O‘zbekiston | 20:00 / 10.08.2024
8850
13 daqiqa o‘qiladi

Maslahat uchrashuvini o‘zgartirish taklifi, Parijdagi rekord va antimonopoliya konsepsiyasi - hafta dayjesti

Parij olimpiadasida tarixiy natija: O‘zbekiston 8 ta oltin bilan ilk marta top-15 talikka kirdi. Ko‘pchilik kutgan qonun: kadastr hujjati yo‘q millionlab uylarga mulk huquqi beriladi. O‘zbekiston va Qozog‘istondan integratsiya haqida bayonotlar: Mirziyoyev ID kartalarni o‘zaro tan olish, To‘qayev esa umumiy mudofaa haqida gapirdi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.

O‘zboshimcha qurilgan imoratlarga yalpi “amnistiya”

O‘zbekistonda kadastri yo‘q yoki hujjatida kamchiligi bor uy-joylar soni 3 million 600 mingdan oshadi. 5 avgust kuni prezident bunday uy-joylarni qonuniylashtirishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, 8 ta guruhga kiruvchi ko‘chmas mulklar, xususan 2018 yil 1 maygacha yakka tartibdagi uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va ulardagi bino-inshootlarga kadastr hujjati beriladi.

Fuqarolar bu imkoniyatdan foydalanish uchun hozircha hech narsa qilishi shart emas. Ular jarayonning borishidan xabardor bo‘lib turishlari kifoya. Birinchi bosqichda, tegishli davlat idoralari sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar va boshqa manbalar orqali hujjatsiz uy-joylarni ro‘yxatga olib, hamma ma’lumotlarni elektron tizimga solishi kerak. Keyinchalik ijobiy xulosa berilgan fuqarolarga xabarnoma yuboriladi. Ana shu xabarnoma asosida to‘lov qilgan mulkdorlarga kadastr hujjati rasmiylashtirib beriladi.

To‘lov miqdori ko‘chmas mulkning joylashuviga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha deb belgilandi. Ya’ni, bu miqdor qishloqlarda 340 ming so‘m, eng yuqori to‘lov belgilangan Toshkent shahrida esa 1,7 mln so‘mni tashkil etadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga chegirmalar beriladi. 3 oydan keyin kuchga kiradigan qonun 2028 yil 1 yanvargacha amal qiladi.

Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi

Raqobat qo‘mitasi raisi Xalillullo To‘raxo‘jayev bu lavozimda ish boshlaganidan bir yarim oy o‘tib, davlat rahbariga raqobatni rivojlantirish konsepsiyasini taqdim etdi. U raqobatni cheklovchi, individual xususiyatga ega eksklyuziv huquqlar, imtiyozlar, preferensiya va yengilliklarni bekor qilishni taklif etmoqda. Bu nuqtayi nazarga ko‘ra, davlat hech qaysi kompaniyaga eksklyuziv imtiyozlar bermasligi, avval berganlarini bekor qilishi, imtiyozlar berilgan taqdirda ham, bu o‘sha sohadagi hamma tadbirkorlarga birdek taalluqli bo‘lishi kerak.

Bu yo‘nalishda qo‘mitaning avvalgi takliflaridan biri hozircha amalga oshgani yo‘q. Monopoliyaga qarshi organ 2023 yil 1 oktyabrdan e’tiboran eksklyuziv huquqlar berilgan kompaniyalar reyestrini yurita boshlagan. Lekin bu reyestr yopiq. Raqobat qo‘mitasi yanvar oyida Kun.uz'ga bergan izohida reyestrni o‘z saytida ochiq e’lon qilish tarafdori ekani, bu borada alohida hujjat tayyorlanib, Prezident administratsiyasiga kiritilganini ma’lum qilgandi. Lekin bu borada yangilik bo‘lmadi.

Dushanba kuni taqdim etilgan konsepsiyaga asosan, tadbirkorlik sub’yektlarining bozorlarga erkin kirishini qiyinlashtiruvchi normativ-huquqiy moddalar va ortiqcha talablar bekor qilinishi mumkin. Ruxsat beruvchi jarayonlar va litsenziyalar o‘rniga javobgarlikni majburiy sug‘urtalashni kiritish, tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlarini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, davlat xaridlarini to‘liq raqobatli usullarga o‘tkazish, raqobatga qarshi kelishuv va xatti-harakatlar haqida xabar berganlarning shaxsini sir saqlab, ularni mukofotlash kabi takliflar ham konsepsiyadan o‘rin olgan. Energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temiryo‘l va aeroport xizmatlari kabi sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish ko‘zda tutilmoqda.

Hozirda respublika miqyosidagi 15 ta korxona tabiiy monopolist hisoblanadi. Yana 100 dan ortiq tovar yoki xizmat bozorlari monopollashgan deb topilgan. Bu ro‘yxatga oxirgi bir oy ichida Knauf va TokBor kompaniyalari ham qo‘shildi. Ularning mos ravishda gipsokarton va elektromobillarni quvvatlantirish bozorlaridagi ulushi 40 foizdan oshiqligi e’tirof etildi. Oxirgi paytlarda elektromobillar bozori ham monopoliyaga aylanishi borasidagi xavotirlarga Raqobat qo‘mitasi hozircha munosabat bildirmay kelmoqda.

Juma kuni BYD kompaniyasi O‘zbekistonda e2 modelini rasman taqdim etdi. Bir quvvatlashda 405 km masofani bosib o‘tishi ko‘rsatilgan avtomobilning lyuks komplektatsiyasi 236 mln 600 ming so‘mga baholangan. Bu – dilerlik tarmog‘idan tashqaridagi narxlardan qariyb 36 mln so‘mga yuqoriligi aytilyapti. Narxdagi bunday farq evaziga xaridorlarga rus va o‘zbek tillaridagi dasturiy ta’minot, telefon orqali boshqarish imkoniyati va kengaytirilgan kafolat shartlari taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq e2 va Seagull modellarini mahalliylashtirish uchun sinovdan o‘tkazish boshlangan edi. Jizzaxdagi BYD zavodi direktori O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan modellar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishiga va’da bergan, lekin importga to‘siq qo‘ymasdan turib buni amalga oshirish imkonsiz. Bahordan boshlab kuchga kirgan yangi tartib va ketma-ket yangrayotgan elektromobillarga boj kiritish takliflari O‘zbekistonda yangi monopoliya paydo bo‘layotganidan darak bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev: “Maslahat uchrashuvi formatini takomillashtirish vaqti keldi”

9 avgust kuni Markaziy Osiyo liderlari navbatdagi maslahat uchrashuvi uchun Ostonaga yig‘ildi. Bu safargi uchrashuv ko‘pchilikning orzusidagi mintaqaviy integratsiyaga ko‘proq urg‘u berilgani bilan yodda qoldi. Bu borada tarixiy mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘istonning bayonotlari ayniqsa e’tiborli.

Xususan, Ostonada o‘tgan sammitda Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarini milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olishga va erkin savdo hududini shakllantirishga chaqirdi. O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo o‘zligini shakllantirish muhimligini ta’kidlab, mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini qanday qilib mustahkamlash mumkin degan savol atrofida ilmiy forum o‘tkazishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev maslahat uchrashuvi formatini takomillashtirish vaqti kelganini ham aytdi. “Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish vaqti keldi”, – dedi prezident.

O‘z navbatida, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyaning Ukrainaga bosqin uyushtirganiga ishora qilib, suverenitetga tahdidlar masalasini ko‘tardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston xalqaro huquq tamoyillariga qat’iy rioya qilish, suverenitetni hurmat qilish va chegaralar yaxlitligiga tajovuz qilmaslik zarur, deb hisoblaydi. To‘qayevning aytishicha, Markaziy Osiyo atrofida murakkab harbiy-siyosiy vaziyat saqlanib qolayotgan hozirgi sharoitda, mudofaa siyosati bo‘yicha hamkorlik qilish zarurati paydo bo‘lgan. “Mintaqaning kelajagi barcha ichki va tashqi chaqiriqlarga birgalikda javob izlashga bog‘liq”, dedi Qozog‘iston prezidenti.

O‘zbekiston va Qozog‘iston mintaqaviy integratsiyani kuchaytirish tarafdori ekani ikki tomonlama muzokaralarda ham tasdiqlandi. Maslahat uchrashuvidan oldin, Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ilk marta Oliy davlatlararo kengash formatida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini qabul qildi. Hukumatlarga o‘zaro savdo hajmini 2 barobarga oshirib, 10 mlrd dollarga yetkazish topshirig‘i berildi. Tashrif davomida prezidentlar Ostonada Alisher Navoiy haykalini birgalikda ochib berdi; To‘qayev Mirziyoyevni Qozog‘istonning “Oltin Qiron” ordeni bilan mukofotladi. O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, maslahat uchrashuvi doirasida mintaqaviy do‘stlikka qo‘shgan hissasi uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni bilan taqdirlandi.

Ostonaga yig‘ilgan mintaqa yetakchilari Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida bilan birgalikda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammitida ham ishtirok etishi kerak edi. Kishida Qozog‘iston va O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishi ham reja qilingandi. Lekin Yaponiyada kuchli zilzila va sunami xavfi e’lon qilingani sabab, mamlakat bosh vaziri bu tashriflarni bekor qildi. Yapon matbuotiga ko‘ra, rejadagi sammitda Fumio Kishida Markaziy Osiyo davlatlariga Rossiya hududini chetlab o‘tib Yevropaga chiqish yo‘lini ochishda yordam taklif qilmoqchi bo‘lgan.

Olimpiadada tarixiy yutuq

O‘zbekiston olimpiadalardagi oltin medallari soni bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi. Delegatsiyamiz Parijdagi o‘yinlarda 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini jamg‘ardi. Bundan avvalgi rekord 4 ta oltin olingan Rio olimpiadasida o‘rnatilgandi.

O‘tgan hafta dzyudoda Diyora Keldiyorova oltin, Muzaffarbek To‘raboyev va Alisher Yusupov bronza medaliga sazovor bo‘lgandi. Olimpiadaning so‘nggi kunlariga kelib, yana 7 sportchimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi: taekvondchi Ulug‘bek Rashitov, erkin kurashchi Razambek Jamalov bokschilar Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullojonov, Bahodir Jalolov va delegatsiya bayroqdori Abdumalik Xalokov sharofati bilan Parijda O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

Bu – Rashitov, Do‘smatov va Jalolov uchun olimpiadalardagi ikkinchi chempionlik bo‘ldi. Oltin olgan beshala bokschimiz ham o‘z raqiblarini 5:0 hisobida mag‘lub etgani e’tiborga loyiq. Bahslardan keyin Bahodir Jalolov professional boksga o‘tganini e’lon qildi.

Shuningdek, kumush medal sohibasi Svetlana Osipova Olimpiada sovrindori bo‘lgan o‘zbekistonlik ilk ayol taekvondochiga aylandi. Yana ikkita medalni og‘ir atletikada kumush olgan Akbar Jo‘rayev va erkin kurashda bronza olgan G‘ulomjon Abdullayev umumjamoa hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Shu tariqa, O‘zbekistonning olimpiadalardagi ko‘rsatkichlari sezilarli yaxshilandi. 8 ta oltin – bundan avvalgi rekorddan (Rio olimpiadasi, 4 ta oltin, jami 13 ta medal) ikki barobarga ko‘p. Umumjamoa hisobida mamlakatimiz ilk marta top-15 talikka kirib, 13-o‘rinni egalladi. Kuchli o‘nlikka kirish uchun yana to‘rtta oltin kerak bo‘lardi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Oliy Majlisning eng faol a’zolaridan biri Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini yakunladi. U bunday qarorini “atrofidagi o‘zgarishlar va reallik” bilan izohlab, deputatlik faoliyatini davom ettirish o‘zi uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini ta’kidladi. Parlamentga 2019 yilda saylangan G‘aniyev endilikda faoliyatini Vazirlar Mahkamasida investitsiya yo‘nalishida davom ettiradi. Deputatlikka navbatdagi saylovlar esa 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

90 ming dollar pora bilan ushlangan Kogon tumani prokuroriga hukm o‘qildi. Samarqand shahar sudi uni 15 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Oliy sud xabariga ko‘ra, sobiq prokuror sudda aybiga iqrorligi va pushaymonligini aytib, prezidentdan kechirim so‘ragan. Ish doirasida, shuningdek, pora oldi-berdisi yuzasidan yana ikki sudlanuvchiga 11 va 12 yillik ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan. Ma’lumot uchun, avvalroq Asaka tuman prokurori o‘rinbosari 8,5 yilga qamalgan, lekin u dalillar soxtalashtirilganini aytib, apellyatsiya shikoyatini bergandi.

Bo‘stonliqda profilaktika inspektori o‘zi va oila a’zolarini otib o‘ldirdi. U 6 avgust kuni tunda xizmat to‘pponchasi bilan avvaliga xotini va 7 oylik chaqalog‘iga, keyin o‘ziga o‘q uzgan. 28 yoshli qotil voqeadan oldin turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib qolgani, ularni o‘ldirgach, javobgarlikdan qutulish uchun o‘zini ham otgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Yevropaga elektr energiyasi eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo energetika vazirlarining birinchi yig‘ilishida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi tubidan kabel o‘tkazish bo‘yicha Qozog‘iston-O‘zbekiston-Ozarboyjon uchtomonlama loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, O‘zbekiston 2030 yildan boshlab ortiqcha elektr energiyasini Yevropaga eksport qila oladi. O‘zbek energiyasi Ozarboyjondan Gruziyaga, keyin Qora dengiz tubi orqali Ruminiya, Vengriya va Bolgariyaga yetkazilishi aytilmoqda.

Mavzuga oid