O‘zbekiston | 17:38 / 17.07.2024
4491
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘lim jazosi jinoyatlarni kamaytirmaydi” - faollar bilan suhbat

Har gal biror mudhish jinoyat ro‘y berganida, jamiyatda zo‘ravonlik darajasi oshib ketayotgani, o‘lim jazosini tiklash kerakligi haqidagi mulohazalar ko‘payadi. Aslida esa, hozir internet rivoji bilan jamiyat zo‘ravonliklar haqida avvalgidan ko‘proq xabar topmoqda. O‘lim jazosi esa, shubhasiz, jinoyatchilikni kamaytirmaydi va begunoh insonlarning qatliga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘tgan hafta 3 yoshli bolaga 12 marta pichoq sanchilib, o‘ldirilgani voqeasi ko‘pchilikni larzaga soldi. Parlament quyi palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov voqeaga munosabat bildirib, bunday jinoyatni qilganlar yashamasligi kerakligini ta’kidladi. Spikerning boshqa bir o‘rinbosari Odiljon Tojiyev esa Qodirovning o‘lim jazosiga qilayotgan shamasini noto‘g‘ri deya atab, davlat o‘zi bermagan hayotni olishga ham haqqi yo‘qligini bildirdi.

Kun.uz muxbiri bu borada inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov va O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan suhbatlashdi. Ularning fikricha, avvalo, jamiyatimiz qo‘pollashib bormoqda, lekin bu yangi tendensiya emas. Bu avval ham bo‘lgan, biroq media orqali bu kabi xabarlardan voqif bo‘lish deyarli imkonsiz edi.

Tashanovga ko‘ra, 90-yillarda ham xuddi shunday depression kayfiyat hukm surgan. Qudratxo‘ja esa buni “o‘tish davri” deya atadi va O‘zbekistonda bu davr nihoyatda cho‘zilganini urg‘uladi.

“Ko‘p yillar so‘z erkinligi, “yomon xabarlar” bo‘lmadi, “jannatdan xabarlar” bilan yashadik. Bugun esa bizni eshitayotgan xabarlarimiz larzaga keltiryapti. Lekin shunday voqealar 90-yillarda ham, 2000-yillarda ham bo‘lgan”, – deydi Qudratxo‘ja.

Kun tartibiga chiqqan mavzu – o‘lim jazosining qo‘llanishiga esa ikki suhbatdosh ham qat’iy qarshi ekanini ma’lum qildi. Inson huquqlari faoli Tashanovning fikricha, Qodirovdek shaxslar, siyosiy partiyaning liderlari bunday gaplarni gapirmasligi kerak.

Alisher Qodirovning gaplariga qaytsak, umuman faktlarga asoslanmagan fikr bo‘ldi. Menimcha, janob Qodirov hozir saylovoldi depressiyada bo‘lsa kerak. Chunki siyosiy partiyaning, bo‘lib ham “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining rahbaridan bunday gap chiqmasligi kerak edi. Oddiy odam, oddiy mutaxassis bunday gapirsa, tushunishimiz mumkin, lekin bevosita ertaga hukumatga kelib qolishi mumkin bo‘lgan siyosiy liderdan bunaqa gaplar chiqishi – to‘g‘ri emas”, – deydi Tashanov.

Bugun dunyoning 56 davlatida o‘lim jazosi amal qiladi. AQSh, Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Eron, Belarus kabilar ham shular jumlasidan. Lekin ularning aksariyatida oliy jazoni qo‘llashga yo moratoriy qo‘yilgan, yoki deyarli qo‘llanmayapti.

Shunisi aniqki, o‘lim jazosining bo‘lishi jinoyatlarni kamaytirmaydi. Abdurahmon Tashanov buni burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqish deb ta’riflaydi.

O‘zbeklarda bir gap bor: burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqma. Burgani tutolmaydi-da, butunlay ko‘rpani yoqib yuboradi. Ya’ni o‘lim jazosi ham jinoyatlarni kamaytirmaydi. Masalan, Hindiston dedingiz, odam o‘g‘irlashga Hindistonda o‘lim jazosi beriladi. Lekin odam o‘g‘irlash bo‘yicha bu davlat haliyam birinchi o‘rinda turibdi. Yoki bo‘lmasa, Xitoyda pedofiliyaga o‘lim beriladi, Xitoyda bu jinoyatchilik haliyam avjida”, – deydi “Ezgulik” jamiyati rahbari.

Suhbatdoshlar, shuningdek, o‘lim jazosining qaytarilishi – jamiyat uchun xavf bo‘lishi, begunoh odamlar ham o‘lib ketishi mumkinligini alohida ta’kidladi.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid