Sport | 22:23 / 05.08.2024
43865
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik bokschiga sekundantlik qilayotgan o‘zbekistonlik murabbiy ijtimoiy tarmoqlarda olqishlanmoqda

Parij-2024 boks bahslarida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek uulu mamlakat boksi tarixida ilk bor Olimpiada yarimfinaliga yo‘llanma olgach, ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘izistonliklar o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanovga minnatdorchilik bildirmoqda.

Gap shundaki, Munarbekning murabbiyi Beganas Sultanbayev viza va akkreditatsiya ololmagani sababli Fransiyadagi yirik turnirga bora olmagach, o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov qo‘shni mamlakat sportchisiga Parijda sekundantlik qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘izistonlik murabbiy o‘z uyida shogirdining Olimpiadadagi yutuqlaridan quvonch ko‘z yoshlarini to‘kkani haqidagi videolar tarqalgach, Qirg‘iziston sport departamenti direktori Aybek Abdimuminov Beganas Sultanbayevning Parijga bora olmagani sababini ma’lum qildi.

«Munarbek Olimpiadaga nisbatan kechroq, iyun oyida litsenziyani qo‘lga kiritdi. Ammo murabbiylarning akkreditatsiya olish muddati mart oyidayoq yopilgani sababli bokschining murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya ololmadi», - deydi u.

Qiyin pallada qo‘shni mamlakat sportchisini qo‘llab-quvvatlagan o‘zbekistonlik murabbiyning bu qarorini ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari «Markaziy Osiyo birodarligi» deya, olqishlashmoqda.

Qayd etish joiz, Munarbek Seyitbek uulu yarimfinal bahsini 9 avgust kuni Bolgariya vakili Xaver Diazga qarshi o‘tkazadi. Ushbu vazn toifasidagi yana bir yarimfinalda esa o‘zbekistonlik Abdumalik Xalokov avstraliyalik Charli Seniorga qarshi ringga chiqadi. Munarbek va Abdumalik o‘z janglarida g‘olib chiqishsa, finalda o‘zbek va qirg‘iz bokschisi to‘qnash keladi.

Mavzuga oid