Jamiyat | 15:19 / 25.08.2024
10209
13 daqiqa o‘qiladi

Bola maktabga necha yoshdan chiqishi kerak va nega? - mutaxassislar fikri

Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda bolalar 6 yoshdan maktabga chiqadi. Ta’lim bo‘yicha mutaxassis Shokir Tursunga ko‘ra, O‘zbekiston bolalarini ham o‘rta ta’limga 7 yoshdan oldinroq berish mumkin, lekin buning uchun resurslar yetishmovchiligi bor. Psixolog Rozaliya Gabulhakova maktabga ko‘nikib ketish 6 yoshli bolalarda qiyinroq kechishini aytdi.

The Global Economy ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi 33 ta davlatda bolalarning maktabga chiqishi 7 yoshdan, 138 ta davlatda esa 6 yoshdan boshlanadi. 23 ta mamlakatda esa bolalar 5 yoshdan maktabga chiqishadi. Masalan, Xitoy, Kanada, Germaniya, Yaponiya bolalari 6 yoshdan, Buyuk Britaniya, Avstraliya va yangi zelandiyalik bolalar esa 5 yoshdan maktabga qadam qo‘yadi.

Finlandiya, Rossiya va bir qancha MDH davlatlari qatorida O‘zbekistonda ham bolalarning maktabga chiqishi 7 yoshdan etib belgilangan. Xo‘sh, gadjetlar, sun’iy intellekt asrida farzandlarning rivojlangan mamlakat o‘quvchilariga nisbatan kechroq o‘rta ta’lim bilan qamrab olinishi qanchalik to‘g‘ri? O‘zi aslida bolani necha yoshdan maktabga berish kerak? Kun.uz bu borada mutaxassislarning fikriga qiziqdi.

Bola maktabga qachon tayyor bo‘ladi?

Ta’lim bo‘yicha ekspert, o‘qituvchi Shokir Tursunning qayd etishicha, bu borada bolaning 3 ta jihatdan tayyor bo‘lgani inobatga olinishi lozim.

“Bolalarni necha yoshdan maktabga berish kerak degan masala ko‘tarilganda, turli tadqiqotlar qilinadi. Masalan, bolalarning ijtimoiy munosabatlarga kirishishga tayyorgarligi necha yoshdan bo‘ladi, ya’ni sinf, guruh o‘laroq qaysi yoshda tayyor bo‘lishi inobatga olinadi. Aksariyat hollarda 5 yosh deb ko‘rsatiladi. Shu yoshdan boshlab bolalarni guruhli mashg‘ulotlarga, ijtimoiy munosabatlarga kirishishga jalb qilish mumkin. Bunga psixologik jihatdan tayyor deb hisoblanadi.

Endi intellektual tayyorgarlik bor. Ya’ni maktabdagi baribir ta’lim jarayoni akademik jarayon hisoblanadi. Bola shunga 6 yoshdan tayyor hisoblanadi. 5 Yoshda akademik jarayonlarga tayyor bo‘la olmaydi. Shuning uchun ba’zi bir davlatlar bolani 5 yoshdan jalb qilsa ham xuddi bizdagi bog‘cha tizimidek o‘qitishadi. Ya’ni o‘yinlar o‘ynash, harflarni yodlatish, so‘zlarni o‘qitish, matematik amallardan chetga chiqmaydi. 6 yoshdan boshlab o‘qitadigan davlatlar ham biz 1-sinfda beradigan akademik darajadan pastroqda bo‘lishadi. Aniqroq aytsam, ular bu vaqtda bolani yuqoriroq akademik jarayonga moslashtirish bilan band bo‘lishadi. Shuning uchun 6 yoshdan olib 12 yil o‘qitish degan masalalar Yevropda ancha jadallashgan, rivojlangan.

Bolalarning ruhiy va ijtimoiy tayyorgarligidan tashqari, jismoniy tayyorgarligi ham hisobga olinadi. Maktabdagi bosim darajasiga qarab bola 6-7 yoshdan jismoniy jihatdan tayyor bo‘ladi”, – deydi u.

“O‘zbekiston yaqin 10 yil ichida maktab yoshini qisqartirish imkoniga ega emas”

Shokir Tursun O‘zbekistondagi tajriba haqida gapirarkan, ayni masalada tadqiqot va o‘rganishlar qilinishi kerakligi, yaqin yillarda maktablar 7 yoshdan kichik bolalarni qabul qila olmasligini aytdi.

“Tadqiqotlarga ko‘ra, ancha yillar oldin yuqoridagi 3 ta jihatdan kelib chiqib 7 yosh deb belgilangan. Bugungi kun o‘zbek bolasi bo‘yicha tadqiqot qilingani borasida menda ma’lumot yo‘q. Buni ham o‘rganib ko‘rish kerak, agar bolalar ertaroq tayyor bo‘layotgan bo‘lsa, ularni ertaroq ta’limga jalb qilish mumkin.

Lekin O‘zbekiston yaqin 10 yil ichida maktab yoshini qisqartirish imkoniga ega emas. Chunki maktab yoshini pasaytirgan yilimizda rejamizdagidan deyarli 2 barobar ko‘proq o‘quvchini qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ya’ni ham 7 yosh, ham 6 yoshlilarni olishga to‘g‘ri keladi. Bu o‘z-o‘zidan maktablarga katta bosim bo‘ladi. Maktablarimizning sig‘imi bunga tayyor emas. O‘qituvchilarning soni ham yetmaydi, budjet ham bunga tayyor emas. Ya’ni maktablarni qo‘shimcha jihozlash, tayyorlash, pedagoglarni jalb qilish, ayrim hududlarda ta’lim muassasasini kengaytirish zarurati yuzaga keladi. Mana shu masalalarni hisobga olsak, yaqin 10 yil ichida O‘zbekiston maktabga chiqish yoshini qisqartira olmaydi. Agar O‘zbekiston shu haqda o‘ylayotgan bo‘lsa ham, yaqin 1-2 yil ichida amalga oshirishga qiynaladi.

Maktablarni ko‘paytirib, o‘quvchilar sig‘imiga moslab olgandan keyin bu masalani o‘rtaga olib chiqib, muhokama qilish mumkindir. Lekin baribir bu borada tadqiqot olib borilishi kerak. Hozirga kelib bolaning psixologik, fiziologik, ijtimoiy va kognitiv tayyorgarligi ancha o‘zgargan, shu sababli bolalarni 6 yoshdan bemalol akademik jarayonga jalb qilish mumkin deb o‘ylayman. Ammo bunda ham bosimni qattiq nazorat qilish va o‘quv dasturlarini qaytadan ko‘rib chiqish kerak”, – dedi u.

Bolaning psixologik tayyorligi nega muhim?

Psixolog Rozaliya Gabdulhakovaning aytishicha, bolalar nechta yoshdan maktabga boradi degan savolga javob topishdan avval, ularni qaysi maktabga berish kerakligini aniqlab olish lozim. “Chunki O‘zbekistondagi maktablar boshqa davlatlarnikidan farq qiladi”, – deydi u.

“Birinchidan, maktabdagi sharoitlar. Masalan, Buyuk Britaniyada bolalar maktabga 5 yoshdan borishadi. Lekin u darslar bilan, biznikining farqi katta. Baholash tizimi ham boshqacha. Britaniyda boshlang‘ich sinflarda har kunlik baholar qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, sinfdagi sharoit ham boshqacharoq. Misol uchun, bolalar gilam ustida, yerda o‘tirib ham darslar o‘tishlari mumkin, o‘qituvchining dars o‘tish uslubi ham biznikidan farq qiladi.

Qo‘shni mamlakatlardan biri, jumladan Qozog‘istonda ham 6 yoshdan maktab boshlanarkan. Lekin yana ta’kidlab o‘tishimiz kerak bo‘lgan narsa bu – maktabdagi bolalar soni. Bizda bolalar soni 40 nafarga yaqin bo‘ladi, shuning uchun ham o‘qituvchining yaxshi dars o‘tishiga bolalarning xulqi, psixologik maktabga tayyorgarligiga qattiq ta’sir qiladi. Masalan, bizning maktablarda o‘qituvchilar asosan instruktor vazifasini bajaradi, ya’ni o‘quvchilarga ma’lum bir buyruqlar beriladi, topshiriqlar tushuntiriladi, o‘quvchi esa buyurilgan ishni bajarishi kerak. Bunday holatlarda bolaning psixologik tayyorgarligi juda ham muhim.

Bolalar nimani bilishi kerak? Birinchi navbatda ular 15 daqiqadan ko‘p bir joyda o‘tira olishi kerak va o‘tirishi ularning qo‘rqqani sababli emas, balki o‘rganayotgan narsasiga qiziqqani sababi bilan bo‘lishi kerak. Aks holda esa ta’lim inqirozga uchraydi, ya’ni bola o‘rganishi kerak bo‘lgan narsani o‘rgana olmaydi. Qo‘rqib o‘tkazilganda ham bolaning miyyasi yaxshi faoliyat olib borolmaydi, afsuski.

Demak, bizning maktablarda bolalar qanday psixologik qobiliyatlarga ega bo‘lishi kerak? Diqqatini jamlab o‘tira olish, instruksiyalar va buyruqlarga quloq solish, topshirilgan vazifalarni mustaqil bajarishi lozim. Agarda bolada mana shu qobiliyatlar rivojlanmagan bo‘lsa, afsuski, bola maktabda yaxshi o‘qiyolmay qoladi. Odatda 6 yosh bolalarning faqatgina 10 foizida yuqorida sanab o‘tilgan qobiliyatlar bo‘ladi. 7 yoshlarning esa aksarida mavjud. Psixologik yoki nevrologik muammolari bo‘lmagan bolalar shu qoidalarga amal qilgan holda o‘zlarini bemalol tuta olishadi”, – deydi Gabdulhakova.

“Erta chiqqan bolada stressga tushish ehtimoli bor”

Shuningdek, psixolog 7 yoshdan kichik bolalarning maktabga borishini o‘ziga xos salbiy tomonlari borligini ham eslatdi. Unga ko‘ra, bunda o‘quvchiga ko‘proq stress yuklanadi.

“Masalan, bolalarda diqqat yaxshi yetishmagani sababli ular darsga e’tibor berib o‘tirolmaydi. Ijtimoiy o‘zini tutishni bilmagani uchun ham maktabda yomon his qilib, ko‘proq stressga tushish ehtimollari bor. Va darsda o‘rganish kerak bo‘lgan bilimlarni yaxshi o‘zlashtira olmaydi-da, yana kamiga o‘zi haqidagi fikri pasayib boradi. Judayam sho‘x 6 yosh bola, sinfdoshlari 7 yosh bo‘ladigan bo‘lsa, o‘zini kichikroq, ularga yetib ololmaydigan, ulardan ko‘ra qobiliyati kamroq deb his qilib qolishi mumkin.

Endi bizning yana bir realiya, ya’ni haqiqatdan kelib chiqib aytsak, bir o‘qituvchining ma’lum vaqt davomida 30-40 nafar bola bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Bunda nafaqat o‘qitish, sinfda tinchlik saqlanishi, bolalarning hammasida diqqat ushlab turilishi, barcha topshiriqlarni bajarishni nazorat qilish kerak bo‘ladi. Bu esa oson ish emas. Ayniqsa, o‘zini psixologik boshqaradigan darajada rivojlanmagan bo‘lsa, bunday sinfda o‘qituvchi faoliyatini olib borishi juda qiyinlik qiladi.

O‘zimning tajribamdan kelib chiqib aytsam, 7 yoshga to‘lmagan bolalar ayniqsa psixologik jihatdan maktabga chiqishga tayyor bo‘lmagani sababli qiynalishadi, shuning uchun ularning maktabga nisbatan fikri salbiy bo‘lib qoladi. Ular maktabni yomon ko‘radigan, maktabga borishni xohlamaydigan, darslar ular uchun azob-uqubat bo‘lib qoladi. 7 yosh bola esa darsni o‘rganishga qiziqqani, pedagogning aytganlarini tushunib, baholarga erishish bilan o‘ziga ishonchi ortib, o‘qishlari osonroq bo‘ladi. O‘zlari sevib maktabga borishni boshlaydi”, – deydi mutaxassis.

Psixologning qo‘shimcha qilishicha, bolalarning soni ko‘p, ularning rivojlanishi turlicha bo‘lgani uchun o‘qituvchilar o‘quvchilarni qo‘rqitish evaziga tinchlantirishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa 7 yoshdan kichik bolalarga juda yomon ta’sir qilishi aytildi.

Shuningdek, Gabdulhakova 7 yoshdan ertaroq ham bolalar maktabga psixologik jihatdan tayyor bo‘lishi mumkinligini, buni esa mutaxassis ko‘rigidan o‘tib tasdiqlatib olish kerakligini qayd etdi.

Qolaversa, psixolog bolani maktabga qanday tayyorlash yuzasidan ota-onalarga o‘z tavsiyalarini ham bo‘lishdi. Batafsil – yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

O‘zbekistonda nega 7 yosh belgilangan?

Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Inobat Ahmedova O‘zbekiston qonunchiligida bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinishi belgilanganiga izoh berdi.

“Bilasizmi, bobo-buvisi bilan birga yashaydigan aksariyat bolajonlarni kuzatsak, ular tengdoshlariga nisbatan ancha aqlli va ziyrak bo‘ladi. Hatto ayrim olti yoshdagi bolalarning yetti yoshli o‘g‘il-qizlarga nisbatan birmuncha uquvli ekaniga ham guvoh bo‘lamiz. Shu bois ko‘pchilik ota-onalar yetti yoshga to‘lmasa ham, “farzandim maktabga borsin” deydi. Vaholanki, olti yoshda bola har qancha aqlli bo‘lmasin, ularda fikrlash qobiliyati to‘liq shakllanib ulgurmaydi. Chunki yetti yoshgacha uning miyasi o‘sish jarayonida bo‘lib, ayni shu yoshdan keyin takomillashadi. Ya’ni bu fiziologik holat hisoblanadi.

Qolaversa, bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar ko‘lami kengayib, aniqlashadi va o‘zaro moslashuv boshlanadi. Ular o‘zini idora etish, harakatlarini nazorat qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Yetti yoshda diqqatni jamlash, vaziyatni baholash va qiyinchiliklarga duch kelganda, to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rganadi.

Shuningdek, bu yoshda bola ham jismonan, ham ruhan chiniqadi, qiziquvchanligi ortadi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni anglashga intiladi. Shuningdek, bu yoshda ularda gigiyenik malakalar shakllanadi”, – deydi SSV bosh mutaxassisi.

Dilshoda Shomirzeva tayyorladi.

Mavzuga oid