Jahon | 12:19 / 07.09.2024
12253
15 daqiqa o‘qiladi

Mo‘yqalamidan qon tomgan rassom: Vereshchagin kim bo‘lgan?

1904 yilda Port-Artur qal’asi yaqinida ruslarning Petropavlovsk harbiy kemasi yaponlar minasiga duch kelib portlab ketadi, kemadagilar halok bo‘ladi. Ular orasida Vasiliy Vereshchagin ham bor edi. Bir qo‘lida mo‘yqalam, boshqasida qurol tutgan bu shaxs avvalroq Samarqandda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishda qatnashgan edi.

Foto: Kun.uz

XIX asrning ikkinchi yarmida Chor Rossiyasi Markaziy Osiyoning janubiy qismini bosib olish harakatlarini boshlar ekan, o‘shanda Turkistonga rus askarlari bilan birga boshqa sohalar vakillari ham kirib keladi.

Ular orasida savdogarlar, muhandislar va boshqa kasb egalari bilan birga rassom Vasiliy Vereshchagin ham bor edi.

Bu insonni bugun eslayotganimiz bejiz emas.

Rossiya avval Kavkaz, keyin Turkistonni bosib olar ekan, sof vijdonli rus ziyolilari imperiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi chiqadi. Ulardan farqli ravishda Vereshchagin chorizm istilosiga qarshi chiqish o‘rniga, Chor Rossiyasi armiyasiga qo‘shilib, janglarda ishtirok etadi.

Jumladan, anchayin yovuz odam bo‘lgan rassom bir qo‘lida mo‘yqalam, boshqasida qurol bilan Turkistonni bosib olishda ishtirok etadi.

Taniqli adib, publitsist Ortiqboy Abdullayev rus adiblarini o‘zaro taqqoslab, Vereshchaginga shunday ta’rif bergandi:

«O‘z vaqtida ilg‘or rus ziyolilari bosqinchilik va talonchilikka qarshi faol munosabat bildirdi. Gersen va Ogaryovlar Londonda turib rus imperializmining istilochilik faoliyatini fosh etuvchi maqolalar e’lon qildi. Buyuk rus adibi Lev Tolstoy bir qancha qissa va hikoyalarida («Hojimurod»ni eslang) o‘z ozodligi, erki uchun rus zobitlariga qarshi mardona kurashayotgan tog‘lik qahramonlarning oliyjanob siymosini katta mehr, xayrixohlik bilan tasvirlaydi. M.Lermontov otashin she’rlarida «yuvuqsiz Rossiya» ustidan ayovsiz hukm chiqaradi.

Amerika jurnalisti Mak-Gaxan o‘z xotiralarida chor istibdodining qonli manzaralarini haqqoniy chizib beradi. Turkistondagi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etgan V.Nalivkin begunoh qon to‘kishlarga chiday olmasdan, chor armiyasini tashlab ketadi va chekka Nanay qishlog‘ida yer sotib olib, qo‘sh haydab, o‘z mehnati, bilak kuchi bilan tirikchilik qilishni ma’qul ko‘radi. Bunday fidoyilar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Afsuski, ular orasida Vereshchaginning nomi yo‘q».

Vereshchagin o‘zi chizgan surat fonida

Urushni xush ko‘ruvchi rassom

Vasiliy Vereshchagin 1842 yilda Novgorod guberniyasidagi Cherepovets shahrida tug‘ilgan. Ulg‘aygach, avval harbiy maktabda, so‘ng Sankt-Peterburg san’at bilim yurtida tahsil olgan.

Sankt-Peterburgda o‘qib yurganida u haftasiga bir necha martadan rassomlarni rag‘batlantirish imperator jamiyatiga qatnab yuradi. Rassom ijodini aynan shu davrda boshlaydi.

Vereshchagin iste’dodli rassom bo‘lib yetishadi. Shu bilan birga bu shaxs urushni yoqtirardi. Shu sababli u Chor Rossiyasi armiyasining turli istilochilik yurishlarida harbiy sifatida qatnashadi va janglarda ishtirok etadi.

Rassom o‘z harbiy faoliyatini 1867 yilda ruslarning Turkistonni bosib olish yurishlarida boshlaydi. O‘shanda uni Markaziy Osiyoga Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman taklif qilgan.

Keyinchalik u Bolqon yarimorolida bo‘lib o‘tgan Turk-rus urushida, Uzoq Sharqda Rus-yapon urushida ishtirok etadi.

1868 yil Kaufman Vereshchaginni Samarqand shahrida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishda jonbozlik ko‘rsatgani uchun 4-darajali avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlaydi (Putin Rossiyasi davrida ommalashtirilgan Georgiy lentasi aynan mana shu ordenga tegishli).

Vereshagin 1868 yilda Samarqandda chizgan suratlardan biri

«1868 yilda Samarqand»

Samarqandda bir muddat yashagan va bu yerda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishda qatnashgan Vereshchagin keyinchalik «1868 yilda Samarqand» nomi bilan estaliklarni yozadi. Bu estaliklarni Ortiqboy Abdullayev rus tiliga o‘girgan.

Rassom bu asarida Samarqandda qo‘zg‘lonchilarga (yurt himoyachilariga) qarshi jang tafsilotlarini batafsil hikoya qilgan. Vereshchagin o‘z estaliklarida boshqa rus shovinist-imperalistlari kabi fikrlaydi:

«General Golovachyov Kattaqo‘rg‘on qal’asini qo‘lga olish uchun otlandi, men ham jang manzaralarini jillaqursa endi yaqindan ko‘rayin, degan umidda bu kichik safarga birga bordim, ammo changdan boshqa hech narsani ko‘ra olmadim, chunki otryaddagi zobitlarni haddan tashqari afsuslantirgan hodisa yuz berdi — qal’a jangsiz taslim bo‘ldi.

Suvoriylar boshlig‘i Shtrandman ishning bunday tinch yakunlanganidan nihoyatda g‘azablandi va qal’aning taslim bo‘lganini bildirib, sadoqat izhor etib kelgan elchilarni menga topshiring, ularga dovyuraklikni o‘rgatib qo‘yaman, deb generaldan talab qildi. Otryad otashinlik bilan kutgan ish qo‘ldan ketdi — mukofotlar, nishonlar, martabalar boy berildi — alam qilmaydimi?!»

Boshqa tomondan rassomning Samarqand haqidagi xotiralari rus askarlarining shaharni bosib olishda ko‘rsatgan xunrezliklarini yaqqol tasvirlab bergan.

Chor Rossiyasi askarlari Samarqand atrofida

Bu asari bilan Vereshchagin «O‘rta Osiyo Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan» deb targ‘ibot olib borgan sovet ideologiyasini yolg‘on ekanini isbotlaydi. Chunki Turkiston Chor Rossiyasi tomonidan kuch bilan bosib olingan edi.

Bosqinchilar ayniqsa Samarqand ahli tomonidan ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishgach, quturib ketishadi va hech kimga rahm-shafqat qilmaydi. Rassom asarida shunday yozadi:

«O‘z ixtiyori bilan jazolovchilar to‘dasiga qo‘shilgan harbiy ta’minotchi ma’murlardan biri menga so‘zlab berdi: «Bir qancha askarlar bilan bir uyga bostirib kirdik, qarib, qoq suyak bo‘lib ketgan kampir bizni «omon, omon!» deb qarshiladi. O‘tirgan chiltasining ostida bir narsa qimirlaydi — qarasak, 16 yoshlardagi yigitcha yashiringan ekan! Sudrab chiqdik va, albatta, buvisiga qo‘shib, nayzaga tortdik».

Askarlarga do‘konlarni talashga ruxsat berilgandi, u yoqdan nimalarni olib chiqishmadi deysiz! Ular yerlilarning biri-biridan chiroyli va nafis kiyimlarini kiyib, taqinchoqlarini taqib shunday g‘alati kepataga tushishgandiki, ko‘rgan kishi kulgidan o‘zini sira tiyolmas edi. Bu yerda arzimagan bir-ikki so‘mga etnograf uchun butun boshli xazinaga arziydigan buyumlarni sotib olish mumkin edi.

Yong‘in paytida qanchadan-qancha mo‘jizalar: ko‘hna yodgorliklar, o‘ymakor darvozalar, ustunlar va boshqa narsalar yonib ketdiki, eslashning o‘zi dahshat!

Nazarov sakkiz kunlik qamal chog‘ida besaranjomlik keltirgan ko‘hna shahar bilan ana shu tarzda hisob-kitob qilib, taskin topayotgan edi: ayniqsa, u minorasidan turib yaradorlarimiz va zambaraklarimizga qarab o‘t otilgan Sherdor madrasasiga butun qahr-u g‘azabini sochgandi, «la’nati machitdagilarning hammasini nayzaga sanchdim», deb maqtangandi keyin u».

1868 yilda Samarqandda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish

Asarning davomida rassom shunday yozadi:

«General Kaufman ko‘z o‘ngimda aniq jonlanib turibdi, shuncha alg‘ov-dalg‘ovdan keyin u yonida qurol topilgani uchun ushlangan yoki boshqa noxush ishlarda gumonsirab qo‘lga olingan turli-tuman odamlarni saroyda sud qilib, jazoga hukm qilardi. Zobitlar qurshovida safar o‘rindig‘iga yastanib olgan oliyjanob Konstantin Petrovich to‘xtovsiz papiros chekar va mutlaqo shafqatsiz ohangda: «Otib tashlansin, otib tashlansin, otib tashlansin, otib tashlansin!» degan gapni takrorlardi, xolos».

Rassom Turkistonda uzoq qolib ketmaydi. U 1868 yilda Rossiyaga qaytadi va 1869 yilda Sankt-Peterburgda ilk bor Turkistonda chizgan suratlari ko‘rgazmasini o‘tkazadi.

«Turkiston seriyasi» deb nomlangan to‘plamda ko‘plab rasmlar bor edi. Keynchalik bu to‘plam Parij, London va Yevropaning boshqa shaharlarida ham ommaga namoyish etiladi.

Samarqandga hujum qilayotgan Chor Rossiyasi harbiylari

Rassomning keyingi hayoti

Urushni yoqtiruvchi shaxs Vereshchagin 1877 yilda Rossiya va Usmoniylar imperiyasi o‘rtasida urush boshlanganini eshitib, rassom Bolqon yarimoroliga jo‘naydi va borib rus harbiylariga qo‘shiladi. Ana shu yerda Vereshchaginning asl yuzini ochuvchi holatlardan biri sodir bo‘ladi.

Ortiqboy Abdullayev rassomning «1868 yilda Samarqand» asarini tarjima qilar ekan, uning so‘zboshisida shunday yozadi:

«1877 yildagi Andrianapol bosqini» («Jivaya starina», 1888) ocherkidan bir lavha keltiramiz. Muallif bir o‘rinda bulg‘orlarning chaquviga ko‘ra ikki alban yigiti qamoqqa olinib, bog‘lab qo‘yilgani haqida yozadi.

Tomoshatalab rassom general Strukovdan bularni dorga osing, deb iltimos qiladi. General bunga ko‘nmaydi, Hatto hayron qolib: «Vasiliy Vasilevich, sizni bu darajada qonxo‘r deb o‘ylamagandim. Nega bunchalik yovuz bo‘lib ketdingiz!» — deb ta’na qiladi ham. Rassom esa dorga osish manzarasini ko‘rishni xohlagan edim, deb bamaylixotir javob beradi».

1877 yilda bo‘lib o‘tgan janglarning birida rassom oyog‘idan yaralanadi. Oyoqni operatsiya qilib davolashadi. Shundan so‘ng Vereshchagin Bolqondan ketadi va Hindiston, Falastin hamda Suriya bo‘ylab sayohat qiladi. So‘ng AQShga ham boradi.

Bolqondagi Turk-rus urushi paytida chizilgan surat

1904 yil 27 yanvarda rus-yapon urushi boshlanadi. Qirg‘inlar va urushni xush ko‘ruvchi rassom yana urushga otlanadi.

1904 yil 31 mart kuni Vereshchagin Port-Artur qal’asi yaqinida admiral Stepan Makarov bilan birga «Petropavlovsk» zirhlangan kemasida bo‘lgan chog‘ida harbiy kema yaponlar minasiga duch kelib, portlaydi. Oqibatda kemadagi harbiylar bilan birga rassom ham halok bo‘ladi. O‘shanda rassom 61 yoshda edi.

Vereshchagin hayoti davomida asosan bir qo‘lida mo‘yqalam va ikkkinchisida qurol bilan yashab o‘tgan. U Chor Rossiyasining bosinchilik urushlarida qatnashgan va bu yo‘lda ko‘plab insonlarni o‘ldirib, qo‘li qonga botgan.

Rassom o‘z asarlarida asosan urushni tasvirlagan. U «Turkiston seriyasi»dan tashqari «Kavkaz seriyasi», «Varvarlar» (Yovvoyilar), «Bolqon seriyasi», «Qatl etish triologiyasi» va hokazo turkum rasmlarini chizgan.

Vereshchaginning «Varvarlar» (Yovvoyilar) turkum rasmlari ham Turkistonda chizilgan va unda rus bosqinchilari maqtalib, mahalliy aholi kamsitilib, vahshiy sifatida tasvirlangan.

Samarqand ko‘chalari

Ortiqboy Abdullayev Vereshchagin o‘z asarlarida nimalarni tasvirlagani haqida shunday yozadi:

«Bosqinchilar o‘lkamizni qilich va to‘p bilan, zo‘ravonlik bilan zabt etganini bugungi kunda tilga kirgan turli-tuman hujjatlar, dalillar isbotlab bermoqda. V. Vereshchagin asarida tasvirlangan o‘liklarni toptab, yanchib o‘tayotggan, murdaning ko‘ziga nayza sanchayotgan, keksa kampir bilan navjuvon o‘smirni ayamay qilichdan o‘tkazayotgan, begunoh mullani minoraning uchidan uloqtirib yuborgani haqida maqtanayotgan, buyuk obidalarga o‘t qo‘yayotgan bag‘ritosh askarlar haqli ravishda o‘quvchi nafratiga uchraydi. Bu sahifalar chorizm bosqini haqidagi tasavvurlarimizga aniqlik kiritadi, fikrimiz ufqlarini kengaytirib, tarix haqiqatini qaytadan tiriltiradi».

Sovet hukumatining Vereshchaginga va Rossiya imperiyasiga munosabati

Olchoq sovet hukumati 73 yil davomida SSSRda ko‘plab millatlarga o‘z tarixlarini o‘rganishga yo‘l qo‘ymadi. Shu jumladan, o‘zbek xalqining tarixi ham faqat salbiy bo‘yoqlarda ko‘rsatildi.

Amir Temur, Bobur va boshqa hukmdorlar qoralandi. Chor Rossiyasi Markaziy Osiyoni bosib olgancha minglab madrasalar va o‘n minglab boshlangich maktablar faoliyat ko‘rsatganiga qaramasdan maktablarda va oliygohlarda o‘zbek xalqi 99 foiz savodsiz bo‘lgan, deb dars berildi.

Rassom o‘z yurtini himoya qilgan samarqandliklarni shu tarzda tasvirlagan

Boshqa tomondan esa zo‘r berib «ulug‘ rus xalqi» ko‘kka ko‘tarildi. Ittifoqdosh respublikalardagi maktablarda ham tarix darslarida rus hukmdorlari, jumladan knyaz Vladimir, Dmitriy Donskoy, Ivan Grozniy, Pyotr Birinchi kabi hukmdorlar, Suvorov hamda Kutuzov kabi qo‘mondonlar zo‘r berib maqtaldi.

Sovet ideologiyasi bir tomondan ko‘plab millatlar uchun ittifoqqa birlashish (aslida barcha millatlar kuch bilan majburan birlashtirilgandi) afzalligini uqtirib, Chor Rossiyasi davrida barchasi yomon bo‘lganini aytardi.

Ikkinchi tomondan Chor Rossiyasi, umuman olganda Rossiya imperiyasi maqtalardi. Shu sababli garchi rassom bo‘lsa ham qo‘liga qurol olib boshqa yurtlarni bosib olishda qatnashgan va bu yo‘lda ko‘plab insonlarni o‘ldirgan Vereshchagin ko‘kka ko‘tarilardi.

Sovet davrida rassomning nomi ko‘plab ko‘chalarga berilgandi. Shu jumladan, bosqinchi rassomning nomi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga qo‘yilgandi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, ko‘cha nomi o‘zgartirildi.

Ortiqboy Abdullayev rassomga shunday ta’rif beradi:

«Vereshchaginning rassomligi, iste’dodi o‘z yo‘liga. Ammo qanday odamligi, ma’naviy dunyosi, qalbi qanchalik puch ekanini, zo‘ravonlik, o‘zgalarni ezish, tahqirlash ruhi qon-qoniga singib ketganini yuqoridagi achchiq manzara ko‘zguda ko‘rsatgandek aniq namoyon etib turibdi. Afsus! Xalqimiz topib aytganidek «Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin!»

Vereshchagin va u mansub bo‘lgan guruh bosqinchilik siyosatini mufassal avj oldirayotgan chorizmning sadoqatli (aslida, manfur) qullari sifatida tarixda qoldi. Ularning o‘zga xalqlarni ezish, talash, yo‘q qilishdan iborat yovuz kirdikorlari ilg‘or insoniyat vakillari tomonidan hamisha qoralanadi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid