Jamiyat | 12:40 / 01.10.2024
5987
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi xorijlik o‘qituvchilar: maktablar uchun yangi tajriba

Xorijiy tillarni maktabda o‘qitish masalasiga yurtimizda jiddiy kirishilgan. Mahalliy o‘qituvchilarga ustamalar berilishi bilan birga, respublikamizning turli tumanlarida xorijdan almashinuv dasturi asosida xorijlik o‘qituvchilar ham kelib, bolalarga dars berishmoqda.

Biz Samarqand viloyatidagi uchta maktabda bo‘lib, xorijdan kelgan ingliz tili o‘qituvchilarining faoliyati, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik.

Dastlabki manzilimiz Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-sonli ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda AQShdan kelgan o‘qituvchi Ketlin Maura Kennedi yangi o‘quv yilidan boshlab ingliz tilidan dars bermoqda. U mamlakatimizdagi faoliyati haqida qisqacha hikoya qilib berdi.

Ketlin Maura Kennedi, AQShlik o‘qituvchi.

«Bu yerda ishlayotganimdan xursandman. Hali kelganimga ko‘p bo‘lmadi, meni iliq kutib olishdi. O‘quvchilar menga kulib qarashadi, men bilan gaplashgilari keladi. Men Amerikadanman, kasbim xalqaro ingliz tili o‘qituvchisi. Qo‘shma shtatlarda 20 yil inglizchadan dars berganman. Xalqaro faoliyatim davomida Yangi Zelandiya, Kosta-Rika, Myanmada ishlaganman. Turli madaniyat vakillari bilan ishlash menga zavq bag‘ishlaydi. Maktabdagi o‘quvchilarimning ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi meni xursand qildi», — dedi Ketlin Maura Kennedi.

Shu kuni maktabda shahardagi barcha 17 ta maktabning ingliz tili o‘qituvchilari ishtirokida seminar ham bo‘lib o‘tayogan ekan. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimova ham Kattaqo‘rg‘on shahrida xorijlik o‘qituvchilar bilan tajriba almashish borasidagi o‘z fikrlarini bildirdi.

Gavhar Alimovar, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi.

Ishtixon tumanidagi 1-umumta’lim maktabida filippinlik o‘qituvchi Chervin Makaranas bolalarga ingliz tilidan dars bermoqda. Mahalla ahli xorijlik o‘qituvchiga barcha sharoini hozirlagan. Bolalar ham chet ellik o‘qituvchi dars o‘tayotganidan xursand.

«Maktabni o‘z uyimdek qabul qildim, ilmga chanqoq bolalar bilan ishlashdan zavqlanyapman. O‘zbekistonga kelganimga hali ikki hafta bo‘ldi, lekin o‘quvchilarimning yordami bilan bu yerga moslashib ketdim.

Chervin Makaranas, filippinlik o‘qituvchi.

Bu mening xorijdagi ilk ishim, shu bois o‘zim uchun ham ajoyib tajriba. Bizda maktabdan boshlab ingliz tili chuqur o‘rgatiladi, shu uchun ko‘pchilik bu tilda yaxshi gaplashadi. Bizning davlatimiz ingliz tili ikkinchi til bo‘lishi kerakligini vaqtida tushunib yetgan.

Ishtixondagi shogirdlarimning ingliz tilini o‘rganishga, IELTS sertifikati olishga intilishlaridan hayratlandim. Umid qilaman, ular bilan yaxshi natijalarga erishamiz», — dedi Chervin Makaranas.

1-maktab jamoasi

Ishtixondagi 1-maktab jamoasi ham xorijlik o‘qituvchining ish tajribasi bilan yaqindan tanishayotgani, Makaranas mahalliy o‘qituvchilar uchun master-klass o‘tib berganini ma’lum qilishdi.

Toyloq tumanidagi 21-maktabga hindistonlik o‘qituvchi Sunita Bashpa, mana ikkinchi yildirki kelmoqda. Uni mahalliy o‘quvchilar juda yaxshi ko‘rib qolishgan. Biz bilan suhbatda Sunita xonim Samarqand ikkinchi vatani, maktab jamoasi esa ikkinchi oilasi bo‘lib qolganini ta’kidlab o‘tdi.

Sunita Bashpa, hindistonlik o‘qituvchi

«Tayloqdagi maktabda 9, 10 va 11-sinflar bilan ishlayapman. Bu yerga kelib guvoh bo‘lganim — avvalo yaxshi tashkilotchilik, faol direktor va ajoyib o‘qituvchilar bo‘ldi, ular bilan do‘stlashib oldik.

Bu maktabni yaxshi ko‘rib qoldim, talabalar ingliz tilini o‘rganishni juda istashadi, bu ajoyib. Bu maktabda ishlash imkoniga ega bo‘lganimdan xursandman», — dedi Sunita Bashpa.

Qariyb 2000 o‘quvchi o‘qiydigan ushbu maktabda 13 nafar mahalliy ingliz tili o‘qituvchisi bor ekan. 21-maktab ingliz tili uslubiy birlashmasi boshlig‘i Hilola Aliyeva hindistonlik Sunita Bashpa ushbu jamoaga 14-o‘qituvchi bo‘lib kirganini ta’kidladi.

Umuman olganda, joriy o‘quv yilida Samarqand viloyatida 25 nafar xorijiy mutaxassis o‘qituvchilar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Viloyat maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda Rossiyadan 14 nafar, AQShdan 1 nafar, Filippindan 4 nafar, Hindistondan 1 nafar va Fransiyadan 1 nafar — jami 21 nafar xorijlik o‘qituvchilar kelib, maktablarda dars o‘tmoqda. Oktyabr oyidan boshlab yana 4 nafar o‘qituvchi kelishi kutilmoqda.

Kattaqo‘rg‘ondagi maktabda bir yanglik biroz ko‘nglimizni g‘ash qildi. Bir kun avval AQShda Ketlin xonimning 23 yashar o‘g‘li vafot etibdi. U endi qisqa muddatga AQShga borib kelar ekan. Marosimlarni o‘tkazib albatta qaytib kelishini bildirgan. Oilasida ro‘y bergan qayg‘uga qaramasdan o‘z kasbiga fidoyi ekani bizni lol qoldirdi.

O‘qituvchilar kunida vatanimizda qunt va sabot bilan mehnat qilayotgan barcha ustozlarni kasb bayramlari bilan tabriklaymiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Jahongir Aliboyev, operator va montajchi.

Mavzuga oid