Jahon | 15:18 / 16.08.2024
40127
6 daqiqa o‘qiladi

Mpox virusi tez tarqalyapti. U haqda nimalarni bilish kerak?

Qariyb 70 yil oldin aniqlangan virus oxirgi 3-4 yil ichida odamlarga tezroq yuqa boshladi. U qanchalik xavfli?

Foto: Robyn Beck/AFP/Getty Images

Mpox qanday namoyon bo‘ladi?

Virusni yuqtirgan odam dastlab grippga o‘xshash alomatlarni seza boshlaydi. Jumladan, isitma, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq va charchoq kabilar. Simptomlar boshlanishidan oldin infeksiyaning inkubatsiya davri 5-21 kungacha davom etadi. O‘rtacha 6-13 kunni tashkil qiladi. Virusning o‘ziga xos xususiyati — limfa tugunlarining shishishi. Kasallik kuchaygach teriga bir necha bosqichli toshmalar chiqa boshlaydi. Yaralar og‘iz, oyoqlar va jinsiy a’zolarda bo‘lib, tanada yiringli pufakchalar paydo bo‘lishi mumkin. Pufaklar isitma paydo bo‘lganidan keyin bir necha kun ichida o‘zini namoyon qiladi.

Infeksiyadan uch-to‘rt hafta o‘tgach, pufakchalar oxir-oqibat qorayib, o‘rnidan ko‘cha boshlaydi. Biroq chandiqlar terida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Simptomlarni davolash uchun dori-darmonlardan tashqari maxsus davo yo‘q. Mpox bilan kurashish ham ko‘pgina kasalliklar kabi bemor yoshi, immuniteti va kasallik bosqichi kabilarga bog‘liq.

Maymun chechagi yoki Mpox?

Virusning maymun bilan bog‘liqligi shundaki, u dastlab Daniya laboratoriyasida bir maymunda aniqlangan. Lekin maymunga virusdan aziyat chekmaydigan va uni yuqtirsa ham o‘lmaydigan boshqa turdagi hayvondan yuqqanini aytadi Pensilvaniya universiteti antropologi Sagan Friantn. Friantn Nigeriyada 15 yildan ko‘proq vaqt davomida maymun chechak kasalligini o‘rgangan. Unga ko‘ra, maymun chechak virusi kemiruvchilardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Lekin bu hali to‘liq isbotlanmagan. 2022 yil noyabr oyida JSST virus nomini irqchilik va qoralovchi til tufayli mpox (monkeypox - “maymun chechak”dan) deb o‘zgartirdi.

Ilk bemor

Foto: Getty Images

Mpox birinchi marta 1958 yilda Daniyaning Kopenhagen shahridagi laboratoriyada Singapurdan olib kelingan maymunlarda aniqlangan. Odamlarda birinchi holat 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasidagi kasalxonaga yotqizilgan to‘qqiz oylik boladan topilgan. Bemor maymunlar yashaydigan tropik o‘rmon hududida yashagan bo‘lsa-da, u kasallangan maymun bilan aloqada bo‘lgan yoki yo‘qligi noma’lum. Bola infeksiyadan tuzalganiga qaramay, bir necha kundan keyin qizamiq bilan kasallanib, vafot etgan. Kasallik Afrikaning boshqa hududlarida va 2003 yilda AQShda ham aniqlanadi.

Kasallikning navbatdagi to‘lqini

Virusning I va II sinf kladasi bor. Kasallikning 2022 yil mayidagi to‘lqiniga II kladasi sabab bo‘lgan. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 2022 yil boshidan buyon butun qit’ada 1,267 tasdiqlangan Mpox holatlari qayd etilgan, kamida 285 kishi o‘lgan.

Kasallik 2024 yilning avgustida yana qaytaladi. JSSTga ko‘ra, virusning yangi varianti Ib kladasi deb ataladi va u 2022 yildagidan ancha xavfli va tez tarqaladi. Bundan tashqari, II kladasida 99,9 foiz bemor omon qolsa, I kladaning o‘lim darajasi 10 foiz ekani aytilyapti. Shu sabab JSST ayni damda maymun chechagi virusi bo‘yicha xalqaro miqyosda favqulodda holat e’lon qilgan.

Foto: Getty Images

Virus qanday yuqadi?

Kovid-19ni keltirib chiqaradigan virusdan farqli o‘laroq, Mpox osonlikcha yuqmaydi. Buning o‘rniga u odamdan odamga yoki hayvondan odamga o‘tish uchun yaqin aloqa talab qiladi. Kasallikning yuqishi bo‘yicha yakuniy xulosalarga kelinmagan. Infeksiya tashuvchi hayvon bilan yaqin kontaktda bo‘lish, ko‘z shilliq qavatlari, nafas yo‘llari va zararlangan teri orqali virus o‘tishi isbotlanmadi. Hozir britaniyalik olimlar virus jinsiy aloqa yo‘li bilan ham yuqishini isbotlagan.

Virusdan himoyalanish va vaksinalar

Chechak uchun ishlab chiqilgan vaksinalar Mpox’ga qarshi 80 foizgacha samarali ekani isbotlangan. Virusdan himoyalanish uchun kasal yoki o‘lgan hayvonlardan uzoqroq bo‘lish, hayvon mahsulotlarini yaxshilab pishirish, qo‘l va yuzlarni yaxshilab yuvish, virus bilan aloqasi bor odamdan uzoqroq yurish, ko‘pchilik ichida qo‘l va yuzga niqoblar taqish, qo‘lingiz tegadigan yuzalarni tez-tez artib turish tavsiya etiladi.

BMT o‘zining 2020 yilgi hisobotida hayvonlardan odamlarga o‘tadigan yangi kasalliklar xavfi ortib borayotgani, bu hayvonlarning tabiiy yashash joylariga bo‘lgan inson tajovuzi va iqlim o‘zgarishi natijasida kelib chiqayotgani aytiladi.

Mpox Kovid-19dan keyin hayvonlardan odamlarga tarqaladigan eng so‘nggi kasallikdir. Uning nisbatan sekin tarqalishini va infeksiyaning oldini olish uchun vaksinalar mavjudligini hisobga olsak, bu Mpox epidemiyasini to‘xtatishi mumkin. Ammo maymun chechak bu tabiatning oxirgi kasalligi bo‘lmaydi. Va dunyo keyingi voqealarga tayyor va hushyor bo‘lishi kerak”, – deydi Friantn.

Mavzuga oid