O‘zbekiston | 20:00 / 29.06.2024
20618
13 daqiqa o‘qiladi

Kamaygan abituriyentlar, Jizzaxda ilk elektrokarlar va ob-havo sinovidagi energotizim - hafta dayjesti

Yoshlar orasida oliy ta’limga qiziqish yildan yilga pasayyapti. Jizzaxdagi BYD zavodida ilk elektromobillar tayyor bo‘ldi. AES qurilishi bo‘yicha shartnoma kuchga kirib bo‘lganidan keyin, endi jamoatchilik fikri o‘rganilishi aytildi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Abituriyentlar soni sezilarli kamaydi

O‘zbekistonda oliy ta’lim olishga qiziqish bildirayotgan yoshlar soni yildan yilga kamayyapti. Bu yil oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul uchun jami 894 ming abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Bu o‘tgan yilgi abituriyentlar sonidan 14 foizga, ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan esa 36 foizga kam. Taqqoslash uchun, bu borada rekord o‘rnatilgan 2020 yili 1,5 million yoshlar, ya’ni 2024 yilga qaraganda 66 foizga ko‘p abituriyent o‘qishga hujjat topshirgandi.

Bu raqamlarga qo‘shimcha tarzda, maktab bitiruvchilari va umuman 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni yildan yilga sezilarli oshib borayotganini inobatga olsak, O‘zbekistonda oliy ta’lim olishga qiziqish so‘nyapti deb bemalol deyish mumkin. ChatGPT sun’iy intellektining fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlarda talaba bo‘lishga da’vogar yoshlar sonining kamayishi avvalo iqtisodiy omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bu – oilalarning kontrakt to‘lashga qurbi yetmasligi, mehnat bozoriga ertaroq kirib kelish oliy ta’lim olishdan ko‘ra afzalroq bo‘lib qolishi, ta’lim sifati esa jozibali emasligi kabi omillar bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotlarda iqtisodiy o‘sishning tezlashishi va oliy ta’limga bo‘lgan talabning ortishi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik borligi aniqlangan. Aksincha holatda esa, iqtisodiy o‘sish sekinlashishi natijasida oliy ma’lumotli bo‘lishga qiziqish susayadi, bu esa mamlakatdagi inson kapitalining sifatini tushirib, iqtisodiy o‘sishni battar sekinlashtiruvchi omilga aylanishi mumkin.

Yoshlar kuni arafasida ular uchun yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida yoshlar bilan uchrashib, ular uchun ta’limda yangi imkoniyatlar ochilishi haqida e’lon qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan boshlab oliygohlar qoshidagi 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Hozirda chet elda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlar matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “SAT” imtihonini topshiryapti. Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar xorijdagi eng nufuzli oliygohlarga grant yutyapti. “Endi bunday yoshlarni o‘zimizning oliygohlarga ham grantga qabul qilamiz”, dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, endilikda oliygohlarning 1- va 2-kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi. Texnikumning 1- va 2-yilini yaxshi o‘qigan yoshlarga diplom beriladi va ular o‘qishini oliy ta’limda, 2- yoki 3-kursdan boshlab, kontrakt asosida davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Ishlayotgan yoshlar esa 2 yillik staj to‘plaganidan keyin, ish beruvchining tavsiyasi bilan, oliygohga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bundan tashqari, IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT-park rezidenti maqomi berilib, ular 3 yil muddatga barcha soliqlardan ozod etilishi e’lon qilindi.

Yoz jaziramasi energotizimni sinovdan o‘tkazmoqda

IT, ta’lim va umuman har qanday sohani bazaviy shart-sharoit – elektr energiyasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yozning jazirama quyoshi ostida o‘tgan haftadan trillionlab mablag‘ ajratilayotgan energetika tizimi “5” baho bilan o‘tdi deb bo‘lmaydi. Hatto poytaxt Toshkentning markaziy nuqtalarida ham yana soatlab elektr uzilishlari ro‘y berdi. Va bunday uzilishlar yoz oxirigacha davom etishi ehtimoli yo‘q emas: “O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, iyul oyida va avgust oyining boshida anomal issiq kuzatilishi mumkin.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, payshanba kuni Toshkentda o‘rtacha sutkalik havo harorati ko‘p yillik me’yordan 6 daraja yuqori bo‘lgan, lekin bu hali anomal ko‘rsatkich emas. Temiryo‘lchilar esa bu fikrga qo‘shilmaydi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasining fikricha, respublikamiz hududida “keskin anomal issiq” ob-havo kuzatilmoqda. Bunday sharoitda temiryo‘l relslari qizib ketadi, shu sababli harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar tezligini sekinlashtirishga qaror qilingan. Natijada reyslar qatnov grafigidan kechikishi, poyezdlardagi konditsionerlarning ish quvvati pasayishi mumkin. Xullas, poyezdga chiqadigan bo‘lsangiz, o‘zingiz bilan yelpig‘ich yoki mini-ventilyator oling.

Energetika mavzusiga qaytsak. Tabiiy gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaygani haqida o‘tgan hafta xabar bergan edik. 27 iyun kuni Energetika vazirligi Statistika agentligi bergan bu ma’lumotlarning ayrimlarini rad etib chiqdi. Vazirlikka ko‘ra, may oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaymagan, aksincha, 5,8 foizga oshgan. Shu bilan birga, o‘tgan oyda iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori o‘tgan yilning mayiga qaraganda 5,7 foizga kamaygan. Rasmiy izohga ko‘ra, iste’molning kamayishiga tariflar oshgani, natijada aholi elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishiga o‘tgani sabab bo‘lgan.

Tabiiy gaz qazib chiqarishdagi pasayish esa Qandim gazni qayta ishlash zavodi va Jarquduq gazni kompleks tayyorlash qurilmasidagi rejaviy ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablar bilan izohlandi. Agar bu izohga ishonsak, zavod va qurilmadagi ta’mirlash ishlari tugaganidan keyin, gaz qazib chiqarish yana avvalgi holatiga qaytishi kerak. Jiddiyroq aytganda esa, yillar davomida ortga qaytmasdek ko‘rinish olgan tendensiyani shunchaki 1-2 ta qurilmani ta’mirlab qo‘yish bilangina to‘xtatib bo‘lishiga, albatta, ishonish qiyin.

Gaz qazib olish kamayishi fonida, chorshanba kuni O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda kam quvvatli AES qurish bo‘yicha imzolangan shartnoma kuchga kirdi. Shu kuni Jizzax viloyatidagi tanlangan maydonda “Rosatom” vakillari ishtirokida qurilish ishlarini boshlash uchun shtab tashkil etildi. Bu yerda uzoq yillar davom etadigan qurilish jarayoni uchun, avvaliga zarur infratuzilma va quruvchilar shaharchasi barpo etiladi.

Forish tumanida qurilishi boshlanayotgan AES Markaziy Osiyodagi yagona atom stansiyasi bo‘lmasligi mumkin. Shu hafta jurnalistlar bilan uchrashgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda AES qurish masalasi shu yil kuzda referendumda ovozga qo‘yilishini aytdi. O‘zbekistonda esa referendum bo‘lmasa-da, jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zatom” agentligi direktorining maslahatchisi Qosim To‘xtaxunov ma’lum qildi.

“Referendum masalasiga kelsak... Konstitutsiyamizga ko‘ra, bu masalalar bo‘yicha referendum o‘tkazishga hojat yo‘q, lekin biz tabiiy ravishda joylarda jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazamiz”, – dedi “O‘zatom” rasmiysi.

BYD Uzbekistan'ning ilk elektromobillari tayyor

Jizzaxdagi BYD Uzbekistan zavodida yig‘ilgan elektromobillarning eng birinchilari xaridorlarga yetkazib berishga tayyor. 27 iyun kuni bu viloyatga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Chazor va Song Plus Champion rusumli ilk elektromobillarda dastxat qoldirdi. Shu yerda davlat rahbariga mahalliylashtirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, loyihaning hozirgi birinchi bosqichida zavod yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. So‘nggi uchinchi bosqichda bu ko‘rsatkichni yarim milliontaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Butlovchi qismlarni mahalliylashtirish ishlari bamper, oyna, lak-buyoq, plastik qismlardan boshlanishi kutilyapti. Keyinchalik elektromobilning asosiy qismi bo‘lmish akkumulyator va elektr dvigatel, alyuminiy qismlar, shinalar va o‘rindiqlarni ham o‘zimizda ishlab chiqarishga o‘tilishi aytilmoqda.

Xitoylik investorlarning BYD importini cheklash bo‘yicha yo‘llagan so‘roviga O‘zbekiston hukumatining javobi qanday bo‘lishi hozircha ma’lum emas. Avvalroq bu borada 1 iyulgacha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan edi. Bu holatda cheklovning notarif xarakterda bo‘lishi ehtimoli, qolaversa, gap faqat BYD brendi ostidagi avtomobillar haqida ketayotganidan kelib chiqilsa, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik ham bu cheklovga qarshi chora bo‘la olmaydi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Qonunchilik palatasi chet el fuqarolarini nomaqbul deb topuvchi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, chet el fuqarolari O‘zbekistonning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi, adovat qo‘zg‘atuvchi, xalq sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini kamsituvchi nutq va harakatlari uchun O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi, agar mamlakatda bo‘lsa, deportatsiya qilinadi. Uchta o‘qishdan o‘tgan hujjat Senatga yuborildi.

Hovli uylardan iborat mahallalarda servis kompaniyalari tashkil etiladigan bo‘ldi. Prezident huzuridagi taqdimotda aytilishicha, servis kompaniyalari tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etiladi. Ular ko‘chalar va ariqlarni obodonlashtiradi, ko‘chat ekib, parvarishlaydi, shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ko‘rsatadi. Servis kompaniyalarini yollash uchun mahallalarga har oyda 20 mln so‘mdan mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.

Farg‘onada Lacetti'ning gazballoni portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Voqea Rishton tumanida 27 iyun kuni ro‘y bergan. 52 yoshli haydovchi mashinasini tuman markazidagi dehqon bozori hududiga to‘xtatib, bozorga kirib ketgan vaqtida, mashinaga o‘rnatilgan gazballon portlab ketgan. Oqibatda shu atrofda bo‘lgan fuqarolardan biri jarohatlanib, tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Mening bog‘im” loyihasida yashil jamoat bog‘larini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarga ovoz berish boshlandi. O‘zbekistonliklar 6 iyul soat 10:00 gacha “Ochiq budjet” portalidagi 738 ta tashabbusdan birini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Eng ko‘p ovoz to‘plagan 200 dan ortiq tashabbus g‘olib deb topiladi va ko‘rsatilgan manzilda yashil bog‘ tashkil etish ishlari boshlanadi. Bu yilgi birinchi mavsumda loyihaga jami 52 mlrd so‘m, har bir g‘olib tashabbusga esa 250 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilgan.

Og‘ir sharoitga tushib qolgan muhtoj qizlar vaqtinchalik bepul uy bilan ta’minlanadi. Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qilishicha, og‘ir sharoitga tushib qolgan, uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Qizlar ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar, bu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, 3 yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Bekobodda ichki ishlar binosidagi o‘lim holati bo‘yicha bir xodim qamoqqa olindi. Gumondorning shaxsi va lavozimi ochiqlanmayapti, jami necha nafar ichki ishlar xodimi tergovga jalb etilgani ham ma’lum emas. Marhumning akasi Kun.uz bilan suhbatda ukasini ichki ishlar xodimlari 5-6 kishi bo‘lib do‘pposlaganini aytdi. Hafta davomida, shuningdek, Farg‘onada sog‘lom odam ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgani ham faollarning xavotiriga sabab bo‘ldi. Holat uchun shifokorga hayfsan berilgan.

Mavzuga oid