tarzda qarshilik qilgani haqida xabar bergan edik. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bunday holatlar faqat Qashqadaryoda bo‘layotgani yo‘q. Yana avvalgi yillardagi kabi g‘alla o‘rimi vaqtida fermerlarni himoya qiluvchi qonunlar ochiqchasiga oyoqosti qilinyapti, bu haqda OAVdagi xabarlarni barcha idoralar ko‘rib ko‘rmaslikka olyapti.

Hozirga qadar Kun.uz'ga ma’lum bo‘lgan Qashqadaryo, Xorazm va Namangandagi holatlar bir-biriga juda o‘xshash. Hammasida fermerning g‘allasini ichki ishlar idoralarining noqonuniy harakatlari orqali mahalliy klasterga olib bermoqchi bo‘lishyapti. Bu holatga respublika darajasidagi idoralarning ham ko‘z yumayotgani klasterlar ortida qanchalik qudratli lobbi turganiga ishora qilayotgandek, go‘yo.

Bizning vazifamiz – qonunlarni eslatish. Shunday ekan, yana bir bor eslatib o‘tamiz, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qon        unning 22-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga binoan esa, ichki ishlar organlarining xodimlari o‘zining qonunga xilof xatti-harakatlarini oqlash uchun yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari va buyruqlarini ro‘kach qilishi mumkin emas.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirishda qiyinchilikka uchramoqda. Rossiyaga borgan hamyurtlarimiz aeroportlarda haddan tashqari uzoq davom etayotgan qo‘shimcha tekshiruvlardan shikoyat qilyapti. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolardan bunday murojaatlar ko‘paygani sabab elchixona tomonidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilingan. Qo‘shimcha qilinishicha, o‘zbek diplomatlari Sheremetevo aeroportining chegara xizmati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Germaniya afg‘onlarni O‘zbekiston orqali uylariga deportatsiya qilmoqchi. Der Spiegel nashrining yozishicha, may oyi oxirida Berlindan Toshkentga delegatsiya kelib, O‘zbekiston hukumatiga o‘z rejasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, afg‘onlar Toshkentga olib kelinadi, bu yerdan esa Afg‘onistonning KamAir xususiy aviakompaniyasida Afg‘onistonga olib chiqib ketiladi. Nemis rasmiylari Toshkentdan qaytgach, muzokaralar “konstruktiv” o‘tganini aytishgan. O‘zbekiston bilan hamkorlik Germaniyaga “Tolibon” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishmaslik uchun ham kerak bo‘lmoqda.

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari hibsga olindi. DXX xabariga ko‘ra, u ikkita joyda yer olib berish uchun tadbirkordan 25 ming dollar so‘rab, shuncha pulni olgan vaqtida ushlangan. Eslatib o‘tamiz, bir oy oldin Sirdaryoning boshqa bir tumani – Xovos hokimining o‘rinbosari ham tadbirkordan 20 ming dollar so‘rab, shundan ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushgandi.

Bekobod shahar ichki ishlar bo‘limi binosiga olib borilgan fuqaro vafot etdi. Viloyat IIB axborotiga ko‘ra, 43 yoshli erkak idoraga kirish yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan. Xodimlar uni xizmat mashinasida shifoxonaga olib borgan, u yerda fuqaro vafot etgani oydinlashgan. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev fuqaro organ xodimlari tomonidan kaltaklanganini yozdi. Ichki ishlar vazirligi marhumning yaqinlariga ta’ziya bildirib, voqea to‘liq va xolisona o‘rganilishini ma’lum qildi. Sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanlanib, holat prokuratura nazoratiga olingan.

Toshkentdagi Do‘stlik bog‘i hududini noqonuniy egallab olgan qurilish kompaniyasi jarimaga tortildi. Kadastr organining ma’lum qilishicha, Vinera Tower kompaniyasi bog‘ga tutash 52 sotixlik maydonga qonuniy egalik qiladi, lekin kompaniya yana 24 sotix, xususan 600 kvadrat metrlik bog‘ hududini o‘zboshimchalik bilan egallab, to‘siq bilan o‘rab olgan, bog‘ hududida hatto kotlovan ham qazib qo‘ygan. Buning uchun kompaniyaga bor-yo‘g‘i 10 mln 200 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi, xolos. Avvalroq Vinera Tower bu yerda 6 ta daraxtni noqonuniy kesib tashlagani uchun, unga tegishli developer kompaniya esa 6 ta daraxtni noqonuniy ko‘chirib o‘tkazgani uchun jarimaga tortilgandi. Ko‘chirilgan daraxtlar keyinroq qurib qolgan.

Mavzuga oid