Eronda Ismoil Haniyaning o‘ldirilishidan keyin keng ko‘lamli hibsga olishlar yuz berdi
Yuqori martabali harbiylar va razvedka xodimlari so‘roqqa chaqirilib, ularning bir qismi hibsga olingani ta’kidlanmoqda.

Foto: Arash Khamooshi / The New York Times
Eronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilganidan so‘ng 20 dan ortiq kishi hibsga olindi, ular orasida razvedka xodimlari, harbiy amaldorlar va u turgan mehmon uyi xodimlari ham bor. Bu haqda The New York Times (NYT) yozdi.
Jinoyat ishini Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) razvedka bo‘limi tergov qilmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, yangi prezident Mas’ud Pezeshkiyon inauguratsiya marosimidan bir necha soat o‘tib yuz bergan qotillik Eron rahbariyatini hayratga solgan — bu «xavfsizlik sohasidagi ajablanarli muvaffaqiyatsizlik».
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, hujumdan keyin Tehrondagi IIQK mehmon uyida tintuv o‘tkazilgan, xodimlar izolyatsiya etilgan, ularning bir qismi hibsga olingan, barcha elektron qurilmalar, jumladan shaxsiy telefonlar musodara qilingan. Yuqori martabali harbiylar va razvedka xodimlari so‘roqqa chaqirilib, ularning bir qismi hibsga olingan. Shuningdek, barcha xalqaro va mahalliy reyslarning yo‘lovchilar ro‘yxati ko‘rib chiqilgan. NYT manbalari ta’kidlaganidek, Eron rasmiylari Isroil razvedka xodimlari hamon mamlakatda ekaniga ishonadi.
IIQK bayonotiga ko‘ra, Haniya «og‘irligi taxminan 7 kg bo‘lgan jangovar kallakka ega qisqa masofaga uchuvchi snaryad» portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Eron sodir bo‘lgan voqeada Isroilni ayblab, yahudiy davlati AQSh ko‘magida harakat qilganini ta’kidlamoqda.
Tehron, shuningdek, bu voqea uchun «kerakli vaqtda, tegishli joyda va mos tarzda» qasos olishga va’da berdi. NYT suhbatdoshlarining qo‘shimcha qilishicha, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy allaqachon Isroilga javob qaytarish haqida buyruq bergan.
Mavzuga oid

13:59 / 28.05.2025
Germaniya rasmiylari Isroilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qildi

11:33 / 27.05.2025
Uitkoff: Hamas Isroil bilan sulh bo‘yicha kelishuvni rad etdi

20:40 / 26.05.2025
Uitkoff HAMAS o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor degan da’volarni rad etdi

19:43 / 26.05.2025