25 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
200 kilovatt-soatlik ijtimoiy norma ustidan arizani rad etgan Oliy sud, yarim foizga pasaygan asosiy stavka, Qoraqalpog‘iston va Toshkentdagi ayanchli avtohalokatlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Yarim yilda 6,5 mlrd dollar o‘tkazma
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning ma’lum qilishicha, 2024 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari miqdori prognozdan ikki barobar ko‘p – 6,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu mehnat migratsiyasi geografiyasining diversifikatsiyasi davom etayotganidan darak beradi.
“AQShdan keladigan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga qaraganda 43 foizga, Germaniyadan pul o‘tkazmalari 64 foizga, Polshadan keladigan pul o‘tkazmalari qariyb 2 baravarga, Janubiy Koreyadan pul o‘tkazmalari 1,9 barobarga o‘sdi”, – degan Nurmurodov.
Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari ulushi 77 foizni tashkil etgan, ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 82 foiz bo‘lgan. Pul o‘tkazmalari tarkibida Qozog‘iston, AQSh va Janubiy Koreyadan kelayotgan mablag‘lar ham salmoqli o‘ringa ega.
Shuningdek, oltinsiz eksportning ko‘payishi va importning muvozanatlashuvi bilan, so‘mning ayirboshlash kursi barqarorlashgan.
Shu va boshqa omillar sabab Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, 13,5 foiz deb belgilagan.
Ajralishlar soni kamaymoqda
O‘zbekistonda o‘tgan 6 oyda 22 467 ta oilaviy ajrim qayd etilib, 2023 yilning shu davriga nisbatan 11,6 foizga kamayishiga erishildi.
Bu haqda AOKAda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
O‘tgan davrda 127 ming 274 nafar xotin-qizlar, shundan, 89 ming 128 nafari kasb-hunarga, 38 ming 146 nafari tadbirkorlikka o‘qitildi.
138 ming 486 nafar xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga, shuningdek, hududiy va tarmoq investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar hisobiga yaratilgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi
Oliy ta’limning talabalari orasida xotin-qizlarning ulushi 50,1 foizga yetdi.
Xotin-qizlarning oliy ta’limni olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishlarida ularga ko‘maklashish maqsadida ehtiyojmand oilalarning 18 ming 481 nafar, kamida besh yil mehnat stajiga ega oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, 4 ming 587 nafar xotin-qizlarga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.
Oliy sud 200 kWh limit bo‘yicha shikoyatni qabul qilmadi
Samarqandlik fuqaro Mardon Subhanov Oliy sudga murojaat qilib, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan va 2024 yil 1 maydan kuchga kirgan ijtimoiy normani haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Biroq Oliy sud sudyasining 19 iyundagi ajrimi bilan, arizani ish yuritishga qabul qilish rad etilgan. Sudyaning izohlashicha, fuqaroning arzi ma’muriy sudga ham, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ham, iqtisodiy sudga ham taalluqli emas. Shu sababdan arizani ish yuritishga qabul qilish rad etilgan.
23 iyul kuni Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ushbu ajrim ustidan Subhanovning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.
Vazirlar Mahkamasi vakili o‘z nutqida bir necha sabablarni keltirib, 19 iyundagi ajrimni o‘zgarishsiz, keltirgan apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni so‘radi. Xuddi shunday, prokuror ham bu ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishni so‘radi.
Yakunda, apellyatsiya hay’ati 19 iyundagi ajrimni bekor qilishga asoslar yo‘q deb topdi va uni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hukumat qaroriga Konstitutsiyaviy sud baho beradi.
Ayanchli avtohalokatlar
Yo‘llarda belgilangan tezlik rejimiga rioya qilmaslik ayanchli avtohalokatlarga, insonlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida Lacetti yo‘lning qarama-qarshi tomonidan kelayotgan Cobalt bilan to‘qnashdi. YTH oqibatda 2 haydovchi va 1 yo‘lovchi voqea joyida, 5 kishi shifoxonada vafot etgan.
22 iyul kuni sodir bo‘lgan avtohalokatda 30 yoshli haydovchi Lacetti mashinasini boshqarib borayotib boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda Lacetti yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, Cobalt bilan to‘qnashgan. To‘qnashuvdan so‘ng Cobalt mashinasida yong‘in ham kelib chiqqan.
Toshkent shahrida Lacetti’ning beton ustunga urilishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi.
Shahrisabz ko‘chasida yuz bergan YTHda 2005 yilda tug‘ilgan haydovchi va 2006 yilda tug‘ilgan yo‘lovchi olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgan. Mashina ichida bo‘lgan 2005 va 2006 yilda tug‘ilgan yana 3 nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Samarqandda muhim sammit bo‘lib o‘tadi
Samarqand shahrida 2025 yilda "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" oliy darajadagi sammiti bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turg‘unov va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Josim al-Budayviy bo‘lajak qo‘shma tadbirlar kun tartibini muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida bo‘lajak tadbirlarga, jumladan, 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqotining ikkinchi oliy darajadagi sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va Bosh kotibiyat bilan mamlakat o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mavzuga oid
20:43 / 08.11.2024
8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:04 / 07.11.2024
7 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:35 / 06.11.2024
6 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:18 / 05.11.2024