Jahon | 12:20 / 08.10.2024
2169
4 daqiqa o‘qiladi

RFda 72 yoshli amerikalik yollanma faoliyat uchun salkam 7 yilga qamaldi

72 yoshli amerikalik pensioner Stefan Xabbard sudda Ukraina tomonida jangovar harakatlarda qatnashganlikda aybini tan oldi. U yollanma faoliyat moddasi bo‘yicha qariyb yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: DW/E. Samedowa

Moskva shahar sudi 7 oktyabr, dushanba kuni AQSh fuqarosi Stefan Xabbardni olti yil-u o‘n oyga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Michiganlik 72 yoshli fuqaro Ukraina Qurolli kuchlari safida yollanma askar sifatida jangovar harakatlarda qatnashganlikda aybdor deb topildi. Sud faqat hukmning kirish va qaror qismlarini e’lon qildi.

Xabbardning jazosi hukm qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab hisoblanadi. Ungacha Stefan Xabbard tergov hibsxonasida qoladi. Amerikalikka chiqarilgan hukm ichiga tergov izolyatorida bir sutka hibsda bo‘lgan vaqti koloniyada bir yarim sutka sifatida kiritiladi.

Stefan Xabbardning advokati allaqachon Moskva shahar sudi hukmi ustidan shikoyat qilishini ma’lum qilgan. AQShning Moskvadagi elchixonasi vakillari «Interfaks»ga mahkum oldiga konsullik darajasida kirish haqidagi so‘rovga javob kutayotganliklarini ma’lum qilishdi.

Stefan Xabbardning sud jarayoni

26 sentabr kuni Moskva shahar sudida Stefan Xabbard ustidan sud jarayoni boshlandi va ikki majlis davom etdi. Sud majlislari qisman yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. 30 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Xabbard qurolli mojaroda yollanma askar sifatida qatnashganlikda aybini tan oldi. «Ha, men qo‘yilgan ayblarga qo‘shilaman», — deya uning so‘zlarini keltiradi Rossiya axborot agentliklari.

Davlat ayblovi Xabbardni qattiq rejimli koloniyaga yetti yilga ozodlikdan mahrum qilishni talab etdi. Prokuror jazo tayinlashda sudlanuvchining yoshi va aybiga iqrorligini hisobga olishni so‘radi.

Ayni paytda Xabbardning singlisi Patritsiya Foks avvalroq Reuters agentligiga uning akasi turli mamlakatlarda, jumladan Yaponiya, Kipr va Ukrainada ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganini aytdi. U Xabbard sudda aybini tan olganiga shubha bilan qaradi. Foks akasini hech qachon qurolga egalik qilmagan va rossiyaparast qarashlarga ega «patsifist» deb ta’riflagan.

Tergov materiallari

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Stefan Xabbard 2014 yildan beri Ukrainada yashab kelgan. O‘sha yilning fevral oyida u Xarkiv oblasti Izyum shahrining hududiy mudofaa batalioni bilan shartnoma tuzdi, unga ko‘ra oyiga kamida 1000 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti olishi kerak edi.

Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Xabbard mashg‘ulotdan o‘tgan, shaxsiy o‘qotar qurollar olgan, so‘ngra 2022 yilning apreligacha Rossiya harbiylari tomonidan qo‘lga olingunigacha yollanma askar sifatida Ukraina tomonida jangovar harakatlarda qatnashgan.

Joriy yilning mart oyida Rossiya Mudofaa vazirligi urush boshlangandan beri Ukrainaga 13,3 ming yollanma askar kelganini, eng ko‘pi – 2960 nafari Polshadan ekanini ma’lum qilgan edi. AQShdan 1113 nafar yollanma askar kelgan, ulardan 491 nafari halok bo‘lgan, deya ma’lum qildi vazirlik.

Mavzuga oid