Jahon | 20:42 / 31.07.2024
23507
9 daqiqa o‘qiladi

Hamasning o‘ldirilgan yetakchisi Ismoil Haniya haqida nimalar ma’lum?

Ismoil Haniya G‘azodagi Falastin muxtoriyati hukumati bosh vaziri bo‘lgan, so‘nggi yillarda Hamas harakatining siyosiy byurosini boshqargan.

Foto: EPA

So‘nggi yillarda u Qatarda yashab kelardi va anchadan buyon G‘azo sektorida bo‘lmagan.

62 yoshli Ismoil Haniya 2017 yilda Hamas siyosiy byurosi rahbarligiga saylangan, u bu lavozimda Xolid Mashal o‘rnini egallagan, ammo u ilk bor 2006 yilda Hamas kutilmaganda G‘azodagi saylovlarda g‘alaba qozongach, Falastin muxtoriyati bosh vaziri bo‘lganida tanilgandi.

Haniya 1962 yilda G‘azo shahridan g‘arbdagi qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Uning ota-onasi 1948 yilda arab-isroil urushi vaqtida hozirgi Ashkelon shahri atrofida bo‘lgan uyini tark etgandi.

U G‘azodagi Islom universitetida arab adabiyotini o‘rgangan va shu yerda islom harakatiga a’zo bo‘lgan.

Haniya universitetni 1987 yilda tamomlagan, birinchi intifadada qatnashgan va shundan ko‘p vaqt o‘tmay namoyishlardagi ishtiroki uchun Isroil hukumati tomonidan hibsga olingan. U o‘shanda qisqa muddatga qamaladi.

1988 yilda, Hamas G‘azoda «asosiy qarshilik harakati» sifatida yetakchi pozitsiyani egallaganida uni yana hibsga olishadi va olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etishadi.

Keyingi yili Haniya yana hibsga olinadi va uch yilga qamaladi.

1992 yilda ozodlikka chiqqanidan keyin Haniya Hamasning yuqori martabali yetakchilari Abdul Aziz al-Rantisiy, Mahmud al-Zahar va guruhning boshqa 400 dan ortiq a’zolari bilan birgalikda Marj az-Zuhur lageriga deport qilinadi — u Isroil va Livan chegarasidagi mazkur betaraf hududda yana bir yilni o‘tkazadi.

Haniya 1993 yil dekabrida G‘azoga qaytadi va Islom universitetida dekan lavozimini egallaydi.

Haniya Hamasning 2004 yilda o‘ldirilgan yetakchisi Abdul Aziz Rantisiyning dafn marosimidan keyingi mitingda. Bundan taxminan bir oy oldin harakat asoschisi va diniy rahnamosi shayx Ahmad Yosin ham xuddi shunday uslubda, aviazarba orqali o‘ldirilgandi.

1997 yilda Haniya Hamas harakati diniy rahnamosi, shayx Ahmad Yosinning kotibi va o‘ng qo‘li bo‘ladi, bu uning pozitsiyasini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

2003 yil sentabrida Haniya va Ahmad Yosin isroilliklarning G‘azo shahridagi turar joy binosiga yo‘llagan aviazarbasi oqibatida yengil tan jarohati oladi.

Yarim yil o‘tib Ahmad Yosin isroilliklar zarbasi qurboniga aylanadi, zarba u masjiddan bomdod namozini o‘qib chiqqan mahalda berilgandi.

Haniya 2006 yilgi Falastin muxtoriyatidagi saylovlarda Hamas kampaniyasi rahbari bo‘ladi. Saylovda harakat nomzodlari Falastin qonunchilik kengashidagi 132 o‘rindan 76 tasini egallaydi.

Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos Hamasga birgalikda yangi hukumat shakllantirishni so‘rab murojaat qiladi.

Ammo sobiq hukmron Fath harakati va boshqa fraksiyalar bilan koalitsiya tuzish bo‘yicha bir hafta davom etgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, Haniya asosan o‘z jamoasi va bir necha texnokratlardan iborat hukumat shakllantirishga majbur bo‘ladi.

2006 yil 16 fevral kuni Hamas Haniyani Falastin muxtoriyati hukumati bosh vaziri etib tayinlaydi va u bir necha kundan keyin lavozimga kirishadi.

O‘z ma’muriyatining kun tartibini bayon qilarkan, Haniya Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqini agar Hamas zo‘ravonlikdan voz kechmasa va Isroilni tan olmasa, Falastin muxtoriyatini moliyalashtirishni to‘xtatish bo‘yicha tahdidlarini bekor qilishga chaqiradi.

U falastinliklar mustaqillik uchun kurashni davom ettirish huquqiga egaligini ta’kidlaydi, shu bilan bir vaqtda mojaroni hal qilish uchun xalqaro vositachilar bilan muzokaralar olib borishni xohlashini ham aytadi.

«Bizning hukumat mintaqada adolatli tinchlikka erishish, okkupatsiyaga barham berish va huquqlarimizni tiklash uchun bor kuchini ayamaydi», — degandi u.

Bir yil o‘tib Haniyaning hukumati Falastin milliy ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos tomonidan tarqatib yuboriladi, ammo Hamas bu qarorni noqonuniy deb e’lon qiladi va kabinet amalda G‘azo sektori ustidan to‘liq nazoratga egalik qilgan holda faoliyatini davom ettiradi.

Sektorda bir hafta davomida hokimiyat uchun qonli kurash kechadi, shundan keyin Abbos boshchiligidagi Fath harakati vakillari G‘azodan siqib chiqariladi. O‘shandan buyon Haniya bir necha bor Fathni tinchlik sulhi tuzishga chaqirgan.

Haniya Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos bilan 2006 yil mayida, o‘shanda Haniya harakat rahbarligiga saylangandi

2017 yil 6 may kuni u Hamas siyosiy byurosi rahbari etib saylanadi. Bundan bir necha kun oldinroq harakat o‘z xartiyasini qaytadan ko‘rib chiqqandi.

Harakat tomonidan e’lon qilingan hujjatda u Falastinni 1967 yil Olti kunlik urush natijasida belgilangan chegaralarida tan olishi, uning asosiy dushmani esa — «sionistlarning okkupatsiya loyihasi» ekani ta’kidlangan.

Haniya 2022 yilda harakat rahbari sifatida Rossiyaga tashrif buyurib, TIV rahbari Sergey Lavrov qabulida bo‘lgan hamda Hamas «Rossiya tashqi siyosatidagi ko‘plab pozitsiyalar»da hamfikr ekanini aytgan.

U shuningdek Davlat dumasi deputatlari qarshisida chiqish qilgan, hatto Qozon shahriga borib, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashgan.

2018 yilda Qo‘shma Shtatlar Haniyani terrorchi deb topgan va unga qarshi sanksiyalar qo‘llagan.

Tashqi ishlar vazirligi Haniya «Hamasning harbiy qanoti bilan yaqin aloqalarga egaligi» va «qurolli kurashni, jumladan tinch aholi vakillariga qarshi zo‘ravonliklarni qo‘llashi»ni ta’kidlagan.

Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroilga hujumidan ko‘p o‘tmay Haniya harakatning boshqa vakillari bilan Dohadagi ofisda arab telekanalida Hamasning harbiy qanoti bo‘lmish «Izz ad-Din al-Qassam brigadasi» jangchilari isroilliklarning harbiy texnikasini o‘lja qilib olgani ko‘rsatilgan reportajni tomosha qilayotgani aks etgan video tarqalgandi. Videoda Haniya «bu g‘alaba uchun Allohga shukrona aytib» ibodat qilgani ham ko‘rsatilgan.

2022 yilda Haniya Moskvaga tashrif buyurgan va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashgan

Joriy yil mayida Haniya telefon orqali Qatar bosh vaziri hamda Misr razvedka vaziri bilan gaplashib, ularga Hamas o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifga rozi ekanini aytgani haqida xabar tarqalgandi.

O‘shanda falastinlik yuqori martabali mulozim BBC bilan suhbatda agar kelishuv shartlariga amal qilinsa, Hamas «dushmanlik faoliyatini butunlayga to‘xtatish»ga roziligini bildirgandi. Ammo voqealar rivoji kuzatilmadi va Hamas Isroilga qarshi kurashini davom ettirdi.

Ismoil Haniya o‘z amakivachchasi Amal Haniyaga uylangan, ular 13 farzand ko‘rishgan — sakkiz o‘g‘il va besh qiz.

Joriy yil aprelida Haniyaning uch o‘g‘li va bir necha nabirasi G‘azo sektorida isroilliklar aviazarbasi qurboni bo‘ldi. Isroil mudofaa armiyasi o‘ldirilganlarning barchasi Hamasning harbiy qanoti a’zolari bo‘lganini bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Haniyaning yana bir o‘g‘li fevralda o‘ldirilgan, uning ukasi va yana bir qarindoshi oktyabrda, bir nabirasi noyabrda halok bo‘lgan.

Haniya o‘shanda o‘z farzandlari va nabiralarini «shahidlar» deb atab, oila a’zolari o‘limi Hamasning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsatmasligini aytgandi.

«Bizning talablarimiz aniq va ravshan, biz hech qanday yon bermaymiz. Dushman agar muzokaralarning avj pallasida va harakatimiz takliflarga o‘z javobini berishidan oldin mening o‘g‘illarimga hujum qilishi bizni pozitsiyamizni o‘zgartirishga undaydi, deb o‘ylasa adashadi», — degan Haniya Al Jazeera telekanaliga.

Mavzuga oid