O‘zbekiston | 21:14 / 15.08.2024
3565
6 daqiqa o‘qiladi

15 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Tadbirkorlik kodeksini ma’qullagan Senat, Toshkentda elektrsiz qolgan 3 ming xonadon, jarimaga tortilgan asakalik direktor va bog‘cha bolasini urgan tarbiyachi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Senat Tadbirkorlik kodeksini ma’qulladi

Oliy Majlis Senatining 15 avgustdagi yig‘ilishida Tadbirkorlik kodeksi ma’qullandi.

Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ularni amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, Tadbirkorlik kodeksiga 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari, jumladan 9 ta qonun birlashtirilyapti.

Kodeksda «kichik», «o‘rta» va «yirik» biznes mezonlari orqali tadbirkorlik sub’yektlari toifalarga ajratiladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda, ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda. Hozir ular 88 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin.

Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni kamaytirish maqsadida 38 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va Biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari kodeksning ilovasida tasdiqlangan.

Ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar esa Biznes ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshiriladi.

Davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanishi belgilanyapti.

Toshkentda 3 mingdan ortiq xonadon elektrsiz qoldi

14 avgust kuni Toshkent shahridagi «L-Parkenskiy-1» elektr tarmog‘i va «Lafarga» podstansiyasida nosozlik yuzaga keldi

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, buning oqibatida Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumani iste’molchilari qisman, aniqrog‘i, 3140 iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan.

Energetika vazirligi nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilayotganini, qisqa vaqt ichida bartaraf etilishini bildirdi va keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi. Soat tungi 00:36 da ushbu tarmoqlarda yuzaga kelgan nosozliklar to‘liq bartaraf qilinib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklangan.

Maktab direktori 34 mln so‘m jarimaga tortildi

Andijon viloyati Asaka tumanida maktab o‘qituvchilarini majburiy ishlarga jalb etgan direktor bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobariga teng jarimaga tortildi. O‘qituvchilar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib, ushbu ishlarni maktab direktori ko‘rsatmasi asosida bajargan.

Asaka tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilingani, ayol o‘qituvchilar maktab hududida arava sudrab, og‘ir yumushlarni bajargani to‘g‘risida xabar berilgandi.

O‘qituvchilar asosan qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullangan. Ular ishga maktab direktorining topshirig‘i bilan chiqqan. Ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singan.

Holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganish davomida Mehnat kodeksining 25-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablarini buzgani aniqlangan.

Shu sababli, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (34 million so‘m) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.

Surxondaryoda bog‘cha tarbiyachisi 5 yoshli bolani kaltakladi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tarbiyachi ayol 5 yoshli bolaga qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 13 avgust sanasida Surxondaryo viloyati Denov tumanining 16-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan.

Videoda mustaqillik haqidagi she’rni yodlatmoqchi bo‘lgan xodim yig‘layotgan tarbiyalanuvchilardan biriga baqirib, go‘yoki tinchlantirish uchun kaltaklagani ko‘rinadi. Shuningdek, ayolning bolalarga qarata “qo‘ling tizzangda tursin”, degan buyrug‘i va asabiy ohangdagi ovozi ham eshitilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Kun.uz'ga ushbu holat o‘rganilayotganini, qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qildi.

Talaba ozodlikdan mahrum etildi

Qashqadaryoda gazballon portlashi ortidan bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan talaba ozodlikdan mahrum etildi.

Ko‘kdala tumanida Navro‘z saylida gazballon portlashi oqibatida 14 kishi kuyib, turli darajada tan jarohati olgan va bir kishi keyinchalik vafot etgan.

Hukmda keltirilishicha, Toshkent Iqtisodiyot va texnologiyalar instituti talabasi bo‘lgan 22 yoshli B.Sh. Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami sayliga 27 litr sig‘imdagi gazballon olib borgan. U saylda baliq pishirib sotmoqchi bo‘lgan.

Sud yigitni ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topdi. Unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid