Turkiya BRICSʼga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi
Turkiya hukmron partiyasi vakiliga ko‘ra, Anqaraning BRICSʼga qo‘shilish jarayoni boshlangan.
Turkiya BRICSʼga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Bu haqda 3 sentabr, seshanba kuni Turkiyadagi hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili O‘mer Chelik ma’lum qildi.
«Prezidentimiz BRICSʼga a’zo bo‘lmoqchi ekanligimizni bir necha bor ta’kidladi», - deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. Chelik ariza qachon yuborilganiga aniqlik kiritmadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumotlar natijalar paydo bo‘lgach e’lon qilinadi, deb xabar berdi dpa.
A’zolik Turkiyaning Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashi mumkin
Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat «ham Sharq, ham G‘arb davlatlari bilan bir vaqtning o‘zida aloqalarini mustahkamlasa, kuchli, farovon, nufuzli va samarador bo‘lishi»ni ta’kidlagan edi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, bundan o‘zga har qanday yo‘l Turkiyaning «ziyoniga xizmat qiladi».
BRICSʼga a’zolik Turkiyaning Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashi mumkin, degan agentlik hamsuhbatlari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan yetkaziladigan tabiiy gaz uchun «eksport habi» bo‘lishni maqsad qilgan.
Falastin BRICS’ga a’zolik uchun ariza beradi
Falastin oktyabr oyida Qozonda o‘tkaziladigan sammitdan keyin BRICS a’zoligi uchun ariza berish niyatida. Bu haqda mamlakatning Rossiyadagi elchisi Abdul Hofiz Nofal ma’lum qildi.
«Sammitdagi birinchi ishtirokimizdan keyin biz ushbu tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha so‘rov yuboramiz. Va Rossiya prezidenti Vladimir Putin sessiya to‘liq Falastinga bag‘ishlanishiga va’da berdi, shu bois ushbu sammitdan faqat ijobiy natijalarni kutmoqdamiz», — deydi elchi.
Nofal, shuningdek, sammitga taklif etilganini Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash belgisi deb atadi. Xalqaro guruhning navbatdagi sammiti 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadi.
Ozarboyjon BRICS a’zosi bo‘lish uchun ariza topshirdi
Avgust oyi o‘rtalarida Ozarboyjon BRICS a’zosi bo‘lish uchun rasman ariza topshirdi. Undan oldin Ozarboyjonning Moskvadagi elchisi Bokuning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
19 avgust kuni Bokuda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. OAV xabariga ko‘ra, ularda iqtisodiy hamkorlik, xalqaro va mintaqaviy muammolar, xususan, Armaniston-Ozarboyjon mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish masalalari muhokama qilingan, shuningdek, qo‘shma bayonot qabul qilingan, uchta kelishuv va uchta memorandum imzolangan.
BRICS 2006 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, keyinchalik unga Janubiy Afrika qo‘shilgan. 2024 yil 2 yanvar kuni unga Misr, Eron, BAA va Efiopiya qabul qilindi.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024