Jahon | 12:58 / 29.08.2024
2421
9 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy sohildagi harbiy reydlar, garov evaziga ozod qilingan Durov va xavfsiz davlatligi ta’kidlanayotgan Afg‘oniston - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil armiyasi nafaqat G‘azo sektorida, bosib olingan G‘arbiy sohilda ham falastinliklarni o‘ldirishda davom etmoqda. Chorshanba kungi reydlardan birida G‘arbiy sohilning shimoliy qismida isroilliklar 11 nafar falastinlikni otib tashladi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining qisqacha bayonotida Jyenin shahrida olti kishi, Tubas shahrida yana besh kishi isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirilgani aytilgan.

Isroil armiyasi G‘arbiy sohilning shimoliy hududlari — Jyenin, Tubas va Tulkarmda harbiy reydlar o‘tkazilayotganini tasdiqlagan.

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats TsAHAL «o‘tgan tundan boshlab Jyenin va Tulkarmdagi qochqinlar lagerlarida tashkil etilgan Eron terrori infratuzilmalarini yo‘q qilish uchun to‘liq kuch bilan amaliyot boshlagani»ni aytgan.

Kats Hamas va «Islom jihodi»ni qo‘llovchi Eronni G‘arbiy sohilda Isroilga qarshi yangi front ochishga intilayotganlikda ayblagan.

«Biz G‘azodagi terrorchilik infratuzilmasiga qarshi qanday kurashayotgan bo‘lsak, bu tahdid bilan ham shunday kurashishimiz kerak, jumladan Falastin aholisini vaqtincha evakuatsiya qilish va barcha zarur choralarni ko‘rish orqali», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Falastindagi guruhlar, jumladan HAMAS Jyenin va Tulkarmda isroillik harbiylar bilan to‘qnashuvlarda ishtirok etishayotganini xabar berishgan.

Keyingi bir necha yillar davomida Isroil harbiylari G‘arbiy sohilda reydlar tashkillashtirib kelishadi. G‘azoda urush boshlanganidan so‘ng bu reydlar kuchaygan.

G‘azoda esa urushning 327-kuniga kelib qurbonlar soni 40 ming 534 kishiga yetgan. Yaralanganlar soni 93 ming 778 kishiga yetgani ma’lum qilinmoqda. So‘nggi sutka ichida G‘azoda 4 ta qirg‘in o‘tkazilgan. 58 kishi o‘ldirilgan, 131 kishi yaralangan.

Durov garov evaziga ozod qilindi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Parijda garov evaziga ozod qilindi. 28 avgust kuni kechqurun Parij sudi Telegram asoschisini hibsdan ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqardi, deb xabar bermoqda Parij prokuraturasi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Pavel Durovga nisbatan uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq bir qator jinoyatlarda ayblov e’lon qilingan.

Prokuraturaning qayd etishicha, Durov 5 mln yevro garov puli kiritish evaziga sud nazorati ostida bo‘lish sharti bilan ozod qilingan. Unga Fransiyani tark etish taqiqlangan. Haftasiga ikki marta politsiyaga kelib, qayddan o‘tib turishi kerak bo‘ladi.

Parij prokuraturasi press relizida aytilishicha, 2013 yili yaratilgan Telegram messenjeri turli jinoyatlar, jumladan bolalarga nisbatan shahvoniy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoiy ishlarda tilga olingan.

Prokuraturadagilarning qayd etishicha, Telegram sud so‘rovnomalariga mutlaqo javob bermasligi aniq bo‘lganidan so‘ng Fransiya hokimiyati vaziyatga e’tibor qaratgan va tergo-surishtiruv harakatlari boshlangan.

Dastlabki surishtiruvlar 2024 yilning fevralida Parij prokuraturasi rahbarligi ostida boshlangan, sud surishtiruvi esa 8 iyuldan boshlangan.

Parij prokuraturasi Telegram hammuassisi sifatida Pavel Durovning akasi — Nikolay Durovga ham 25 martda qidiruv e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Aka-ukalar Telegram yordamida sodir qilingan turli jinoyatlar uchun sherikchilikda ayblanmoqda. Shu vaqtgacha soyada bo‘lgan matematik Nikolay Durov Telegramning asosiy shifrlash protokolini ishlab chiqqani aytilmoqda. 

Rossiyadagi migrantlar kamaymoqda

Rossiyaga mehnat migratsiyasi koronavirus pandemiyasi tugaganidan bir necha yil o‘tib ham pandemiyadan oldingi darajaga qaytmadi. Garchi epidemiyaga qarshi cheklovlarning bekor qilinishi, ko‘plab mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, Rossiyada mehnat migratsiyasi miqdorini pandemiyadan oldingi darajaga olib chiqishi kerak edi.

Bu haqda Ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya ma’lum qilgan. Uning hisob-kitoblari Rosstat, Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga asoslanadi.

Umuman olganda, 2022 yilda Rossiyada xorijiy ishchilarning o‘rtacha yillik soni 3,47 million kishini tashkil etdi, bu pandemiyadan oldingi 2018-2019 yillardagi ko‘rsatkich — 4-4,5 milliondan sezilarli darajada past. 2023 yilda mehnat migrantlarining o‘rtacha yillik soni taxminan bir xil bo‘ldi, bu Rossiya mehnat bozoridagi barcha xodimlarning 4,5 foizini tashkil qiladi.

So‘nggi yillarda Rossiyaga mehnat migratsiyasi asosan Markaziy Osiyoning uchta davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan amalga oshirilmoqda. 2023 yilda Rossiyaga kirgan mehnat migrantlari orasida 87 foizdan ortig‘i ushbu uch davlatdan kelgan. «Ishlash» maqsadida migratsiya bo‘yicha ro‘yxatga olinganlar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlar o‘xshash — bu yerda ham markaziy osiyolik migrantlar ulushi ham 2022 yilda qariyb 87 foizni, 2023 yilda esa 85 foizni tashkil qilgan.

Qayd qilinishicha, 2024 yilda Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar soni bundan ham kamroq bo‘lishi mumkin.

G‘arbga eshik ochayotgan Eron

Eron yadroviy qurol bo‘yicha AQSh bilan muzokaralar uchun «eshiklarini ochdi». Mamlakat oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy dushman bilan muloqotning «hech qanaqa zarari yo‘q», degan.

Shu bilan birga, Xomanaiy Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon boshchiligida o‘tkaziladigan har qanday muzokaralarning aniq chegarasini belgilab berib, Vashingtonga ishonib bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.

«Bu ma’lum bir vaziyatda dushman bilan o‘zaro muloqotda bo‘la olmasligimizni anglatmaydi. Buning hech qanday zarari yo‘q, lekin ularga umid bog‘lamang», — deydi Eron oliy rahnamosi.

Associated Press’ning yozishicha, Xomanaiyning so‘zlari Eron 2015 yilda o‘z yadroviy dasturini iqtisodiy sanksiyalarni yechish evaziga qisqartirgan paytdagi gaplariga o‘xshamoqda.

2015 yil iyulda Eron AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy va Rossiya bilan yadroviy kelishuvga erishgan edi. Uning doirasida Tehron yadroviy dasturi cheklanishi va mamlakatga qo‘llangan sanksiyalar yechib tashlanishi kerak bo‘lgan.

Kelishuvning asosiy talabiga ko‘ra, Tehron uranni 3,67 foizdan ortiqqa boyitmasligi lozim edi. Bunday urandan energetika reaktorlarida foydalanish mumkin, biroq yadroviy qurollarni yaratishga yaroqsiz.

2018 yilda AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp kelishuvni «ishonchli emas» deya undan chiqqan. Bitimning qolgan ishtirokchilari mazkur qarorni qo‘llab-quvvatlamadi. Umuman olganda, Tehron yadroviy qurol yaratish niyatini rad etib, dastur faqat tinchlik maqsadiga yo‘naltirilganini ta’kidlab keladi.

Afg‘oniston xavfsiz mamlakat?

«Tolibon» Afg‘onistonni xavfsiz mamlakat deb e’lon qildi. 2023 yil aprelidan 2024 yil martigacha Afg‘onistonda jinoyatchilik darajasi 30 foizga kamaygan.

So‘nggi 40 yil ichida birinchi marta mamlakat aholisi o‘z hayoti uchun qo‘rqmasdan turli viloyatlarga sayohat qilishi mumkin, deya xabar qilgan Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi.

«Tolibon» Ichki ishlar vazirligining qayd qilishicha, politsiyaning mahorati sezilarli darajada oshdi va ularning soni ortdi. Qolaversa, qo‘shni davlatlar Afg‘onistondan kelayotgan tahdidlar haqida dalillar keltirmayapti, shu boisdan mamlakat bu borada xavfsiz.

Departamentning ta’kidlashicha, uning hududida IShID tuzilmalari butunlay yo‘q qilingan, terrorchilik guruhi faoliyatiga barham berilgan.

Bundan tashqari, xavfsizlik kuchlari narkotik savdogarlariga qarshi kurashmoqda. Ko‘knori ekilgan maydonlar yo‘q qilinib, giyohvandlar davolanishga jo‘natilmoqda, noqonuniy giyohvand moddalarni sotgan holda qo‘lga olinganlar javobgarlikka tortilyapti.

Mavzuga oid