Sport | 00:08 / 07.11.2024
17070
11 daqiqa o‘qiladi

«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala

Bugungi «Real»ga qarab, mana shu jamoa o‘tgan mavsum Chempionlar Ligasi va La Ligani yutgani hamda yozda dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri Killian Mbappeni tarkibiga qo‘shib olganiga ishonish qiyin. «Qirollik klubi»ning o‘zini topib olishiga hali kech emas, biroq bu yo‘lda hal qilinishi kutilayotgan bir qator savollar bor.

Foto: Getty Images

«Real» hozirgi tarkibi bilan nafaqat bu mavsumda, balki kelgusi yarim dekada davomida to‘xtatib bo‘lmas kuchga aylanishi taxmin qilinayotgandi. Amalda esa barchasi ancha qiyin kechmoqda.

Albatta, Madrid klubi Mbappe bilan kuchsizlandi deb bo‘lmaydi, biroq u bilan kuchayganini ham ko‘rsata olganicha yo‘q. Chempionlar Ligasida «Lill»ga (0:1) va La Ligada «Barselona»ga (0:4) boy berilgan uchrashuvlar ularning muammolarini yaqqol ko‘rsatib bera oldi. Ushbu muvaffaqiyatsizliklar fonida madridliklar uchun Toni Kroos faoliyatini yakunlashi taxmin qilinganidan og‘ir kelgani ma’lum bo‘lmoqda. Garchi zaxirasida bitta o‘yini bo‘lsa-da, hozirgi vaqtda «Real» liga peshqadami «Barsa»dan 9 ochko ortda bormoqda. Bundan tashqari, hozircha Chempionlar Ligasida pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma oladigan sakkizlik orasida emas.

Hali vahima qilishga hojat yo‘q, lekin «qaymoqranglilar» hozirdan harakatni boshlamasa, keyin kech bo‘lishi mumkin. Muammolar esa ko‘zga ko‘rinib turgan muammolar va bu ularni hal qilishni osonlashtirishga yordam beradi.

Mbappedan ko‘prog‘ini talab qilish

 

Umuman olganda, Mbappe gol urish bo‘yicha olamshumul muvaffaqiyatsizlikka uchragani yo‘q. Hozirgacha Madrid klubida 15 marta maydonga tushgan fransuz 8 gol urib, 2 marta jamoadoshlari goliga hammualliflik qildi. Lekin baribir barchada uning qo‘lidan ko‘proq narsa kelishi va aslida ham ko‘proq narsa berishi kerak, degan fikr bor. Darhaqiqat, Fransiya milliy jamoasi sardori bilan barchasi joyida emas. Ha, u o‘zining har mavsum uchun kafolatlangan 40+ gollarini urib berishi mumkindir, biroq biz maydonda Killian Mbappeni ko‘rmayapmiz. Har holda, hozircha qolayotgan taassurot mana shunday.

Gap faqat «Real»ga o‘tish bosimida ham emas. Mbappe o‘sha 20 yoshida chiqqan darajasidan keyin hatto Parijda o‘ynab yurgan kezlarida ham o‘sish namoyish etmayotgandi. Endi esa Madridga, chap qanotning o‘z egasi bo‘lgan klubga kelib, uning kamchiliklari yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. U strayker sifatida maydonga tushib, chap tarafdan ochilib borishga harakat qilib, o‘sha qanotda «Real» futbolchilarining ortiq darajada to‘planib, qolgan zonalar bo‘sh qolishiga sababchi bo‘lyapti. To‘psiz harakatlar borasida esa u yanada yomonroq o‘ynamoqda. To‘pni yo‘qotgan vaqtlarida 25 yoshli hujumchi deyarli yugurmayapti va pressingda qatnashmayapti.

Albatta, undan tinimsiz ravishda bosim o‘tkazishni talab qilish imkonsizdir, biroq Anchelotti uni himoyaviy harakatlarda ham ishlatishi kerakdek.

Bellinghemdan maksimum foydalanish

 

Mbappe kelganidan so‘ng pozitsiyasi va vazifalari eng ko‘p o‘zgargan futbolchi bu — Jud Bellinghem. Madriddagi faoliyatini rekordlarni yangilash bilan boshlagan ingliz yarimhimoyachisi, mavsumning ikkinchi yarmida gollar borasida ancha «qurg‘oqchilik»ni boshidan kechirgan bo‘lsa-da, ancha yuqori zonalargacha borish imkoniyatiga ega bo‘layotgandi. Ikkinchi davradagi golsiz o‘yinlari hujumga kamroq qo‘shilishi bilan izohlandi, Mbappe kelishi esa uni butkul yarimhimoyaga mixladi. Natijada, hanuz Jud bu mavsumdagi birinchi golini urolmadi.

Albatta, Mbappe va Vinisius kabi hujumchilar o‘ynayotgan jamoada Bellinghemning gollari kamayishini taxmin qilish qiyin emas, ammo uning tablolarda bu qadar kamnamo bo‘lib qolishini hech kim kutmagandi.

Bellinghem to‘rtburchakdan to‘rtburchakkacha o‘ynovchi yarimhimoyachidir (box-to-box). Shu bilan birga, uning qo‘lidan keladigan ishlar ko‘lami mislsiz. U gollar urishni xohlaydi, biroq markazdagi vazifalari uning bu istagini cheklamoqda. O‘z navbatida, gollarga nisbatan ochlik uning o‘z pozitsiyasida rohat bilan o‘ynashiga ham xalal beryapti. Demak, Anchelotti 21 yoshli inglizning imkoniyatlaridan kelib chiqadigan yechim ishlab chiqishi va uning to‘purarlik mahoratidan ham unumli foydalanishi kerak. Har holda, italiyalik tajribali «qariya»da bu masalaga ham yechim topilsa kerak.

Himoyani mustahkamlash

 

Media va muxlislar «Qirollik klubi» hujumidan ko‘ngli to‘lmayotgan bir paytda, Relevo nashri yozishicha, Karlo Anchelottining asosiy e’tirozi himoya chizig‘iga bo‘lmoqda. Hozirgi zamon futbolida butun jamoa himoyalanishi kerakligini tan olgan holda aytish kerakki, Madrid klubi mudofaasida sezilarli muammolar mavjud va bu guruh futbolchilari hamon o‘tgan mavsumdagi g‘alabalar eyforiyasidan chiqib ketmagan, chog‘i.

«Real» himoyachilarining himoyadagi xatolari hozirgacha jamoaning 18 ta to‘p o‘tkazib yuborishga sabab bo‘ldi. Misol uchun, Ferlan Mendi klasikoda Lamin Yamalga osonlikcha yengildi. Antonio Ryudigerning o‘tgan mavsumdagi ishonchli himoyalanishi va hujumlarni boshlab beruvchi uzun paslari ham ko‘rinmayapti. Eder Militao esa xochsimon paylarini uzib olib, uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng maydonga qaytganidan beri o‘ziga o‘xshamayapti. O‘ng qanot himoyasi masalasiga esa alohida to‘xtalmasak bo‘lmaydi.

Ishonchli o‘ng qanot himoyachisi topish

 

Oktyabr oyi ikkinchi yarmida Karvahal jarohat olishi madridliklar mavsumini katta muammolar girdobida qoldirdi. «Oltin to‘p» reytingida 4-o‘rinni egallagan ispaniyalik himoyachi, rostdan ham, o‘tgan mavsumda faoliyatidagi eng yaxshi sport mavsumini o‘tkazgandi. Uning yoshi kattaligiga qaramay, Peres o‘zini yaxshi o‘ng qanot himoyachisi borligi bilan ovutayotgandi.

Endi esa… Uning o‘rinbosari sifatida Anchelotti Lukas Vaskesga ishonadi va uni o‘ta yomon variant, deb bo‘lmaydi. Har holda, Lukasning mehnatkashligi va hujumga qo‘shadigan hissasi tanqidlardan xoli. U o‘zining bazaviy pozitsiyasi bo‘lgan o‘ng qanot vingeri vazifalarini himoya zonasidan yaxshi bajaradi. Uni muxlislar ko‘ziga yomon ko‘rsatayotgan jihat — birga-bir vaziyatlarda u qadar ishonchli harakat qilmasligi. Aynan mana shunday xatolar «Borussiya»dan va «Barselona»dan gollar o‘tkazilishiga olib kelganiga barcha guvoh bo‘ldi.

Xo‘sh, yechim sifatida nimani taklif qilish mumkin? Balki, Militaoni qanotda sinab ko‘rish kerakdir, u Braziliyada o‘ynab yurgan kezlari bu rolni bajargan. Uning markazdagi o‘rnini esa jarohatda yurgan paytida uning o‘rnini bosgan Orelyan Chuameni bajonidil to‘ldirishi mumkin. Balki, keyinroq Liverpul taraflardan kimdir kelib qolar…

Kroossiz o‘yinni nazorat qilish yo‘lini topish

 

La Ligadagi dastlabki 90 daqiqa «Real»ga bu mavsumda nima yetishmasligini ko‘rsatib bergandi. «Malyorka»ga qarshi ochilish bellashuvidagi durangdayoq Tonisiz ilk mavsum Madrid grandi uchun og‘ir o‘tishining ilk nishonalari ko‘rina boshladi.

Nemis yarimhimoyachisi «qaymoqranglilar»ning so‘zsiz eng muhim futbolchilaridan biri ekanini bilardik, ammo u qanday ahamiyatga egaligini rosmana his qilish uchun u faoliyatini yakunlashiga to‘g‘ri keldi.

Kroossiz «Real»da balans yo‘qoldi: barchasi yoki juda shoshqaloqlik bilan yoki juda sekinlikda amalga oshirilmoqda. Futbolda uning kabi bo‘shliqlar bilan yaxshi ishlay oladigan, o‘z sheriklari va raqiblarni maydonda dona singari surilishga majbur qiluvchi hamda o‘yin tempini belgilab beruvchi futbolchilar noyob. Ha, Fede Valverde va Jud Bellinghem yaxshi uzatmalar amalga oshira oladi, biroq Tonidagi «oltin pauza»ni ulardan izlash mantiqsizlik. Luka Modrichda shunday xislat bordir, biroq u ham orqaroqdan hujumlarni tezlashtirish masalasida sobiq jamoadoshi o‘rnini bosa olmaydi. Kamavinga va Chuameni esa, asosan, buzg‘unchi harakatlar uchun maydonga tushiriladi, balki yillar o‘tib ular ham ijodkorlik masalasida akalaridan o‘rnak ola bilishar. Ammo bir vaqtning o‘zida, yuqorida sanab o‘tayotganlarimiz yechim sifatida ham bizga yordamga kelishadi. Anchelotti bularning barini qorishtirib, bitta Kroos «yasashi» kerak. Aks holda, klub muxlislari hali ancha vaqt Kroosni qo‘msab yurishadi.

Jamoaga yaxshi kayfiyatni qaytarish

O‘tgan mavsumda shunday faraz bor edi: «Real»ning ulkan muvaffaqiyatlari do‘stlik va hamjihatlik kuchi evaziga qo‘lga kiritilyapti. Albatta, bu — konspirologik va ilmiy asosi bo‘lmagan fikr, biroq uni butkul asossiz ham deb bo‘lmaydi. Anchelotti Madridda doim yaxshi oila tuzgan davrda ajoyib natijalar qayd etgan. O‘sha vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqalardi: Alabaning stul ko‘tarib gol nishonlashi, gollarga telbanamo reaksiyalar, kiyim almashtirish xonasida Karloning bir kunlik dam berishini bayram qilish va hokazo.

Albatta, bu qadar kuchli jamoaning taktik yutuqlari bo‘lishi tabiiy, biroq Anchelottining «Real»i doim individual kuchli futbolchilarning yaxlit bir jamoaga yig‘ila olishi evaziga muvaffaqiyat qozonishi ta’kidlanadi. Hozirgi vaqtda mana shu jihatdan jamoa oqsayotgandek ko‘rinmoqda. Kroos ketgani uchunmi yoki Mbappe qo‘shilib ketishda muammoga uchrayaptimi, xullasi kalom, «Real» orkestrining garmoniyasi o‘tgan yilgidan ancha farqli. Ayniqsa, Vinisiusning «Oltin to‘p»ni yuta olmasligi ortidan mashg‘ulot bazasidagi kayfiyat yanada yomonlashgan bo‘lsa, ajab emas.

Xo‘sh, Karlo futboldagi navbatdagi og‘ir topshiriqni qadamma-qadam yengib o‘tadimi yoki ikkinchi «galaktikos» loyihasi ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydimi?

Goal saytidan Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Mavzuga oid