Samarqandda o‘qituvchilar maktabdagi obodonlashtirish ishlariga “o‘z ixtiyori bilan” qatnashgani aytildi
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘qituvchilar o‘z ixtiyori bilan ishlaganini aytib, hozirda holatni videoga olib internetda tarqatganlarga qonun doirasida (!) chora ko‘rish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 75-sonli maktabda o‘quvchi va o‘qituvchilar majburiy mehnatga chiqarilayotgani aytilgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi raddiya e’lon qildi.
Raddiyada yozilishicha, holat tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi va hamkor tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan.
O‘quvchilarning maktab hovlisidagi yerni ishlayotgan tasvirlari 2024 yil 19 aprel kuni 9-"B" sinf (o‘sha paytda 8-"B"sinf) o‘quvchilari texnologiya darsida “Kasbim faxrim” to‘garagi mashg‘ulotlarining “Gulchilik kasbi, issiqxona gullari va dala gullari”mavzusidagi dars doirasida o‘z xohishlari bilan ushbu mikro uchastkaga gul ekmoqchi bo‘lganlarini tushuntirish xatlarida ma’lum qilishgan.
Bundan tashqari, pedagoglarning maktab hovlisida obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanayotganliklari tasvirlangan videolavha 2024 yilning 8 avgust kuni olingani aniqlangan.
Joriy yil 7 avgust kuni 75-sonli maktabda navbatdan tashqari pedagogik kengash yig‘ilishi o‘tkazilgan va unda maktab direktori tomonidan obodonlashtirish ishlarida xodimlarning yordam berishi taklifi kiritilgan.
Obodonlashtirish ishlarida maktabdagi 50 nafar o‘qituvchidan 12 nafari o‘z xohishlariga ko‘ra (!) ishtirok etgan.
“Ayni paytda holatni tasvirga olib g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqaroni aniqlash va unga qonun doirasida choralar ko‘rish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi raddiyada.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda o‘qituvchilarni o‘zlariga tegishli bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilish holatlari juda tez-tez uchrab turadi. Aksariyat hollarda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilganlar “ular o‘z ixtiyori bilan ishladi” degan vajlar bilan suvdan quruq chiqib ketishadi.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
20:51 / 18.11.2024