O‘zbekiston | 20:36 / 26.06.2024
6238
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentga kelgan Turkiya mudofaa vaziri bilan harbiy hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti shu oy boshida Anqaraga tashrifi vaqtida turk harbiy-texnika sanoati taqdimoti bilan tanishgan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 iyun kuni amaliy tashrif bilan Toshkentda bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Turkiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Anqara shahriga 5-6 iyun kunlari amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

  • Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Anqaraga tashrifi davomida Turkiya aerokosmik kompaniyasida bo‘lgan, bu yerda O‘zbekiston rahbariga kompaniya mahsulotlari namunalari, xususan eng yangi Kaan qiruvchi samolyoti taqdimot qilingan edi.
  • Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar ushbu tashrif yakunlari bo‘yicha Kun.uz'ga bergan intervyusida Kaan qiruvchi samolyotlarini O‘zbekiston ham sotib olishi mumkinmi degan savolga aniq javob bera olmasligini aytgan, lekin O‘zbekistonda uchuvchisiz parvoz apparatlari va boshqa mudofaa mahsulotlariga qiziqish katta ekanini ta’kidlagandi. “Bu qiziqish yaqin kelajakda o‘z mevalarini, albatta, keltiradi”, – degandi turk elchisi.

Mavzuga oid