Erdo‘g‘anning Isroilga tahdidi, Livanga hujumga tayyorlanayotgan Isroil va Malida o‘ldirilgan vagnerchilar - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil armiyasining Xon Yunusga bergan aviazarbasi tufayli 13 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ko‘plab insonlar yarador bo‘lgan.
Isroil aviatsiyasi G‘azo sektorida o‘zlari tomonidan xavfsiz zona deb e’lon qilingan Xon Yunusdagi turar joy binolaridan biriga “havo-yer” tipidagi raketa bilan zarba bergan.
G‘azo fuqaro mudofaasining xabariga ko‘ra, o‘lganlarning aksariyati yosh bolalar. Falastin aktivistlari ijtimoiy tarmoqlarga zarba oqibatlari tasvirlarini joylashtirishgan.
Isroil shuningdek, Xon Yunusdagi As-Sikka tumaniga ham zarba bergan. 3 kishi halok bo‘lgan.
7 oktyabrdan G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 39 ming 324 kishiga yetdi. Ularning 16 ming 172 nafari yosh bolalar va 10 ming 798 nafari ayollar. 90 ming 830 kishi yarador bo‘lgan.
Vayronalar ostida minglab insonlarning jasadlari olinmasdan qolmoqda. Chunki vayronalarni tozalashning imkoni bo‘lmayapti.
Shuningdek, Isroil shu paytgacha G‘azodagi 400 dan ziyod maktab va universitetlarni bombalagani ma’lum qilinmoqda. Uylari vayron bo‘lgan insonlar asosan mana shunday ijtimoiy obektlarni boshpana qilishayotgan edi.
Isroilning xunrezliklariga chiday olmayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilga bostirib kira olishi mumkinligini bildirdi.
“Biz Qorabog‘ga, Liviyaga kirganimiz kabi, Isroil bilan ham shu ishni qila olamiz. Imkonsiz ishning o‘zi yo‘q. Bunday ishlarni amalga oshirishimiz uchun biz yanada kuchliroq bo‘lishimiz talab etiladi”, degan.
Bunga javoban Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats Erdo‘g‘anni Saddam Hussayn taqdiri kutayotgani bilan tahdid qilgan:
“Erdo‘g‘an Saddam Hussayn izidan borib, Isroilga tahdid qilmoqda. Nimalar bo‘lgani va hammasi nima bilan tugaganini unutmaslik kerak”, - degan Isroil Kats.
Isroil-Livan urushi
Isroil o‘zi okkupatsiya qilgan, asli Suriyaga tegishli bo‘lgan Jo‘lan tepaliklaridagi Majd ush-Shams shaharchasidagi stadionga shanba kuni raketa kelib tushgach, yaqin soatlar ichida Livanga hujum qilishni rejalashtirmoqda.
Isroil raketani Livanning “Hizbulloh” guruhi uchirdi, degan fikrda. “Hizbulloh” esa zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmayapti.
Hujum natijasida 13 kishi, jumladan yosh bolalar halok bo‘lgan va 35 kishi yaralangan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu borada hukumatning asosiy vazirlari ishtirokida majlis chaqirgan.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa Livanga ultimatum qo‘ygan.
«Shanba kuni qirg‘in “Hizbulloh” tomonidan barcha qizil chiziqlarni bosib o‘tish hisoblanadi. Bu boshqa armiya bilan urushayotgan armiya emas, ular ko‘proq tinch aholi hujum qilayotgan terrorchilik tashkilotidir”, - degan Isroil tashqi ishlar vazirligi spikeri Oren Marmorshteyn.
U hujum uchun to‘liq javobgarlikni Eronga va Tehron tomonidan qo‘llab kelinayotgan “Hizbulloh”, HAMAS va “Ansorulloh” zimmasiga yuklagan, shuningdek, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusini terrorchilik tashkiloti, deb topib, unga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga chaqirgan.
O‘z navbatida “Hizbulloh” agar Isroil Livanga hujum qiladigan bo‘lsa Isroilga qarata uzoq masofalarga ucha oladigan raketalar bilan hujum qilishini bildirgan. Eron ham Isroilni Livanga hujum qilishdan hazir bo‘lish haqida ogohlantirgan.
Rivojlangan davlatlar diplomatlari Isroilning Livanga javob zarbasi “muqarrar” ekanini tan olishgan, hozir ular Isroilni yirik shaharlar, jumladan Bayrutga zarba berishdan qaytarish ustida ish olib borishmoqda.
Isroil esa og‘ir texnikalarni Livan bilan chegaralarga ko‘chirmoqda.
Hizbulloh Isroilning ehtimolli hujumi yuz berishi fonida Livan janubidagi pozitsiyalarini tark etayotgani ma’lum qilinmoqda.
Venesueladagi saylovlar
Venesuelada prezidentlik saylovi uchun ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. So‘rovlarda muxolifat yetakchisi Edmundo Gonsales Urrutia yetakchilik qilayotgani haqida xabar berilganiga qaramasdan, mamlakatning avtoritar hukmdori Nikolas Maduro 51 foiz saylovchilarning ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.
So‘rovlar va ekzet-pollar mamlakat hukmdori, uchinchi olti yillik muddatga da’vogarlik qilayotgan Nikolas Maduroning mag‘lubiyatini bashorat qilayotgan edi.
Uning davrida bir paytlar Janubiy Amerikadagi eng yirik neft qazib oluvchi mamlakat bo‘lgan Venesuela iqtisodiyoti giperinflatsiyaga tushib qoldi va yetti millionga yaqin odam, ya’ni har to‘rt fuqarodan biri mamlakatni tark etdi. Maduro rejimi zo‘ravon repressiyalar orqali muxolifat va fuqarolik jamiyatini bostirib keladi.
Maduro, agar u saylovda mag‘lub bo‘lsa, mamlakatda «qon to‘kilishi» boshlanishi bilan tahdid qilgan.
Biroq Markaziy saylov komissiyasining tarqatgan xabarlariga ko‘ra, Maduro o‘z lavozimida qolishi uchun yetarli ko‘rsatkich — 51 foiz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan, Urrutia 44 foiz ovoz to‘plagan.
AQShdagi saylovlar oldidan
Bloomberg nashri xabariga ko‘ra, demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Harris jamoasi vitse-prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatini ko‘rib chiqmoqda. Xarris 7 avgustgacha o‘z nomzodini tanlashi kutilmoqda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Harrisning potensial nomzodlar ro‘yxatiga Arizonadan senator va sobiq astronavt Mark Kelli, Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro va Minnesota gubernatori Tim Uolz kiradi.
Nashrga ko‘ra, Xarris ro‘yxatidagi nomzodlarning aksariyati «markaziy qarashlarga ega oq tanlilar» bo‘lib, ular ikkilanayotgan shtatlardagi saylovchilar, taniqli tadbirkorlar va donorlar ovozini jalb qilishga yordam beradi.
Bundan tashqari, qisqa ro‘yxatdagi amaldorlar «Tramp va uning otashin siyosiy uslubiga hujum qilish tajribasi»ga ega. Kamala Harrisning bo‘lajak ittifoqchisi unga «kampaniyani o‘tkazishda va uning nomidan pul yig‘ishda yordam beradi, kuchli tomonlarini to‘ldiradi va zaif tomonlarini qoplaydi», deb ta’kidlaydi Bloomberg.
Malida o‘ldirilgan “vagner”chilar
Yevgeniy Prigojin asos solgan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga Afrikaning Mali davlatida tuareg isyonchilari hujum qilgan o‘nlab yollanma jangarilar o‘ldirilgan.
Voqea Mali shimolida ro‘y bergan. Jazoir bilan chegara yaqinida Mali hukumat qo‘shinlari va ittifoqdosh «Vagner» yollanma askarlaridan iborat kolonna tuareglar ustunlik qiladigan qurolli guruhlar koalitsiyasi bilan jangda rus jangarilari mag‘lub bo‘lishgan.
Associated Press tomonidan tarqatilayogan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kunlik jang natijasida tuareglar Mali armiyasi va rus yollanma askarlari kolonnasini «mag‘lubiyatga uchratishgan», gap «o‘nlab» halok bo‘lganlar va yaralanganlar haqida ketyapti.
Ayrim Rossiya yollanma askarlari va Mali askarlari qochib ketishgan, boshqalari taslim bo‘lishgan.
Avvalroq Mali armiyasi isyonchilar hujumida ikki askar halok bo‘lgani va 10 nafari yaralangani haqida bayonot tarqatgan edi. Shu bilan birga, rossiyalik Z-blogerlar Afrikada harbiy muxbir va «Vagner» XHK bilan bog‘liq bo‘lgan Grey Zone Telegram-kanali muallifining o‘limi haqida yozishmoqda.
Olimpiadadan quvilgan jurnalistlar
Parijda o‘tayotgan yozgi olimpiadadan TASS jurnalistlari quvib yuborildi.
Olimpiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Rossiyaning TASS davlat agentligining to‘rt nafar jurnalistiga berilgan akkreditatsiyani qaytarib olgan. Bu haqda TASSning o‘zi xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, bunga Fransiya hokimiyatining Fransiya ichki xavfsizlik Kodeksiga havola qilinayotgan qarori asos bo‘lgan.
Avvalroq Olimpiada o‘yinlariga Rossiyaning RIA Novosti agentligining besh nafar xodimi qo‘yilmagan edi. Parijdagilar Rossiya davlat OAVlari xodimlariga ularni josuslikda gumon qilib akkreditatsiya bermasligini bildirgan.
Mavzuga oid
14:38
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024