Jahon | 13:59 / 21.10.2024
13179
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya shahzodasi Rossiyaga bormaydi. Nega?

22-24 oktyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida Saudiya shahzodasi ishtirok etmasligi ma’lum qilindi. “Geosiyosat” haftaligida tahlilchilar Bektosh Berdiyev va Shuhrat Rasul bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.

Bektosh Berdiyevning so‘zlariga ko‘ra, dunyo tarozining ikki pallasiga ajralmoqda: bir tomondan Amerika, Yevropa, ikkinchi tomondan Xitoy va Rossiya. Saudiya Xitoyning ShHT va BRIKS sammitlariga o‘ziga xos qiziqish bildirgan bo‘lsa ham, podshohlik AQShning eski ittifoqchilaridan bo‘lgani uchun sammitda ishtirok etish borasida biroz bosiqroq siyosat yuritishni ma’qul ko‘rmoqda.

Sababi Saudiyaning sammitdagi ishtiroki o‘z zarariga ishlashi mumkin. Qo‘shimchasiga, bu holat Yevropadagi AQSh ittifoqchilarining g‘azabini keltirishi mumkin. 1975 yilda qirol Faysalning joniga o‘z jiyani tomonidan suiqasd uyushtirilgani ham misol bo‘la oladi. (Qirol Faysalning jiyani AQSh tomonidan yuborilgan Markaziy razvedka odami edi degan norasmiy ma’lumotlar ham bor). Ammo Saudiya BRIKSga qo‘shilsa, u uchun yangi gorizontlar ochilishini ich-ichidan his qilib turibdi.

BRIKSga qo‘shilish Xitoy bilan yaqinlashishni bildiradi. Lekin davlat manfaati nuqtayi nazaridan bu ancha muammoli masala. Shu sababdan Muhammad bin Salmon bu borada ancha bosiq siyosat yuritishni qo‘llash tarafdori”, – deydi u.

Tahlilchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, BRIKS – ko‘proq ramziy ahamiyatga ega tashkilotlar qatorida turadi. Saudiya va Rossiya o‘rtasida esa neft ishlab chiqarish borasida zimdan kurash boradi.

“Muhammad bin Salmon 2024 yil 1 dekabrdan har oyda 83 ming barreldan neftni bozorga olib chiqmoqchi bo‘lyapti. Bu holat keyingi yillarda ham davom etsa, Rossiyada Gorbachyov davridagi holat takrorlanishi, ya’ni Rossiyaning neft bozori kasodga uchrashi mumkin.

Shuningdek, Saudiya Amerikaga qarshi ham o‘ynayapti. Amerika har kuni 14 million barrel neft ishlab chiqarmoqda. Amerikada 1 barrel neft narxi 58 dollar, Rossiyada 55 dollar, Saudiyada 20 dollar. Saudiya neft bozorida neft hajmini oshirib, Rossiya va Amerika bozorini kasod qilishi mumkin. Bunga koronavirus davrida neft narxi 10 dollarga tushgani ham misol bo‘lishi mumkin. Va bu yerda barcha davlat o‘z manfaati uchun kurashmoqda”, – deydi Shuhrat Rasul.

Mavzuga oid