Jahon | 18:22 / 29.10.2024
1182
4 daqiqa o‘qiladi

Ishdagi depressiya sabab har yili 12 milliard ish kuni yo‘qotilyapti – tavsiyalar

Ishdagi tushkunlik va asabiylik har yili jahon iqtisodiyotida 1 trillion dollar mahsuldorlik kamayishiga sabab bo‘lyapti. Ortiqcha ish soatlari, ish o‘rinlarining kafolatlanmagani, diskriminatsiya va xavfli ish sharoitlari ruhiy salomatlik uchun xavf tug‘diradi.

Foto: Wasan Tita

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining yarmidan ko‘pi – 60 foizi ishlaydi va mehnatga layoqatli yoshdagi kattalarning taxminan 15 foizi ruhiy kasalliklar bilan yashaydi. Shuningdek, har yili depressiya va tashvishlanish tufayli 12 milliardga yaqin ish kuni yo‘qolishi taxmin qilinyapti. Bu esa jahon iqtisodiyotida 1 trillion dollar unumdorlikning kamayishiga sabab bo‘ladi.

Ish joylari moliyaviy barqarorlik, inklyuziv hamjamiyatni shakllantirish, xodimlarda ishonch va muvaffaqiyat tuyg‘usini paydo qilish orqali ruhiy salomatlikni himoya qilishi mumkin. Ammo ish o‘rinlarining kafolatlanmagani, diskriminatsiya, xavfli ish sharoitlari va ortiqcha ish soatlari ruhiy salomatlik uchun xavf manbai hisoblanadi.

Headspace ruhiy salomatlik tashkiloti 2024 yilning ishchilar ruhiy holati hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya va AQShda xodimlarning deyarli yarmi (47 foiz) va bosh direktorlarning uchdan ikki qismi (66 foiz) stresslarining ko‘p qismi yoki hammasiga ish sabab ekanini aytgan.

Shuningdek, so‘rovnomada stress ishchilarning shaxsiy hayotiga ta’sir qilishi ham ko‘rsatilgan. Ishtirokchilarning 3/4 qismi ishdagi stress jismoniy sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan bo‘lsa, 71 foizi ish stressi shaxsiy munosabatlarning tugashiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan.

Estée Lauder kompaniyalari korporativ tibbiy direktori Sharon E. Smit xodimlarning mahorati oshib, yangi narsalarni o‘rganishga qiziqishi umumiy ijtimoiy farovonlikka yaxshi ta’sir qilishini ta’kidlaydi.

“Sizning uyingizda hammasi joyidami? Bularning barchasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va bu nafaqat sizning samarali ishlash qobiliyatingizga, balki oila a’zolaringizning ham unumdorlik qobiliyatiga ta’sir qiladi”, – deydi u.

World Economic Forum ish joylarida depressiyani kamaytirish, faol hayot tarzini yo‘lga qo‘yish haqida ayrim tashabbuslarni ilgari suradi:

• xodimlarning faolligi va qoniqish darajasini oshirish. Ish joylarida fitnesga qaratilgan tashabbuslar xodimlar farovonligini oshiradi;

• yaxshi xodimlarni ish joylariga jalb qilish ularga moslashuvchan ish soatlarini taklif qilish bilan bog‘liq. Bu ayniqsa 1981-2012 yillarda tug‘ilgan avlod vakillarini ishga yollashayotganda ko‘proq muhim;

• xodimlarning umumiy salomatligi va hayot sifatini yaxshilashga yordamlashish;

• faol hayotni targ‘ib qiluvchi dasturlar ishlab chiqish. AQSh ish beruvchilari 2023 yilda ortiqcha vazn va semirish bilan bog‘liq sog‘liqni saqlash uchun 90 milliard dollar sarflagan. Faol turmush tarzi dasturiga o‘tilgach xodimlarning tibbiy xarajatlarini 12 foizga qisqartirgan;

• sog‘liq bo‘yicha dasturlarga sarmoya kiritishning asosiy sabablari – raqobatbardosh ustunlikni paydo qilish, xodimlar manfaatlariga mos kelish, sog‘liqni saqlash xarajatlarining kamayishi hisoblanadi. Kompaniyalarning sog‘liqni saqlash dasturlari ularning obro‘sini oshiradi. Obro‘ oshsa, unumdorlik oshadi.

Shuningdek, ish joylarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ham semizlik bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishga yordam beradi. O‘tkazilgan so‘rovda 100 dan ortiq tashkilotning 4 mingdan oshiq xodimi hamkasblari odatlari ularga ham ta’sir ko‘rsatishini aytgan.

“Xodimlar ho‘l mevalar va sabzavotlar yeyish, jismoniy faol bo‘lishga harakat qilsa, ularning hamkasblari ham shunga ergashadi”, – deb yozadi Anne Van Der Put BMC Public Health jurnalida.

Mavzuga oid