Jamiyat | 17:49 / 31.10.2024
9042
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi. Bir kishi halok bo‘lgan

Marhum yotoq joyida tamaki mahsulotini chekishi oqibatida yong‘in kelib chiqqani taxmin qilinmoqda.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Olmazor tumanida sodir bo‘lgan yong‘in inson umriga zomin bo‘lgan. Bu haqda shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 31 oktyabr kuni soat 02:13 da Olmazor tumani “Chinobod” MFY Sag‘bon 30-berk ko‘chasida joylashgan 5-uydagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra yong‘in-qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida xonadonning taxminan 10 metr kvadrat maydonda ichki qismi yonib zararlangan. Bundan tashqari, shu xonadonda yashovchi, 1950 yilda tug‘ilgan fuqaro halok bo‘lgan.

Oila a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, 1950 yilda tug‘ilgan fuqaro insult kasalligiga uchragani va shu sababli harakatlana olmagani uchun oxirgi yillarda oila a’zolari nazoratida yotoq holatida bo‘lgan.

Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqaro yotoq joyida tamaki mahsulotini chekishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid