Tailand junglilarida yuz bergan aviahalokat oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi
Hozirda ayrim qurbonlarning jasadlari, shuningdek, samolyot bo‘laklari topilgan. Halokat nima sababdan yuz berganini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tailand poytaxti Bangkok janubi-sharqidagi Chachengsau provinsiyasida Cessna 208 Caravan yengil motorli samolyoti halokatga uchradi. Samolyot bortida bo‘lgan yetti nafar fuqaro va ikki nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Bangkok aeroportidan o‘zining maftunkor plyajlari bilan tanilgan Trat provinsiyasiga borish yo‘lida halokatga uchragan. Mahalliy OAVning yozishicha, samolyot bortida to‘rt nafar Tailand va besh nafar Xitoy fuqarosi bo‘lgan — ularning ikki nafari 12 va 13 yoshda.
Qayd etilishicha, hozirda ayrim qurbonlarning jasadlari, shuningdek, samolyot bo‘laklari topilgan. Halokat nima sababdan yuz berganini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mahalliy aholi samolyot qanday qulaganini ko‘rgani va yerga urilganidan keyin «kuchli portlash» bo‘lganini aytmoqda.
Ayrim nashrlarning yozishicha, havo kemasining bortida Kokut orolidagi hashamatli kurortga tashrif buyurgan mehmonlar bo‘lgan. Odatda ular shaxsiy samolyotda yaqin aeroportga qadar yetib olib, u yerdan orolga borishda katerlardan foydalanadi.
Shu bilan birga, Pxuket orolida yuz bergan ko‘chki oqibatida yana besh kishi halok bo‘ldi. Ko‘chki dam oluvchilar uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va kvartiralar joylashgan hududga yopirilgan. Harbiylar, politsiya va ko‘ngillilar qurbonlarni qidirish bilan shug‘ullanmoqda, biroq kuchli shamol bunga xalaqit beryapti.
Mavzuga oid
23:17 / 19.09.2024
Tailandda piton changalida qolib ketgan ayol ikki soatdan keyin qutqarib olindi
18:55 / 14.09.2024
AQShda vodorodda harakatlanadigan noyob samolyot taqdim etildi
10:20 / 13.09.2024
Tailandda kuzatilgan to‘fon oqibatida jabr ko‘rganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q
22:48 / 06.09.2024