Jahon | 13:44 / 30.07.2024
5617
10 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy sohildagi reydlar, Rossiya pasporti uchun 2 yillik xizmat va Baydenning yangi tashabbusi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil okkupatsion qo‘shinlari Falastinning bosib olingan G‘arbiy sohildagi qismida joylashgan Bayt-ul Lahm shahridagi Ad-Dahiysh qochqinlar lagerida reyd o‘tkazgan. Guvohlarning aytishicha, butun bir oilalar hibsga olingan.

Bosqin chog‘ida yahudiy askarlari jangovar patronlar va ko‘zdan yosh oqizuvvchi gazlardan foydalanishgan.

Isroil okkupatsion kuchlari Al-Xalil, Turkarim va Ramalloh shaharlariga ham kirgani ma’lum qilinmoqda.

2023 yilning 7 oktbyarida Isroil G‘azo sektorida agressiya boshlagach, G‘arbiy sohil hamda Sharqiy Quddusda ham ushlash, reyd va bosqinlar soni oshib bormoqda. New York Times nashriga ko‘ra, Isroildagi Sde-Teyma harbiy bazasida minglab falastinliklar noinsoniy qiynoqlarga duchor qilingancha ushlab turilgan.

7 oktyabrdan buyon G‘arbiy sohilda 143 nafar bola Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.

Gazodagi urush qurbonlari soni esa 39 ming 363 nafarga yetgan. So‘nggi bir sutka ichida 39 kishi o‘ldirilgan, 93 kishi yaralangan. 7 oktyabrdan buyon yarador qilinganlarning soni 90 ming 923 kishiga yetgan. To‘xtash bilmayotgan zulm tufayli g‘azoliklar hattoki qabristonlarda yashashga majbur bo‘lishmoqda.

Isroilning Livanga tahdidi

Isroil harbiy havo kuchlari Livanning janubini bombalagani xabar qilinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Hizbulloh”ning chegaraga yaqin pozitsiyalari o‘qqa tutilgan. Ammo na Isroil tomoni, na Livan tomoni bu borada aniq bayonot bergan.

Isroilning Livanga kutilayotgan hujumidan tahdid tufayli Livan poytaxti Bayrut shahrining Rafiq Haririy nomidagi xalqaro aeroportida parvozlar to‘xtatilgan.

Aeroport saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Bayrutdan dunyoning turli nuqtalariga borish va kelish mo‘ljallangan barcha reyslar “bekor qilingan” yoki “kechiktirilgan” reyslar kabi belgilangan.

Reyslarni bekor qilish yoki kechiktirish Isroil armiyasining Livanga hujumi tahdidi tufayli ertalabgacha davom etishi xabar qilingan. Bu xabar yozilayotgan chog‘da Bayrut aeroporti faoliyatini sekin-asta tiklangan.

Bir qator davlatlar Isroil hujumi xavfi tufayli o‘z fuqarolarini Livanni zudlik bilan tark etishga chaqirgan.

Bu orada Isroil tanklar va og‘ir texnikalarini Livan bilan chegaraga jo‘natmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Jo‘lan tepaliklariga berilgan zarbaga “qat’iy javob” berilishini e’lon qilgan.

Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich o‘z nutqida janubiy Livanni “qayta okkupatsiya” qilishga chaqirgan. U 1980 yillarda Livandagi fuqarolik urushi davrida Isroilning Livan hududlarini okkupatsiya qilganiga ishora qilgan.

Isroil droni dushanba kuni Livan janubidagi transport vositasiga zarba bergan.

Livanning “Hizbulloh” harakati “yuqori aniqlikdagi aqlli raketalar”ni Isroil bilan chegaraga ko‘chira boshlagan. Harakat vakillaridan birining Associated Pressʼga ma’lum qilishicha, “Hizbulloh” Isroil bilan keng ko‘lamli urushni istamaydi, biroq agressiya boshlansa cheklovlarsiz urushishni boshlaydi. Isroil baholashlariga ko‘ra, “Hizbulloh” 150 mingdan ortiq raketalarga ega.

RF pasporti uchun harbiy xizmat

Rossiyaning yangi fuqarolari boshqalarga nisbatan ikki barobar ko‘proq harbiy xizmat qilishiga to‘g‘ri keladi. Rossiya Davlat dumasi Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar uchun armiyada xizmat qilish muddatini uzaytirish taklifini o‘rtaga tashladi.

Shuningdek, Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritgan chet elliklar uchun ham armiyaga chaqiriq yoshi oshiriladigan bo‘ldi, hozircha bu qarorning detallari oshkor qilinmayapti.

Bundan tashqari, Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan chet el fuqarolarini majburiy harbiy hisobga qo‘yishni tasdiqlamoqchi.

Bu yangi tashabbuslarni RF Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin o‘rtaga tashlagan.

Avvalroq, Vyacheslav Volodin migratsiyani tartibga solish sohasida 25 ta qonun loyihasi tayyorlab qo‘yilgani va ular ko‘rib chiqish uchun navbat kutayotganini ta’kidlagan edi. Volodin bu mavzu ayni paytda eng ustuvor mavzulardan biri sanalishini ta’kidlagan.

2008 yildan buyon Rossiyada fuqarolar uchun armiyada majburiy muddatli xizmat ikki yildan bir yilga qisqartirilgan edi.

Rossiyada poyezd ag‘nadi

Rossiyaning Volgograd oblastida yo‘lovchi poyezdning sakkiz vagoni relsdan chiqib, ag‘nab ketgan, o‘nlab kishilar jarohatlangan. To‘qnashuvga “Kamaz” yuk mashinasining poyezdga kelib urilishi sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, haydovchi signalizatsiya ishlayotganiga qaramasdan temiryo‘l kesishmasiga yaqinlashib qolgan, Qozon—Adler yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdning oldiga chiqib ketgan. Haydovchi tirik qolgan va daraxtlar to‘sgani tufayli poyezdni ko‘rmay qolganini aytgan.

TASS xabariga ko‘ra, besh kishi «qoniqarli» ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. «Interfaks» ma’lumotlariga ko‘ra, 800 kishini mindirib kelayotgan poyezdning 100 ga yaqin yo‘lovchisi tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan.

Keyinroq Rossiya temiryo‘llari to‘qnashuv oqibatida 150 kishi jarohatlangani, shundan 16 kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Shifoxonaga yotqizilganlardan 13 nafari katta yoshli yo‘lovchilar, bir nafari yosh bola, yana ikki nafari bort kuzatuvchilari. Yana 140 nafarga yaqin kishida yengil tilinish va ko‘karishlar qayd etilgan.

Yuk mashinasi haydovchisi ham shifoxonaga yotqizilgan.

Venesueladagi saylovlar

Lotin Amerikasining to‘qqiz davlati Venesueladagi saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Ular «ovozlarni sanab chiqish shaffof bo‘lishi va natijalar shubha tug‘dirmasligi kerak»ligini ta’kidlamoqda.

Ushbu qo‘shma deklaratsiya Venesueladagi vaziyatdan ortib borayotgan xavotirni va qayd etilgan mamlakatlarning Venesuela hukumati tomonidan fuqarolarning irodasini hurmat qilishini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish niyatlarini aks ettirish uchun mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Venesuela Milliy saylov kengashi amaldagi prezident Nikolas Maduro saylovda g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. Maduroni Putin, Lukashenko va Pizishkiyon g‘alaba bilan tabriklashga ham ulgurgan.

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado so‘zlariga ko‘ra, saylovda Maduroning asosiy raqibi Edmundo Gonsales Urrutia g‘alaba qozongan.

«Venesuelada yangi prezident bor va bu Edmundo Gonsales Urrutia. Biz g‘alaba qozondik va buni butun dunyo biladi. Yaqin kunlarda haqiqat va milliy suverenitet himoyasi uchun xatti-harakatlar e’lon qilinadi», dedi u jurnalistlarga.

Venesuelada saylov natijalaridan norozi fuqarolar namoyishlarni ham boshlab yuborishgan.

Baydendan yangi tashabbus

Jo Bayden AQSh prezidentlarining jinoiy ta’qib qilinishdan «immuniteti»ni cheklashni taklif qildi. Xususan, u prezidentlarning federal ta’qibdan daxlsizlik huquqiga ega emasligini aniq ko‘rsatuvchi o‘zgartirishni Konstitutsiyaga kiritishni taklif etmoqchi.

Avvalroq, 1 iyul kuni Donald Tramp ishi bo‘yicha Oliy sud prezidentlar «rasmiy lavozimdagi xatti-harakatlari» uchun jinoiy javobgarlikka tortilishdan daxlsizlikka egaligini tasdiqlagan edi. Bayden ushbu me’yorni o‘zgartirish tarafdori ekanini aytdi.

«Hozir sodir bo‘layotgan voqealar oddiy hol emas va bu sud qarorlariga, shu jumladan shaxsiy erkinliklarga ta’sir qiladigan qarorlarga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi», degan Bayden.

Shuningdek, Bayden AQShda hech kim qonundan ustun emasligini qo‘shimcha qilgan:

«Millat oddiy, ammo jiddiy tamoyil asosida shakllangan: hech kim qonundan ustun emas. AQSh prezidenti ham, Oliy sud sudyasi ham. Ammo Oliy sudning 1 iyuldagi prezidentlarga o‘z lavozimida sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishdan keng immunitet berish haqidagi qarori davlat rahbari xatti-harakatlariga hech qanday cheklovlar yo‘qligini anglatadi, bu faqat Oq uy rahbari o‘zi belgilaydigan cheklovlar bo‘ladi».

Politico nashriga ko‘ra, Bayden taklif qilgan choralar Kongress tomonidan ma’qullanishi kerak va kongressmenlar tomonidan bu taklifni qabul qilish imkoniyati kam. Agar demokratlar saylovdan keyin ikkala palatani nazorat qilsalar ham, ular Senatda to‘siqni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan 60 ovozni to‘plashi dargumon.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish esa yanada murakkab jarayon bo‘lib, Kongress ikkala palatasining 2/3 qismi yoki shtatlarning 2/3 qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan konvensiyani, shuningdek, shtat qonun chiqaruvchi organlarining 3/4 qismi tomonidan tasdiqlanishini talab qiladi.

Mavzuga oid