Jahon | 23:35 / 23.09.2024
6050
11 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyaning muvaffaqiyat tarixi: CO2 chiqindilarini kamaytirgan holda qanday qilib YaIMni ikki baravarga oshirish mumkin?

1990 yildan beri Shvetsiya issiqxona gazlari ajralib chiqishini 80 foizga kamaytirdi va shu bilan birga iqtisodiyotning kutilgan o‘sishiga erishdi. Buning siri nimada? Bu borada shvedlardan o‘rnak olsa bo‘ladimi?

Foto: Getty Images

Shvetsiya bir vaqtning o‘zida ham iqtisodiyotini rivojlantirish, ham iqlimni himoya qilish yo‘lini topganga o‘xshaydi, deb yozmoqda DW nashri.

“Farovonlik darajasini tushirmasdan turib, ekologiyaga salbiy ta’sirlarni kamaytirish mumkin”, — dedi Shvetsiyaning Kotibiyat-2030 tashkiloti asoschisi Mattias Goldman.

Tashkilotning maqsadi — mamlakat transport sohasidagi CO2 chiqindilarini 2010 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda 70 foizga kamaytirish.

Yevropa atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (European Environment Agency, EYeA) ma’lumotlariga ko‘ra, Shvetsiya issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha boshqa Yevropa davlatlaridan oldinda. 1990 yildayoq Shvetsiyada CO2 ajralib chiqishi aholi jon boshiga hisoblaganda Yevropadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan besh baravar kam edi. Shundan beri shvedlar issiqxona gazlari emissiyasini yana 80 foizga kamaytirdi, holbuki butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab o‘rtacha kamayish bor-yo‘g‘i 30 foizni tashkil etdi.

Ammo shunisi ajablanarliki, sanoati rivojlangan, po‘lat, sement va avtomobillar ishlab chiqaradigan Shvetsiya ayni paytda o‘z yalpi ichki mahsulotini ikki baravar oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va shu bilan birga uning o‘sishini saqlab qolish uchun nima qilish kerak?

Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiyalar

Shvetsiya bir qator tabiiy ustunliklarga ega. Hududining 70 foizini o‘rmonlar egallaydi, ular esa issiqxona gazlariga qarshi kurashda nihoyatda foydali, chunki daraxtlar atmosferadan CO2 ni so‘rib oladi. Bundan tashqari, mamlakatda tez-tez kuchli shamollar esadi, shuningdek, ko‘plab tog‘lar, soylar va ko‘llar mavjud — bu qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga ideal sharoit degani.

Foto: Dalibor Brlek/picture alliance

Ammo Stokholmning iqlimni himoya qilish masalasidagi yutuqlari faqatgina qulay tashqi muhit hisobidan emas. Shvedlar o‘z tabiiy boyliklarining ahamiyatini allaqachon anglab yetgan va qayta tiklanadigan energiya manbalariga ancha oldin sarmoya kiritishni boshlagan.

“Shvetsiyada gidroenergetika asrdan ko‘proq vaqtdan beri mavjud”, — deb tushuntirdi Goldman.

Shvetsiya hukumati 1970 yillarda, global neft inqirozi paytida qazib olinadigan yonilg‘ini energiya balansidan chiqarib tashlagan. Yevropa davlatlari boshqa energiya manbalarini qidirayotgan paytda, Stokholm atom energetikasini faol rivojlantirdi.

Bugungi kunda Shvetsiyada elektr energiyasining deyarli 70 foizi qayta tiklanadigan energiya manbalari, ayniqsa gidro va shamol energiyasi hisobiga ishlab chiqariladi. Ehtiyojlarning qolgan qismi AES hisobidan qondirilmoqda. Bu shuni anglatadiki, mamlakatda elektr energiyasini ishlab chiqarishda issiqxona gazlari emissiyasi hozir deyarli nolga teng.

“Shvedlar elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun qazib olinadigan yoqilg‘idan deyarli foydalanmaydi. Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda, bu butunlay boshqa dunyo”, — deydi EYeA energetika bo‘yicha eksperti Yorre de Shrayver.

Issiqlik ishlab chiqarishni karbonsizlashtirish

Shvetsiyada hozir nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarishda, balki isitish va energiya talab qiladigan sanoatda ham qazilma yoqilg‘idan foydalanilmayapti.

Foto: Stockholm Exergi

Bu yo‘ldagi dastlabki qadam markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlariga sarmoya kiritish bo‘ldi. Bu usul nihoyatda samarali hisoblanadi. Tizimga ko‘ra, har bir uyga alohida isitish qurilmalarini o‘rnatish shart emas, aksincha izolyatsiyalangan quvurlar va yer osti infratuzilmasi yordamida ko‘plab uylar va sanoat hududlarini ta’minlaydigan yirik markazlashtirilgan isitish tizimlarini qurish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Bunday infratuzilmani yaratish uchun hukumat va xususiy sektor hamkorligi zarur. Qolaversa, bu ancha qimmat, butun boshli kvartallardan qancha quvur o‘tkazish kerakligini bir o‘ylab ko‘ring”, — deydi Shvetsiya hukumatiga iqlim siyosati bo‘yicha maslahat beruvchi va uning samaradorligini baholovchi Essa Persson.

Shunga qaramay, hokimiyat vakillari dastlabki bosqichdayoq markazlashtirilgan issiqlik ta’minotini tanladi va shu yo‘ldan bordi.

“Ular bunday yirik tizimli yechimning afzalliklarini oldindan ko‘ra oldi. Iqlimi sovuq mamlakat sifatida Shvetsiya o‘z aholisi uchun energiyani tejaydigan va oqilona isitish tizimini yaratishi kerak edi” — deb qo‘shimcha qildi Persson.

Markazlashtirilgan issiqlik ta’minotining afzalligi shundaki, unda foydalaniladigan yoqilg‘ini boshqasiga almashtirish mumkin. Ilgari Shvetsiya neft va ko‘mir kabi qazib olinadigan yoqilg‘i turlariga tayanardi. Biroq 1990 yillardan boshlab, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va ayniqsa energiya samaradorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratila boshladi, shuningdek yog‘och yoqilg‘isidan foydalanish texnologiyasiga investitsiya kiritish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Shvetsiyada issiqlik ta’minotining 97 foizi bioyoqilg‘i va chiqindilarni yoqish hisobiga amalga oshirilmoqda.

“So‘nggi 30 yil ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish va issiqlik ta’minoti tizimida issiqxona gazlari chiqindilarini 70 foizga kamaytirishga erishdik. Bundan ko‘rinib turibdiki, katta va dadil o‘zgarishlarni amalga oshirsa bo‘ladi”, — deb ta’kidlaydi Persson.

Bunday o‘zgarishlar o‘zidan-o‘zi ro‘y bergani yo‘q. Stokholm 1990 yillardan buyon aniq iqlim siyosatini yuritib kelmoqda. Misol uchun, shvedlar birinchi bo‘lib karbonat angidrid chiqindilari uchun soliq joriy etdi. Bunda ham korxonalar, ham jismoniy shaxslardan chiqindi uchun to‘lov undiriladi. Bu soliq hatto bugungi kunda ham dunyodagi eng yuqori soliqlardan biri sanaladi.

“Hammasi juda oddiy: yo atrof-muhitga zarar yetkazadigan biror ish qilib, buning uchun soliq to‘lashga majbur bo‘lasiz; yoki harakatlaringiz ekologik toza bo‘ladi va sizdan soliq undirilmaydi”, — deya so‘zida davom etadi Mattias Goldman.

2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Shvetsiyada karbonat angidrid chiqindilariga qo‘yiladigan soliq ularning hajmiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan: transport vositalaridan chiqayotgan yillik CO2 miqdori o‘rtacha 6 foizga kamaydi.

Bundan tashqari, ushbu soliq energiya va issiqlik ta’minoti sohasidagi o‘zgarishlarni tezlashtirdi, odamlar va kompaniyalar qazib olinadigan yoqilg‘i o‘rniga qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritishni boshladi. Aksariyat davlatlarda jamoatchilik har qanday yangi soliqqa qarshi chiqsa, Shvetsiyada bu yig‘im “ura-ura” bilan qarshi olindi.

“Bizda anchadan buyon ekologiya va iqlim siyosati qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda, mamlakatimiz esa bu sohada yetakchi ekani bilan faxrlanadi”, — deya vaziyatni ta’riflaydi Persson.

Bu mahalliy siyosiy doiraning barcha qismlariga mos keladi. 2017 yildayoq sakkizta yetakchi partiyadan yettitasi iqlim bo‘yicha dunyodagi eng qat’iy maqsadni kelishib olgan: 2045 yilga kelib karbonat angidrid chiqindilarini nolga tushirish.

“Bunday maqsadning shakllantirilishi biznes va aholi orasida karbonsizlashtirish siyosati bundan buyon ham davom ettirilishiga hamda iqlimni himoya qilishga sarmoya kiritish mumkinligiga qat’iy ishonchni oshiradi. Chunki hukumat o‘zgargan taqdirda ham bu maqsad o‘z kuchini saqlab qolishi aniq”, — deb ta’kidlaydi Goldman.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan CO2 emissiyasining o‘sishi

Stokholm CO2 chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha bir qator samarali choralar ko‘rgan bo‘lsa-da, Shvetsiya iqtisodiyotining barcha tarmoqlari hali to‘liq karbonsizlashtirishga o‘tmagan. Hozirgi kunda transport va qishloq xo‘jaligi mamlakat bo‘yicha karbonat angidrid gazi chiqindilarining eng yirik manbalari hisoblanadi. Ayniqsa, transport sohasi eng katta tashvish uyg‘otmoqda.

Foto: Adam Ihse/TT/picture alliance

Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli yuzaga kelgan energetika inqirozidan so‘ng, Shvetsiyaning konservativ hukumati ushbu sohada bir qator muhim choralarni bekor qildi. Jumladan, hukumat benzin va dizel yonilg‘isiga solinadigan soliqlarni to‘rtdan birga kamaytirdi, natijada ularning narxi arzonlashdi.

Hukumat, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, avtomobildan foydalanish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi, shuningdek, elektromobillar xaridiga ilgari berilgan imtiyozlar bekor qilindi.

“Biz CO2 chiqindilarini yiliga taxminan 5 million tonnaga ko‘paytiryapmiz. Aslida, bu Shvetsiya tarixida transport sohasidagi chiqindilarning eng katta o‘sishidir” — deya afsus bildirdi Mattias Goldman.

Ammo uning fikricha bu muvaffaqiyatsizlik uzoqqa cho‘zilmaydi, chunki hukumat ushbu choralar vaqtinchalik bo‘lishini, Shvetsiya transport sohasidagi maqsadi — 2010 yildan 2030 yilgacha CO2 chiqindilarini 70 foizga kamaytirishga erishish yo‘lida faqat oldinga yurishini va’da qilgan.

Shvetsiyaning tajribasi

Boshqa davlatlar Shvetsiyaning muvaffaqiyat tarixidan qanday saboq olishi mumkin?

“Menimcha, Shvetsiya issiqxona gazlarini umuman chiqarmasdan elektr energiyasini ishlab chiqarish mumkinligini ko‘rsatib bermoqda. Bu esa jahondagi boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi”, — deb ta’kidlaydi Yorre de Shrayver.

Shvetsiyaning siyosati boshqa davlatlarga namuna bo‘la oladimi? Bunga javoban Goldman harakatlar ketma-ketligini sanadi:

“Iqlimga qayerda eng ko‘p ta’sir ko‘rsatayotganingizni va qaysi sohalarda eng katta o‘zgarishlarga erishish mumkinligini aniqlang. Mamlakatingizning o‘ziga xos ustunligi nimada? Kirish nuqtangiz qayerda joylashgan? Shundan kelib chiqib ish ko‘ring”.

U keyingi istiqbollarni quyidagicha tasvirlaydi: “Bu sizga yashil korxonalar va ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi, shuningdek, milliardlab eksport daromadlarini keltiradi. Bu mablag‘larni esa boshqa ehtiyojlaringizga, aholining farovonligini oshirishga, maktab ta’limini yaxshilashga va hokazolarga sarflashingiz mumkin bo‘ladi.

Har bir mamlakatdagi vaziyat o‘ziga xos bo‘lsa-da, o‘tish jarayoniga barcha manfaatdor tomonlarni jalb etish juda muhim, deb ta’kidladi Shvetsiyaning Kotibiyat-2030 tashkiloti asoschisi.

Esa Persson ham bu fikrga qo‘shiladi. “Eng muhim saboq shundaki, hukumat, xususiy sektor va mahalliy hokimiyat organlari o‘zaro hamkorlikda haqiqiy tizimli yechimlarni ishlab chiqish, tavakkal qilish va yirik uzoq muddatli sarmoyalarni kiritish uchun yaqindan aloqada bo‘lishi zarur. Bu Shvetsiyada karbonatdan voz kechish jarayonining muvaffaqiyatli omillaridan biri bo‘ldi”, — deya so‘zini yakunladi u.

Mavzuga oid