Jahon | 08:55 / 02.08.2024
2198
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova rossiyalik diplomatni chiqarib yuboryapti

Harbiy attashe yordamchisi persona non grata deb e’lon qilindi. Rossiya Federatsiyasidan kelgan diplomat Moldovada o‘zining diplomatik maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirdi, deya izoh berdi Moldova Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Vasnetsovni chaqirtirib.

Foto: RIA Novosti

Rossiyaning Moldovadagi elchixonasi xodimi persona non grana deb e’lon qilindi. Bu haqda 1 avgust, payshanba kuni Moldova Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi. Mamlakat rasmiylari rossiyalik diplomat o‘z hududida diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlarni amalga oshirgani haqida ma’lumot va dalillar oldi, deya tushuntirdi Kishinyov.

Rossiyaning Moldovadagi elchisi Oleg Vasnetsov Kishinyovdagi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap «ma’lum vaqt ichida» mamlakatni tark etishi kerak bo‘lgan harbiy attashe yordamchisi haqida bormoqda.

Moldova parlamentida tintuv

Moldovada parlament kotibiyati xodimi va chegara politsiyasi xodimi qo‘lga olindi, deb xabar qildi 31 iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurash va maxsus ishlar prokuraturasi (PCCOCS). Ushlashlar jinoiy tergov doirasida 30 iyul kuni kechqurun amalga oshirilgan. 31 iyul kuni ertalab PCCOCS hamda Axborot va xavfsizlik xizmati xodimlari parlamentning yuridik bo‘limida tintuv o‘tkazdi.

Departament ma’lumotlariga ko‘ra, parlament xodimi «2023 yildan boshlab» «Moldova Respublikasi manfaatlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plagan va elchixona xodimiga bergani» uchun davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda. Kishinyov aeroportida ishlagan chegarachi Moldovaga qarshi fitna uyushtirganlikda gumon qilinmoqda. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u «ma’lumot to‘plash va unga yetkazish maqsadida elchixona xodimi bilan aloqada bo‘lgan». Xabarda gap qaysi elchixona haqida ketayotgani aytilmagan.

«Interfaks» agentligi Moldova OAVga tayanib, har ikki amaldor Rossiyaning Moldovadagi harbiy attashesi o‘rinbosari bilan uchrashganini da’vo qilmoqda. Parlament xodimi masalasida gap davlatga xiyonat ishi bo‘yicha tergov qilinayotgan Ione Kryange haqida ketmoqda.

Mavzuga oid