Jamiyat | 15:01 / 02.09.2024
1686
2 daqiqa o‘qiladi

“Hech qanday yong‘in holati sodir bo‘lmagan” – Yangiyo‘ldagi chiqindixona bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi qariyb 40 gektarlik chiqindi poligonida aholiga aziyat keltirib chiqaruvchi holat sodir bo‘lmasligi uchun kerakli ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Chiqindixonada yong‘in kelib chiqqanlik holati joyiga borib o‘rganilganida o‘z tasdig‘ini topmagan.

Foto: Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani Iftixor mahallasida yashovchi bir guruh aholi Kun.uz’ga murojaat qilib, hududdagi chiqindi poligonida yong‘in chiqqanini va qariyb bir oydan buyon atrofni tutun qoplayotganini ma’lum qilgandi.  

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi ushbu holatga rasmiy munosabat bildirdi. Boshqarmaga ko‘ra, chiqindixonada yong‘in chiqqani haqidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmagan.

“Holat Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Yangiyo‘l tumani bo‘limi tomonidan 31 avgust kuni joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish davomida Yangiyo‘l tumani Iftixor mahallasi hududida joylashgan chiqindi poligonida hech qanday yong‘in holati sodir bo‘lmagani va atrofga hech qanday tutun ham tarqalmayotgani aniqlandi. Ushbu chiqindi poligonida aholiga aziyat keltirib chiqaruvchi holat sodir bo‘lmasligi uchun kerakli ishlar muntazam olib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.

Boshqarma OAV hamda blogerlarga bu kabi ma’lumotlarga oydinlik kiritishda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat qilishlari mumkinligini qo‘shimcha qilgan.  

Mavzuga oid