Jahon | 23:06 / 30.10.2024
3126
2 daqiqa o‘qiladi

Reddit ijtimoiy tarmog‘i 20 yil ichida birinchi marta foyda ko‘rdi

Reddit’ning kunlik foydalanuvchilari soni 2023 yil bilan taqqoslaganda 47 foizga oshib, qariyb 100 million kishiga yaqinlashgan.

Foto: Shutterstock

Amerikaning Reddit ijtimoiy tarmog‘i 20 yil ichida birinchi marta foyda ko‘rganini e’lon qildi, deb xabar beradi The Verge.

Kompaniya uchinchi chorak hisobotida 29,9 million dollar foyda va 384,4 million dollar daromad ko‘rganini ma’lum qildi — bu 2023 yil bilan taqqoslaganda 68 foizga ko‘p.

Birinchi foydaning kelishiga ijtimoiy tarmoq auditoriyasining keskin oshgani sabab bo‘lgan. Reddit’ning kunlik foydalanuvchilari soni 2023 yil bilan taqqoslaganda 47 foizga oshib, qariyb 100 million kishiga yaqinlashmoqda.

Reddit platformasi birjaga chiqqanida, bozordagi birinchi chorakning o‘zida 575 million dollar yo‘qotgan, ammo o‘tgan chorakda yo‘qotishlarni 10 million dollargacha qisqartirgan va bu safar foyda bilan chiqqan.

Reddit’ning reklama daromadi 315,1 million dollarga yetgan, qolgan daromadlari esa 33,2 million dollarni tashkil etmoqda.

Reddit bosh direktori Stiv Xaffman aksiyadorlarga yo‘llagan maktubida foydalanuvchilar sonining o‘sishini sun’iy intellektga asoslangan funksiyaga o‘tilgani bilan izohlagan. Reddit o‘tgan yili foydalanuvchilariga postlarini fransuz tiliga tarjima qilishlariga ruxsat bergan, keyin esa bu boradagi imkoniyatlarini ispan, portugal, italyan va nemis tillariga qadar kengaytirgan.

Mavzuga oid