Jahon | 13:37 / 25.09.2024
4835
10 daqiqa o‘qiladi

Falastinni tan olishga chorlagan Erdo‘g‘an, BMTda chiqish qilgan Zelenskiy va «rusofobiya» uchun jazo - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroilning Livanga hujumi

Isroilning Livanga hujumi qurbonlari mingga yaqinlashdi.

17-18 sentabr kunlari Isroilning Livanga peyjyerlar vositasida uyushtirgan portlashlari va 23 sentabr kungi yopirilma aviazarbalari natijasida kamida 649 kishi o‘ldirilgan. Qurbonlar orasida yosh bolalar va ayollar juda ko‘p. Shuningdek, 5035 kishi yaralangan.

Livan hokimiyatiga ko‘ra, bu 2006 yilgi Isroil-Livan urushidan so‘ng o‘tgan vaqt ichida eng qonli zarba bo‘lgan.

Livan ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil harbiylari Livanning janubiy va sharqiy hududlarida yashovchi aholiga SMS jo‘natib, havodan kengaytirilgan hujum boshlanishi oldidan o‘z turar joylarini tark etish haqida buyruq bergan.

Tel-Avivning ta’kidlashicha, isrollik harbiylar «Shimoliy nayzalar» deb nomlangan operatsiya mobaynida Livanning janubi va sharqidagi obektlarga 1600 ta raketa uchirib, shuningdek, poytaxt Bayrut shahriga «maqsadli zarba» berib «Hizbulloh»ning «ko‘p sonli» jangarilarini yo‘q qilgan.

Isroil harbiy idorasi rahbari, general-leytenant Hersi Halevining aytishicha, Isroil «Hizbullohga qarshi» operatsiyalarning «yangi fazasi»ni tayyorlamoqda. Yuzlab insonlarning nobud bo‘lishiga olib kelgan aviazarbalar esa «ogohlantiruvchi xarakter»ga ega.

Erdo‘g‘an BMTdagi xitobi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasida chiqishi chog‘ida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni Hitlerga qiyosladi.

«Xuddi Hitler 70 yil avval insoniyatning birlashuvi sabab to‘xtatilgani singari Netanyahu va uning qotillar tarmog‘i ham insoniyat birligi bilan to‘xtatilishi kerak.

Afsuslar bo‘lsinkim, biz BMT layoqatsiz, mo‘rt va inert tuzilmaga aylanib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Ular BMT Nizomini yo‘q qilishmoqda va shu minbardan turib orsizlarcha butun jahonga tahdid solmoqda.

Biz xalqaro tinchlik beshta imtiyozli davlatning qo‘liga berib qo‘yilishidan ko‘ra karrasiga muhimroq ekanining guvohi bo‘lyapmiz. Dunyo beshtadan kattaroq! BMT Xavfsizlik Kengashi, G‘azodagi genotsidning oldini olish va bu vahshiylikka nuqta qo‘ymasdan nimani kutib turibsizlar? Garchi kimlargadir yoqmasa ham, biz haqiqatni aytishdan cho‘chimaymiz.

Biz haqiqatni oxirigacha himoya qilamiz va garchi achchiq bo‘lsa ham, o‘zimiz to‘g‘ri deb bilgan narsalarni gapiramiz», — degan Erdo‘g‘an.

O‘z chiqishida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an davlatlarni Falastinni tan olishga ham chorladi. Isroilning Falastinga nisbatan agressiyasiga yagona sabab bir nechta alohida davlatlar buni qo‘llayotgani, dedi Erdo‘g‘an.

«Umid qilamanki, bu tarixiy qadam Falastinning BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi yo‘lida so‘nggi hal qiluvchi palla bo‘ladi. BMTda hamon Falastinni tan olmagan davlatlar bor. Men ularni Falastin davlatini tan olishga, bu kritik davrda tarixning to‘g‘ri tomonini tanlashga chorlayman», — degan Erdo‘g‘an.

Pizishkiyon referendum taklif etdi

Eron Islom Respublikasining yangi saylangan prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ham BMT Bosh Assambleyasida chiqish qildi.

Eron prezidenti «Sionistik rejim olimlarimizni o‘z tuprog‘imizda o‘ldirmoqda, IShID va terrorchilarni qo‘llab kelmoqda», dedi.

Shuningdek, Pizishkiyon Isroilning Livanga yopirilma zarba bergani javobsiz qolmasligini ta’kidlagan.

Falastin haqida to‘xtalar ekan, Eron prezidenti butun Falastin xalqi o‘z kelajagini umummilliy referendumda hal qilishi kerakligini taklif qildi.

«Bu mustahkam tinchlikka erishishning yagona yo‘li», — degan Pizishkiyon.

Eron Islom Respublikasi nomidan gapirgan prezident urushga qarshi chiqishi, Ukrainadagi mojarolar ham tezroq yakunlanishini istashini ta’kidlab, har qanday tinchlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini aytdi va bu mojaro muloqot vositasida tugatilishiga ishonch bildirdi.

Pizishkiyon amerikaliklarga ham xitob qildi.

«Eron sizning mamlakatingizga embargo joriy etgani yo‘q, pul-kredit va bank tizimiga ulanishingizni uzib qo‘ygani yo‘q yoki armiyaning bosh qo‘mondonini o‘ldirgani yo‘q. Biroq Amerika bu ishni qildi va Eronning eng hurmatli qo‘mondonini o‘ldirdi», — dedi Pizishkiyon.

Zelenskiy BMT minbarida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida chiqish qildi.

U jahon hamjamiyatini o‘zi tomonidan bayon etilgan «tinchlik formulasi»ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Ukraina rahbari barcha mamlakatlarni ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etishga taklif qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush «muzlatilish» va «almashinuv» bilan emas, «davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishni nazarda tutuvchi BMT Nizomining tantana qilishi» bilan yakunlanishi kerak.

«Bu urushning birinchi soniyalaridan Rossiya BMT Nizomi bilan asoslab bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirib kelmoqda», — dedi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyani sulhga majburlash» zarur, chunki Rossiya prezidenti Vladimir Putin «o‘z ixtiyori bilan to‘xtay olmaydi».

Darvoqe, BMTdagi sessiya doirasida Zelenskiy Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi. Uchrashuv matbuot uchun yopiq o‘tdi.

BMTning Afg‘onistonga talabi

BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda chiqish qilgan Rozmari DiKarlo bu mamlakatdagi ayollarning ahvolini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmasligini ta’kidladi.

DiKarlo afg‘on hukumatidan mamlakat ayollarini kamsituvchi barcha cheklovlarni zudlik bilan olib tashlashni talab qildi.

U BMT Afg‘oniston bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Doha jarayoniga boshchilik qilishini eslatib o‘tgan.

«Ushbu jarayon bosqichma-bosqich yondashuvni talab qiladi. Biz afg‘on hukumati de-faktor boshqaruvni inklyuzivlashtirishiga, ayol va qizlar huquqlarini, umuman olganda, inson huquqlarini hurmat qilishiga va terrorizm hamda givohvand moddalarga qarshi kurashni oshirishiga umid qilamiz. Xalqaro hamjamiyat buning evaziga o‘z cheklovlarini sekin-asta kuchsizlantirib boradi», — deydi Rozmari DiKarlo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblarni o‘z majburiyatlarini bajarishga majburlash kerak.

«Maqsad shundaki, toliblarni o‘z majburiyatlarini avvalo afg‘on xalqi, keyin bo‘lsa, xalqaro hamjamiyat oldida bajarishga majburlash. Afg‘oniston faqat shu yo‘l bilan xalqaro hamjamiyatga qaytishi mumkin», — deya qo‘shimcha qiladi BMT vakili.

Eron-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat

Eron harbiylari mamlakatga afg‘on muhojirlarining kirishini to‘xtatish uchun Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrdan ortiq devorni qurib bitkazdi. Yana 50 kilometrlik hududda ishlarni yakunlash lozim, deb ma’lum qilgan quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni o‘rinbosari Nazar Ne’matiy OAVga.

Eronning Afg‘oniston bilan umumiy chegarasi 900 kilometrdan oshiq bo‘lib, uni muntazam ravishda qochoqlar kesib o‘tadi.

Muhojirlar oqimi 2021 yilning avgustida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketib, mamlakat «Tolibon» nazoratiga o‘tganidan beri ko‘payib bormoqda.

Tehron afg‘on muhojirlari soni haqida rasmiy ma’lumot bermagan, ammo parlament a’zosi Abulfazl To‘robiy ularning sonini 6 milliondan 7 milliongacha deb baholadi. Yaqinda rasmiylar «noqonuniy» qochqinlarga bosimni kuchaytirdi va ular sharqiy chegara orqali chiqarib yuborilishini e’lon qildi.

IRNA rasmiy axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘onlar Erondagi «xorijiy fuqarolarning 90 foizdan ko‘prog‘ini» tashkil etadi va «ularning aksariyati mamlakatga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirgan».

«Rusofobiya» uchun jazo

Rossiya hukumati chet elliklarga «rusofobiya» uchun jazo joriy etishni ma’qulladi.

Rossiya Jinoyat kodeksiga mamlakatdan tashqarida chet elliklar tomonidan rossiyaliklarga nisbatan kamsituvchi harakatlar uchun modda kiritiladi. Rossiya hukumati tegishli qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.

Yangi moddaning birinchi qismi chet elliklar (shu jumladan, mansabdor shaxslar) tomonidan Rossiyadan tashqarida Rossiya fuqarosiga, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yoki Rossiya fuqarosi bo‘lmagan vatandoshga nisbatan sodir etilgan kamsitish harakatlari uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Ikkinchi qism — bunday harakatlarni sodir etishga ommaviy chaqiriqlar uchun jazo belgilaydi.

Hukumat mazkur moddada nazarda tutilgan muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazoga doir mulohazalar inobatga olingan holda qonun loyihasini ma’qulladi.

Vazirlar mahkamasi jinoyat predmetining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mazkur qoidani amalda qo‘llashda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid