O‘zbekiston | 15:23 / 28.06.2024
14151
2 daqiqa o‘qiladi

Chorsudagi yong‘indan zarar ko‘rgan maydonlarni tiklash bo‘yicha ishchi guruh tuzildi

Hokimlik vakillari tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ishlar yakuniga qadar ularga faoliyatini davom ettirishi uchun boshqa binolar ajratildi.

Foto: Videodan kadr

Joriy yilning 28 iyun kuniga o‘tar kechasi Chorsu bozorining Beruniy va Saqichmon ko‘chalari kesishmasi yaqinida joylashgan do‘konlari va omborlarida yong‘in ro‘y berdi.

Bir necha soat ichida yong‘in lokalizatsiya qilindi, ayni vaqtda, yong‘in oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda, mutaxassislar hodisa sabablarini aniqlamoqda, shuningdek, yetkazilgan zarar miqdorini baholamoqda.

Shahar va tuman hokimliklari vakillari ana shunday sinovlarga duch kelgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, zarar ko‘rgan maydonlarni ta’mirlash, tiklash va ishga tushirish masalalarini samarali va tezkor hal etish maqsadida ishchi guruh tuzilgan.

Ushbu hodisa bozorning umumiy faoliyatiga ta’sir qilmay, u odatiy tarzda ishini davom ettirmoqda.

“Tez orada barcha binolar ta’mirlanib, ularda yanada yaxshi ish sharoitlari yaratiladi. Ishlar yakuniga qadar esa hozirda tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishlari uchun boshqa binolar ajratilgan.

Fursatdan foydalanib, halokatli oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun shahar aholisidan elektr jihozlaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lishlarini so‘raymiz”, deyiladi hokimlik ma’lumotida.

Mavzuga oid