Jahon | 13:45 / 29.10.2024
7214
10 daqiqa o‘qiladi

Eron raketalaridan ayrilgan Putin, urushga yo‘l olgan KXDR askarlari va Gurjiston muxolifati shartlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi qamal qilingan Falastin eksklavining turli hududlarini o‘qqa tutishda davom etmoqda.

Falastinning WAFA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning pilotsiz parvoz qurilmasi Ash-Shujaiyya tumaniga bergan zarbasi tufayli kamida 3 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab insonlar yaralangan.

G‘azoning shimolidagi Bayt Lahiya shahriga berilgan zarba tufayli ham insonlar o‘lgani va yaralangani xabar qilinmoqda.

Bundan tashqari, G‘azoning markaziy qismidagi Al-Mag‘aziy qochqinlar lageriga dron hujumi tufayli bir bola yaralangan.

Isroil artilleriyasi sektor janubidagi Rafah shahrini intensiv o‘qqa tutishda davom etmoqda. Ko‘plab turar joylar vayron qilinmoqda.

Birgina so‘nggi 48 soat ichida G‘azoning turli tumanlarida hujumlar natijasida qurbon bo‘lganlar soni 96 kishini tashkil etgan. 277 kishi yaralangan.

Isroil tomonidan 2023 yilning 7 oktyabridan buyon olib borilayotgan qirg‘inbarot urush tufayli G‘azo sektorida qurbonlar soni 43 mingdan oshdi, yaradorlar esa 101 ming 110 nafarni tashkil etmoqda.

Livandagi vaziyat

Isroil Livanning janubidagi Sur shahriga yopirilma zarbalar berdi. Ko‘plab binolar vayron qilingan. Shahar uzra chang va tutun ustuni osmonga o‘rlagan.

Livanning rasmiy NNA axborot agentligining xabar berishicha, Isroil aviatsiyasi Livanning eng yirik shaharlaridan biri sanalmish Surning turli tumanlariga yopirilma zarbalar bergan.

Avvalroq Isroil armiyasining rasmiy vakili Avihay Adray X ijtimoiy tarmog‘ida xarita e’lon qilib, unda ko‘rsatilgan tumanlardan aholining chiqib ketib, Avali daryosining shimoliy sohiliga o‘tishni talab qilgan.

«Ogohlantirishlar» Ali al-Xalil, Xirom, Muhammad al-Zoyid va Nabih Berri mavzelari aholisiga taalluqli bo‘lgan.

Isroil armiyasining “Hizbulloh” harakati bilan nazorat qilinayotgan to‘qnashuvlari 2023 yilning 8 oktyabridan buyon davom etib kelmoqda.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 8 oktyabridan buyon Livanda Isroil hujumlari qurbonlari 2672 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 194 nafari ayollar va 104 nafari yosh bolalar. 12 ming 468 kishi yaralangan.

«Hizbulloh» bu hujumlarga javoban Isroilga, asosan harbiy bazalarga raketa hujumlari uyushtirib kelmoqda.

Livanda Isroil bombalashlari tufayli yuz minglab odamlar majburiy ko‘chirilgan shaxslarga aylangan. Mamlakatning janubiy hududlarida poytaxt Bayrut va shimol tomon migratsiya to‘lqini vujudga kelgan.

Livan hukumati o‘z uyini tashlab chiqqanlardan 486 mingi Suriya tomonga o‘tganini ma’lum qilgan.

Eronning talafotlari

Isroil armiyasi tomonidan 26 oktyabr kuni Eron harbiy obektlariga uyushtirilgan hujum Rossiyani Ukrainadagi urushda foydalanayotgan qurollarsiz qoldirishi mumkin.

Isroil Harbiy-havo kuchlarining 140 ga yaqin samolyotlari, jumladan, F-35 qiruvchilari ishtirok etgan hujumi natijasida Erondagi asosiy raketa sanoati zavodlariga zarba berilgan.

Manbalarga ko‘ra, Isroil 2024 yilda Rossiya armiyasiga yetkazib berish boshlangan Eron ballistik raketalari uchun yonilg‘i ishlab chiqaruvchi 12 ta obektni ishdan chiqargan. AQSh va Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin masofaga mo‘ljallangan Fath-360 raketalarining ilk partiyasi Rossiyaga sentabrda yetkazib berilgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, ularning bir qismi Volgograd oblastida joylashgan posyolkadagi raketa va artilleriya qurollari arsenalining o‘qqa tutilishi natijasida yo‘q qilingan.

Eronda yo‘q qilingan ishlab chiqarish tarmoqlarini qayta tiklash bo‘yicha o‘z texnologiyalari yo‘q, shu sababdan raketalarni ishlab chiqarish kamida bir yilga to‘xtab qolishi mumkin. Bu esa Livandagi «Hizbulloh» guruhi, Yamandagi husiychilar va Rossiya armiyasi Eron raketalarisiz qolishini anglatadi.

Rossiya Erondan raketalardan tashqari «Shahed» dronlarini ham xarid qilardi, xorijdan sotib olinadigan umumiy xarajatlar, jumladan, Shimoliy Koreya snaryadlari ham hisobga olinganda har chorakda 120-150 milliard rublni tashkil etadi.

Isroil mudofaa kuchlari 26 oktyabrga o‘tar kechasi Erondagi harbiy obektlarga hujum uyushtirilgani haqida e’lon qildi. NBC News xabariga ko‘ra, Isroil nishonlari orasida Tehrondagi kazarma va qurol ombori bo‘lgan.

Urushga tashlangan KXDR askarlari

KXDRdan keltirilgan 3 mingdan ortiq askarlar Rossiyaning Kursk oblastida jangovar mashqlarga kirishgan. Bu haqda Ukrainaning milliy qarshilik markazi xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, askarlar bir qator poligonlarda asosan tunda mashq o‘tamoqda. Ular bilan birga poligonga bu kommunistik davlat elchixonasining ishchilari ham kelgan. Ular tarjimon vazifasini o‘tash bilan birga yollangan askarlarni kuzatish bilan ham shug‘ullanadi.

Hozircha KXDRdan keltirilgan yollanma askarlarni bevosita jangovar harakatlar olib borilayotgan joylarga qachon tashlanishi va janglarga tayyorgarlik ko‘rish qancha davom etishi ma’lum emas. Biroq shimoliy koreyalik jangilarning joylashgan o‘rni ukrainaliklarga allaqachon ma’lum, deyiladi xabarda.

AQSh agar shimoliy koreyalik askarlar Ukraina qurolli kuchlari askarlariga qarshi jangga kirishadigan bo‘lsa, ularga qarshi qurol-yarog‘ ishlatish uchun Ukrainaga cheklovlar o‘rnatmaydi.

Bu haqda Pentagon matbuot kotibining o‘rinbosari Sabrina Singh brifingda ma’lum qilgan. U shuningdek, 10 mingga yaqin shimoliy koreyalik askarlar Rossiyaning Uzoq sharqiga o‘qitish uchun tashlanganini ham qo‘shimcha qilgan.

«Bu askarlarning bir qismi Ukraina chegarasiga keltirilishi va biz Rossiya bu jangchilardan Ukraina chegarasidagi Kursk oblastida ukrainalik askarlarga qarshi kurash olib borish va jangovar operatsiyalarni qo‘llashda foydalanishidan tashvishdamiz», — degan Singh.

Singh shimoliy koreyalik askarlarning Kursk oblastiga keltirilganini tasdiqlamadi, biroq «ular Kursk tomon harakatlanayotgan bo‘lishi» mumkinligini aytdi.

Bu orada KXDRdan Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan 200 ga yaqin fuqaro Ukrainaga borishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Agar jangovar harakatlar zonasida shimoliy koreyalik askarlar paydo bo‘lsa ular sobiq vatandoshlari — KXDR harbiylariga qarshi «psixologik urush» olib borishda yordam berishni maqsad qilgan.

Rossiyaning yo‘qotishlari

NATOning baholashicha, Rossiya armiyasi Ukrainadagi qariyb uch yillik urush mobaynida 600 mingdan ziyod askaridan ayrilgan.

«600 mingdan ziyod rossiyalik askarlar urush davrida yo o‘ldirilgan yoki yarador qilingan va Vladimir Putin xorijdan qo‘llovsiz Ukrainaga bosqinini ortiq davom ettirish qudratiga ega emas», — degan NATOning bosh kotibi Mark Ryutte Bryusselda Janubiy Koreya harbiylari va razvedkasi vakillari bilan maslahatlashuv uchrashuvidan so‘ng.

Bir vaqtning o‘zida Ryutte shimoliy koreyalik askarlar Rossiyaga jo‘natilgani va Kursk oblastiga keltirilganini ham tasdiqlagan. Bu haqda NATO vakillariga Janubiy Koreyadan kelgan delegatsiya informatsiya bergan.

«Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning chuqurlashishi ham Hind-Tinch okeani mintaqasi, ham Yevropa-Atlantika mintaqasi xavfsizligiga tahdid soladi», — deya vaziyatni izohlagan Ryutte.

Tbilisidagi norozilik namoyishlari

Gurjistonda o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng kecha tunda mamlakat poytaxti Tbilisida muxolifat tarafdorlarining norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq namoyish o‘tkazishga Gurjiston prezidenti Salome Zurabishivili chorlagan edi.

Kecha tunda mamlakat parlamenti oldidagi maydonga eltuvchi Shota Rustaveli shohko‘chasi yopildi. Ko‘chaga yondosh hududlarga huquq-tartibot organlari xodimlari joylashtirildi. Parlament binosi oldi odamlarga to‘ldi. Namoyishchilarga kichikroq sahna o‘rnatishga ham ruxsat berishdi.

Gurjistonga safar uyushtirgan va shu daqiqalarda parlament binosi ro‘parasidagi hoteldan chiqib kelayotgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham namoyishchilarning reaksiyasidan benasib qolmadi. Uni hushtakbozlik bilan qarshi olishdi.

Gurjistonda muxolifat mamlakatni yana Rossiya orbitasiga kiritayotgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi saylovda g‘olib bo‘lganidan norozi va g‘alaba qozonish uchun hukmron partiya g‘irrom usullardan foydalanganini iddao qilmoqda.

Tbilisida o‘tgan norozilik aksiyasi yakuniga ko‘ra muxolifat takroriy parlament saylovlari o‘tkazishni talab qildi.

«Birlik milliy harakati» partiyasi yetakchilaridan biri Georgiy Vashadze parlament binosi oldidagi mitingda fuqarolarni muxolifat qarorlari bilan tanishtirdi:

«Birinchidan, sizlar ham, biz ham bu saylovlarni legitim deb hisoblamaymiz.

Ikkinchidan, biz bu parlamentga kirishni istamaymiz, barcha mandatlardan voz kechamiz va ro‘yxatlarni bekor qilamiz.

Uchinchidan, biz toki g‘alaba qozongunimizcha kurashamiz va g‘alaba qozonishga va’da beramiz.

To‘rtinchidan, bizning konkret talabimiz bor: bu — saylovlarni qaytadan o‘tkazish, lekin yangi saylov xalqaro saylov ma’muriyati tomonidan o‘tkazilishi shart».

Mavzuga oid