Jahon | 10:40 / 19.10.2024
1437
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya TIV rahbari Ukrainaga ilk marta tashrif buyurish niyatida

Jan-Noel Barro Rossiyaga deportatsiya qilingan bolalar taqdiriga e’tibor qaratish uchun shu hafta oxirida Ukrainaga borishni rejalashtirmoqda. U ukrainalik hamkasbi Andrey Sibiga bilan ham uchrashish niyatida.

Foto: Stephanie Lecocq/REUTERS

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro hafta oxirida birinchi marta Ukrainaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 18 oktyabr, juma kuni AFP agentligi xabar berib, tashqi ishlar vazirining tashrifi, jumladan, gumanitar falokatga, xususan, Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush davomida «o‘g‘irlab ketilgan va deportatsiya qilingan» ukrainalik bolalar muammosiga bag‘ishlanishiga aniqlik kiritdi

«Men hammaga eslatmoqchimanki, Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar bizning qit’amiz xavfsizligiga, shu jumladan energiya va oziq-ovqat ta’minotiga ta’sir qiladi», dedi Barro ketishdan oldin France Inter telekanaliga.

Ukraina Milliy axborot byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oxirigacha Ukraina Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilingan 19 mingdan ortiq boladan 387 nafarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Ukraina Oliy radasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets avvalroq DW nashriga bergan intervyusida ukrainalik bolalarni Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy olib ketish 2014 yildan beri sodir bo‘layotganini ma’lum qilgandi. O‘shandan beri, ayniqsa, Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan keyin, deportatsiya qilingan bolalarning bir qismi rus oilalariga «joylashtirildi».

RFdan olti dezertir Fransiyada vaqtinchalik vizalar oldi

Rossiya Federatsiyasida jinoiy ayblovlar bo‘yicha ta’qibga uchragan olti nafar rossiyalik dezertirlar vaqtinchalik vizalar oldi, bu ularga siyosiy boshpana so‘rash arizalari ko‘rib chiqilgunga qadar Fransiyada qolish imkonini beradi. Ukrainaga jangga jo‘natilgan va 2023 yil yozida qochib ketgan Rossiyaning sobiq shartnoma asosida xizmat qilgan askari Aleksandr Britaniyaning The Guardian gazetasiga qanday qilib Fransiyaga kelganini aytib berdi. Nashr ushbu materialni 16 oktyabr kuni o‘z saytida e’lon qildi.

«Fransiyaga qo‘nganimda, birinchi marta chuqur nafas ola oldim. Menda xotirjamlik va erkinlik hissi paydo bo‘ldi... Eng yomoni ortda qolgandi», — deydi u.

Huquq himoyachilari Rossiya Federatsiyasidan dezertirlar guruhi Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga qabul qilingan birinchi yirik holat haqida gapirmoqda.

Mavzuga oid