O‘zbekiston | 14:59 / 27.07.2024
50944
2 daqiqa o‘qiladi

Imtihonda antiqa hodisa: abituriyentga tez yordam xodimi orqali telefon kiritildi

17 iyul kuni Toshkent shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida test topshirayotgan abituriyentning kutilmaganda “sog‘ligi yomonlashadi” va tez tibbiy yordam chaqiriladi. Tibbiy ko‘riklardan so‘ng “ahvoli yaxshilangan” abituriyent imtihonga qaytib kiradi. Oradan biroz vaqt o‘tib, nazoratchilar unda telefon paydo bo‘lib qolganini aniqlashadi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz manbasining xabar qilishicha, 17 iyul kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan “Yoshlik” sport majmuasida o‘tayotgan test vaqtida abituriyentlardan birining ahvoli yomonlashgan. Unga yordam ko‘rsatish uchun tez yordam xodimlari yetib kelgan va tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ahvoli yaxshilangach, abituriyent test jarayoniga qaytgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, nazoratchilar abituriyentda telefon borligini aniqlashadi va tegishli dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi..

Bilimlarni baholash agentligi ushbu holat haqiqatan ham sodir bo‘lganini Kun.uz’ga tasdiqladi.

Holat bo‘yicha Shayxontohur tuman tez tibbiy yordam bo‘limi qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, xodim o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan, bo‘lim boshlig‘iga hayfsan e’lon qilingan.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Shayxontohur tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid