Jahon | 12:18 / 13.09.2024
1457
3 daqiqa o‘qiladi

Bundestag migratsiya siyosatini kuchaytirish choralarini muhokama qildi

Germaniyada hukmron koalitsiya fraksiyalari parlamentga ikkita qonun loyihasini taqdim etdi. Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer gap Germaniyada erkinlik va xavfsizlikni ta’minlash haqida ketayotganini ta’kidladi.

Foto: Hannes P Albert/dpa/picture alliance

Zolingendagi qonli hujumdan uch hafta o‘tib, Germaniyadagi hukmron koalitsiya fraksiyalari – Sotsial-demokratlar, «yashillar» va erkin demokratlar 12 sentabr, payshanba kuni Bundestagga migratsiya siyosatini kuchaytirish bo‘yicha ikkita qonun loyihasini taqdim etdi. Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer parlament muhokamasi avvalida gap Germaniyada erkinlik va xavfsizlikni ta’minlash haqida ketayotganini ta’kidladi. «Kim bizdan himoya olsa, uni suiiste’mol qilmasligi kerak, aks holda u Germaniyani tark etishga majbur bo‘ladi», dedi u.

Hukmron partiyalar kiritgan qonun loyihalari uchta ustunga asoslanadi - deportatsiyaga uchragan boshpana izlovchilar uchun ijtimoiy imtiyozlarni qisqartirish, radikallarga qarshi kurashda xavfsizlik kuchlarining vakolatlarini kengaytirish va pichoq bilan bog‘liq qurol qonunlarini kuchaytirish.

Xavfsizlik kuchlari bundan buyon ekstremistlar deb taxmin qilingan shaxslarga qarshi tergov paytida yuzni biometrik aniqlashdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. O‘z mamlakatiga uzrsiz sababsiz safar qilgan qochqinlar himoya maqomini yo‘qotadilar. Boshqa Yevropa Ittifoqi davlati mas’ul bo‘lgan boshpana izlovchilar Germaniyada ijtimoiy nafaqa olishmaydi.

Muxolifat tanqidi

Eng yirik muxolifat partiyalari fraksiyalari – Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqlari kiritilgan qonun loyihalarini qo‘llab-quvvatlamoqda, ular «ko‘plab oqilona choralar»ni o‘z ichiga olgan, biroq yetarli emas. Ular yana muhojirlarning Germaniyaga kirishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarada taqiq qo‘yishni talab qilishdi. Germaniya hukumati bu talabni amaliy va huquqiy jihatdan amalga oshirish mumkin emas deb hisoblaydi.

Qonun loyihalari Bundestagda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qachon ko‘rib chiqilishi hozircha noma’lum. Qonunchilikning ayrim qismlari ham Bundesratdan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Germaniya 23 avgust kuni Zolingen shahrida sodir bo‘lgan fojia fonida migratsiya qonunlarini kuchaytirmoqda, o‘shanda 26 yoshli suriyalik yigit turli millatlar festivaliga tashrif buyuruvchilarga pichoq bilan hujum qilib, uch kishini o‘ldirdi. Erkak ekstremistlar bilan aloqador bo‘lgan.

Mavzuga oid