Jahon | 15:20 / 19.10.2024
2422
3 daqiqa o‘qiladi

RFga import qiluvchilar soxta tranzit yordamida sanksiyalarni chetlab o‘tyapti 

Yevropa Ittifoqidan tovarlarni olib kirishda sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun rossiyalik importyorlar yolg‘on tranzit sxemasiga murojaat qilyapti, deb yozadi «Vajnyye istorii». Bu uchinchi davlatlar orqali import qilishdan ancha arzon.

Foto: DW/W. Janschis

Soxta tranzit sxemasi tufayli 2023 yilda sanksiyaga kiritilgan 5 milliard dollarlik tovarlar Yevropa Ittifoqidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga olib kirildi. Bunday ma’lumotlar 17 oktyabr, payshanba kuni chop etilgan «Vajnyye istorii» surishtiruvida keltirilgan.

Bu tovarlar Rossiyaga qo‘shni Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlariga eksport qilish uchun mo‘ljallangan, biroq Rossiyada qolib ketgan – Yevropa Ittifoqidan ularga 14 milliard dollardan ortiq sanksiya ostidagi yuk jo‘natilgan, ammo bu mamlakatlar importi ma’lumotlariga ko‘ra, ulargacha 9 milliard dollardan sal kamroq miqdorda tovarlar yetib keldi.

Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha yetkazib berilgani fosh qilindi

Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga qaramay, bu mamlakatga o‘q-dorilar yoki transport vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan nemis dastgohlari kelishda davom etmoqda. Bu haqda Germaniyaning SWR telekompaniyasining 10 oktyabr kuni bojxona hujjatlari, shuningdek, fotosuratlar va videolar tahlil qilingan surishtiruvida aytiladi.

2023 yilda Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tib, nemis ishlab chiqaruvchilaridan 300 dan ortiq kompyuterda boshqariladigan avtomatlashtirilgan mashinalarni oldi, deya xabar beradi jurnalistlar bojxona hujjatlariga tayanib. Bunday mashinalar to‘liq avtomatik ravishda, masalan, po‘latni kesish, metall plitalarni egish yoki metall qismlarni payvandlash imkonini beradi. Material mualliflarining fikriga ko‘ra, ushbu raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarisiz avtomobillar, samolyotlar va o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni «deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydi».

Jurnalistlar Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashining katta tahlilchisi Yelena Yurchenkoning ma’lumotlariga tayanib, Rossiyadagi raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarining 80 foizi hozirda harbiy ishlab chiqarish uchun ishlatilishini bildirdi. «Raqamli dasturiy boshqaruv mashinalari bilan ular juda tez va aniqroq ishlab chiqarishlari mumkin, bu ayniqsa qurol sanoatida juda muhim, bu ularga yanada halokatli qurollarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Germaniya esa bu dastgohlarni ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi, uning Rossiya bozoridagi ulush 30 foizgacha», — dedi ukrainalik ekspert.

Mavzuga oid