Jahon | 22:49 / 17.08.2024
3374
2 daqiqa o‘qiladi

AEXA rahbari harbiy harakatlar hududidagi Kursk AESga borishga tayyorligini bildirdi

Rafael Grossi vaziyatni baholash uchun stansiyaga borishi mumkin.

Rafael Grossi Foto: Thomas Kronsteiner / Getty Images

AEXA bosh direktori Rafael Grossi Kursk Atom elektr stansiyasiga (AES) borishga tayyor. Bu haqda RBK yozdi.

«Bosh direktor Grossi vaziyatni baholashga, shu jumladan stansiyaga borishga tayyorligini bildirdi», deyiladi xabarda.

17 avgust kuni «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev va AEXA rahbari telefon orqali Rossiyaning Kursk AES va Rossiya tomonidan egallab olingan Ukrainaning Zaporijjya AES atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Lixachev Grossini yaqin kelajakda Kursk AES va Kurchatov shahriga borishga chaqirdi, «ishlayotgan atom obekti atrofidagi vaziyatni shaxsan baholashni» taklif qildi.

Kursk AES Kurchatov shahrida joylashgan. 40 mingga yaqin aholisi bo‘lgan shaharning o‘zi Ukraina bilan chegaradan taxminan 65 km uzoqlikda joylashgan. Hozir stansiyada umumiy quvvati 2 ming MVt bo‘lgan ikkita (to‘rttadan) energoblok ishlamoqda. U hududdagi barcha elektr stansiyalari o‘rnatilgan quvvatining 50 foizidan ortig‘ini ta’minlaydi.

Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ukraina Kursk atom elektr stansiyasiga hujum qilishga tayyorlanayotganini aytgan edi. U BMT va AEXAni «Kiyev rejimi tomonidan tayyorlanayotgan provokatsion harakatlarini zudlik bilan qoralashga va Kursk atom elektr stansiyasi xavfsizligi buzilishining oldini olishga» chaqirdi.

Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, ularda Kursk va Zaporijjya atom elektr stansiyalariga hujum qilish «istagi ham, qobiliyati ham yo‘q».

Mavzuga oid