Jahon | 13:43 / 28.08.2024
4118
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda yana jurnalistlarga hujum, Kurskda maydonni kengaytirayotgan Ukraina va Sudandagi halokatli suv toshqinlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda insonlarning kun kechirishi tobora murakkablashib bormoqda. Minglab falastinliklar suv uchun navbatga turishga majbur bo‘lmoqda.

Xalqaro standartlarga ko‘ra, favqulodda holatlarda har bir insonga kuniga 15 litr suv zarur bo‘ladi, G‘azo aholisi esa kuniga o‘rtacha 4,7 litr suvdan umid qila olmoqda xolos. Boz ustiga, shugina suv uchun ham ular uzundan uzoq navbatlarda, Isroil armiyasi zarbalari ostida kutishga majbur.

Isroilning zulmi tufayli kommunal xizmatlarning ishi falajlangan. Xon Yunus shahrining sohilga yaqin zonasida yig‘ilib qolgan chiqindi bu yerdan qo‘nim topgan ko‘chirilgan falastinliklarning sog‘lig‘i va hayoti uchun tahdidga aylanmoqda. Antisanitariya sharoitlari epidemiya o‘chog‘iga aylanib ketishi mumkin. Shuningdek, qo‘lansa hid, pashsha va kemiruvchilar ko‘payishiga olib kelmoqda.

Isroil Xon Yunusdagi TRT Arabi telekanali jurnalistlari ish olib borayotgan joyga qarata zarba bergan. TRT Arabi telekanali operatori Muhammad az-Ziyonin va uning yordamchisi Muhammad Karaja hujum natijasida yaralangan. Isroil askarlari OAV xodimlari palatkasi oldida, alohida belgilari bo‘lgan mashinaga qarata zarba bergani aytilmoqda.

Shuningdek, Isroil armiyasi Nusayrat qochqinlar lageriga qarata zarba bergan.

G‘azoning markazida joylashgan uylardan biriga qarata berilgan zarba natijasida esa kamida 5 nafar tinch aholi vakillari, jumladan yosh bolalar o‘ldirilgani aytilmoqda.

7 oktyabrdan buyon halok bo‘lgan falastinliklar soni 40 ming 476 nafarga yetgan. Yaradorlar 93 ming 647 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi ikki kun davomida Isroil hujumlari natijasida 41 nafar falastinlik qurbon bo‘lgan, 113 kishi yaralangan.

G‘azo bo‘yicha muzokaralar

G‘azoda tinchlik o‘rnatilishi bo‘yicha muzokaralar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bilan chuqurlashib bormoqda.

Isroilning 11 oydirki tinim bilmayotgan hujumlari bois G‘azodagi vayronkor humanitar krizis va halok bo‘lganlarning soni tobora oshib borayotgani fonida 16 avgustdan buyon o‘t ochishni to‘xtatishning «oraliq taklifi» bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichi boshlangan.

Yangi taklif Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi bo‘shliqlarni yo‘qotish yoki tartibga solishga qaratilgan.

AQSh, Misr va Qatar, shuningdek, Isroil tomonidan quvvatlangan taklif HAMAS tomonidan rad etildi. Falastin harakati buni Tel-Avivning eksklavda genotsidli urushni davom ettirishga urinishi, deb baholadi.

HAMAS Isroilning barcha qo‘shinlari G‘azodan olib chiqilishi, minglab falastinlik mahbuslar ozod qilinishi, G‘azoni tiklash va qamalni to‘xtatish hamda o‘t ochishni doimiy bas qilishni talab qilib kelmoqda.

Biroq Isroil G‘azoni harbiy nazorat qilish, eksklavni Filadelfiya va Netsarim yo‘laklarida harbiylarning joylashtirish bilan Misrdan uzib qo‘yishni istamoqda.

Yana bir berk ko‘chaga kirib qolgan holat falastinliklarning qaytishi bilan bog‘liq. Isroil barcha falastinliklarning quroli bor-yo‘qligini tekshirish va nazorat qilishni talab qilmoqda, HAMAS esa ularning huquqlarini kafolatlashni istamoqda.

Rossiyada odimlayotgan Ukraina

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Kursk oblastida 100 ta aholi punkti ukrainlarning nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi.

Ukraina armiyasi Kursk oblastining 1294 km kvadrat maydonini egallagan.

«Bugungi kunga kelib biz 1294 km kvadrat maydonni egalladik, bu yerda 100 ta aholi punkti joylashgan», — degan Sirskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugunga kelib Kursk yo‘nalishida Rossiya qurolli kuchlarining 600 ga yaqin askarlari asir olingan.

Sirskiyning qo‘shimcha qilishicha, 30 mingga yaqin rossiyalik harbiylar Kursk yo‘nalishiga ko‘chirilgan. Rossiya tomoni boshqa yo‘nalishlardan qismlarni Kurskka ko‘chirishga harakat qilmoqda, biroq Pokrovsk yo‘nalishida, aksincha, o‘z hujumlarini kuchaytirmoqda.

27 avgust kuni Belgorod oblastida ham ukrain qo‘shinlari bilan to‘qnashuv bo‘lgan. Ukrainaning 60 ga yaqin askari zirhli mashinalarda Nexoteyevka qishlog‘i orqali chegarani yorib o‘tishga harakat qilgan.

Manbalar turlicha axborot tarqatmoqda. Shot Telegram kanalining ta’kidlashicha, artilleriya va aviatsiya vositasida hujumning oldi olingan. Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov ham chegarani kesib o‘tishga urinish bo‘lganini tan olgan.

Ukrainaning to‘rt bandli rejasi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonish uchun to‘rt banddan iborat reja tayyorlangan. Ulardan biri Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumidir. Mazkur reja Vashingtonga yetkaziladi.

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududida ilgarilashi Ukraina o‘tkazmoqchi bo‘lgan Rossiya vakillari ishtirokidagi tinchlik sammiti bilan ham bog‘liq, dedi Zelenskiy.

Uning fikricha, «Kursk operatsiyasi» muvaffaqiyatli chiqqan, chunki ruslar Xarkiv oblastini bosib olishni to‘xtatgan. Shuningdek, Ukraina shimolidagi Chernihiv va Sumi oblastlarida kutilayotgan, ukrain va xorijiy razvedka xizmatlari ogohlantirgan Rossiya hujumining oldi olingan. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlarining hujumi davomida Rossiya qo‘shinlari katta qismi mag‘lubiyatga uchradi, Rossiya askarlarining bir qismi Xarkiv va Zaporijjya yo‘nalishlaridan olib chiqilgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina g‘alaba rejasining ikkinchi nuqtasi uning jahon xavfsizlik infratuzilmasidagi strategik o‘rnidir.

«Uchinchi yo‘nalish — bu Rossiyani urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishga majburlashning kuchli paketi, to‘rtinchisi iqtisodiy», — dedi u.

To‘rtta banddan iborat reja birinchi navbatda prezident Jo Baydenga ko‘rsatiladi. Keyin esa vitse-prezident Kamala Harris va respublikachi nomzod Donald Trampga yetkaziladi.

Zarbaga izn bermayotgan AQSh

AQSh hali ham Ukraina qurolli kuchlariga Amerika qurollarini Rossiyaning ichkari qismiga otishga ruxsat bermaydi, deya ma’lum qildi Pentagon. Ukraina AQShdan olingan qurollardan o‘zini himoya qilish va javoban o‘t ochish uchun foydalanishi mumkinligi ta’kidlandi.

Bu haqda 27 avgust, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Pentagon vakili, AQSh harbiy-havo kuchlari general-mayori Pet Rayder ma’lum qildi.

«Ukrainaliklar xorijdan hujumlardan o‘zini himoya qilish uchun Amerika yordamidan foydalanishi mumkin, boshqacha aytganda, Rossiya hududiga chuqur zarba berish masalasiga kelsak, bizning siyosatimiz o‘zgarmadi», — dedi Rayder jurnalistning savoliga.

Politico nashrining yozishicha, Ukraina rasmiylari AQSh rahbariyatiga Rossiya hududidagi Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofani mo‘ljalga oluvchi Amerika qurollari bilan zarba berishi mumkin bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini taqdim qilmoqchi. Shunday qilib, Kiyev Vashingtonni taqiqni bekor qilishga ishontirish uchun «so‘nggi urinish»ni amalga oshirmoqchi, deb yozadi nashr.

Bangladesh va Sudandagi suv toshqinlari

Bangladeshda ro‘y berayotgan tinimsiz yomg‘ir tufayli sodir bo‘lgan suv toshqinlari va yer ko‘chishi qurbonlari 27 kishiga yetgan. Yana ikki kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.

Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va yordam berish vazirining maslahatchisi Ali Rozga ko‘ra, mamlakatdagi tinimsiz yomg‘irlar oqibatida 5,6 kishi ziyon ko‘rgan.

Urush, ocharchilik va epidemiyadan jabr chekayotgan Sudan ustiga ham tabiiy ofat yopirilgan. Bu yerda iyun oyidan buyon davom etayotgan kuchli yomg‘irlar hamda suv toshqinlari qurbonlari 138 kishiga yetgan.

«31 ming 666 oila yoki 129 ming 650 kishi ziyon ko‘rgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.

Qayd qilinishicha, 12 ming 420 ta uy to‘liq vayron bo‘lgan.

Bundan tashqari, vazirlik vabo bilan kasallanish ham ortganini ma’lum qilmoqda. Hozircha 1223 kishida bu yuqumli kasallik aniqlangan.

Yomg‘ir shundoq ham ocharchilikdan qiynalayotgan Sudanda qishloq xo‘jaligi ekinlarining nobud bo‘lishiga ham sababchi bo‘lgan.

Mavzuga oid