Jahon | 14:12 / 14.11.2024
5659
9 daqiqa o‘qiladi

Livanga qo‘yilgan talab, sionist elchini tanlagan Tramp va Sevastopolda portlatilgan flot qo‘mondoni - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Yaqin Sharqdagi vaziyat

Isroil Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor emasligi ma’lum qilinmoqda. Isroilning yangi tayinlangan mudofaa vaziri Israel Kats toki «Hizbulloh» harakati qurolsizlanib, Livandagi Litani daryosidan shimolga chekinmas, Isroil shimolida yashovchi yahudiylar o‘z uylariga qaytmas ekan, Isroil o‘t ochishni bas qilmasligini ma’lum qilgan.

«Livanda o‘t ochishni bas qilish bo‘yicha hech qanday qaror bo‘lmaydi. Biz toki o‘z harbiy maqsadlarimizga erishmas ekanmiz «Hizbulloh»ga to‘liq kuch bilan qarshi kurashamiz», — degan Israel Kats.

Ikki kundan buyon Isroil «Hizbulloh»ga qarshi harbiy operatsiyalarni kuchaytirmoqda. Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari Livan poytaxti Bayrut shahrining janubiy qismini tinimsiz bombardimon qilmoqda.

Isroilning Livanga qarshi agressiyasi boshlanganidan buyon halok bo‘lganlar soni 3365 kishiga, yaradorlar 14 ming 344 kishiga yetgan. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi sutka ichida 78 kishi o‘ldirilgan va 122 kishi yaralangan.

Qamal qilingan G‘azodagi noteng urush qurbonlari urushning 404-kuniga kelib yana oshdi. Halok bo‘lganlar soni 43 ming 712 kishiga yetdi, 103 ming 258 kishi yaralangan.

So‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari G‘azoning 7 ta nuqtasida qirg‘in uyushtirishdi, 47 kishi halok bo‘ldi va 182 kishi yaralandi.

Isroilning Suriyaga zarbasi

Isroilning harbiy samolyotlari Suriyaning Livan bilan chegaradosh Hums viloyatining Qusayr tumaniga zarba berdi.

Suriyadagi inson huquqlari monitoringi markazining xabariga ko‘ra, zarbalar Suriya-Livan chegarasidagi bir nechta nazorat o‘tkazish punktlariga qaratilgan.

Markazning ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning boshidan buyon Isroil Suriya hududiga 148 marta zarba bergan. Ularning 122 tasi havo orqali, 26 tasi yer orqali berilgan.

Hmeymim aviabasi yaqinida oktyabr oyida ro‘y bergan zarbalardan so‘ng Rossiya Isroilga rasmiy shikoyat yo‘llagan va bunday harakatlarni takrorlamaslik to‘g‘risida ogohlantirgan edi.

Kechagi zarbalardan so‘ng Rossiya prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandir Lavrentyyev Tel Aviv tomonidan amalga oshirilayotgan bunday harakatlarni qabul qilib bo‘lmaydi, degan.

Garchi Isroilning zarbalari aynan Hmeymimga qaratilmagan esa-da, zarbalarning yaqinligi harbiy personal o‘rtasida xavotir uyg‘otgan.

Eron XIX asr xaritasini chiqardi

Birlashgan Arab Amirliklari bilan ko‘p yillik hududiy bahslarning yangi bosqichida Eron Fors ko‘rfazidagi uchta orolga huquqli ekanini isbotlash uchun 1888 yilda Buyuk Britaniya tomonidan chizilgan xaritani o‘rtaga chiqardi.

Hurmuz bo‘g‘oziga kirishda joylashgan Abu-Muso, Katta va Kichik Tumb orollari strategik ahamiyatga ega, chunki bu dengiz yo‘lagi orqali jahondagi sezilarli neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashiladi.

Eron 1971 yilda 1908 yildan buyon orollarni o‘z nazoratida ushlab turgan Britaniya qo‘shinlari tark etgach, ushbu orollar ustidan nazoratni o‘rnatgan. Biroq, BAA Eronning orollar ustidan suverenitetini tan olmaydi. Keyinchalik Sharja amirligi Abu-Muso, Ras-ul-Xayma amirligi Katta va Kichik Tumb (arabchada Tunb ul-Kabiyr va Tunb us-Sag‘iyr) orollariga da’vo qilgan. Hududiy bahslar o‘shandan buyon chuqurlashib, ikki davlat munosabatlarini murakkablashtirib kelmoqda.

Yaqin o‘tmishda Ko‘rfaz davlatlari hamkorligi kengashi va Yevropa Ittifoqi orollar ustidan Eron «okkupatsiyasi»ni qoralagach hududiy bahslar yanada o‘tkirlashdi. Bunga javoban Eron 1888 yilning 27 iyulida Eron shohi Nosiriddin Qojarga Britaniya elchisi Henri Drammond Volf tomonidan taqdim etilgan xaritani o‘rtaga tashlagan. Bu hujjatda uch orol ham Eron hududi sifatida aks etgan.

Bundan tashqari, Tehron 1892 yilda Jorj Kerzon tomonidan yozilgan «Forsiya va fors masalasi» kitobiga havola qilmoqda. Keyinchalik Hindistonning vitse-qiroliga aylangan Kerzon o‘z ishlarida mazkur orollar ustidan Eronning suverenitetini tan olgan. Eron hokimiyati mazkur tarixiy hujjatlar ularning ushbu bahsli orollar ustidan huquqini tasdiqlaydi.

Bahs 1992 yilda uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng Abu Muso oroli shelfida neft qazib olish va foydani taqsimlash to‘g‘risidagi vaqtinchalik kelishuv barbod bo‘lganidan so‘ng boshlangan. O‘shandan buyon Eron orollarda o‘zining harbiy ishtirokini kuchaytirgan va bu BAAning keskin noroziligiga hamda jahon hamjamiyatining tashvishiga sabab bo‘lgan.

Ekspertlarning qayd etishicha, ushbu masala yuzasidan muloqotning yo‘qligi va Hurmuz bo‘g‘ozida harbiy ishtirok darajasi ortib borishi mintaqani beqarorlashtirishi va jahon energetikasi uchun yangi tahdidlar paydo qilishi mumkin.

Flot qo‘mondoni portlatildi

Sevastopolda 13 noyabr kuni Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus operatsiyasi natijasida Rossiyaning Qora dengiz floti raketa kemalari va katerlari 41-brigadasi shtabi rahbari Valeriy Trankovskiy o‘ldirildi.

Trankovskiy 1977 yilda Leningradda tug‘ilgan, Sankt-Peterburg harbiy-dengiz akademiyasini tugatgan. 2018 yildan buyon Qora dengiz flotida xizmat qilib kelayotgandi.

Voqea 13 noyabr kuni Taras Shevchenko ko‘chasida ro‘y bergan va ofitserning mashinasiga biriktirilgan portlovchi qurilma ishga tushirilgan. Portlashdan so‘ng yong‘in kelib chiqqan. Garchi yonayotgan mashinadan evakuatsiya qilinganiga qaramasdan, birinchi rang kapitani olgan jarohatlari tufayli vafot etgan.

Rossiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, ofitser ustidan kamida bir hafta kuzatuv o‘rnatilgan. Qo‘lbola portlovchi qurilma masofadan turib harakatga keltirilgan.

Voqea yuzasida terakt moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tramp Isroilga elchi tayinladi

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ashaddiy sionistni Isroilga elchi qilib tayinlash uchun tanlab oldi. U Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Mayk Hakabi AQShning Isroildagi bo‘lajak elchisi etib tayinlanganini e’lon qildi.

«U Isroilni va yahudiy xalqini yaxshi ko‘radi, Isroil ham uni yaxshi ko‘radi. Mayk Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishi uchun hormay-tolmay mehnat qiladi», — degan Tramp.

Hakabi Isroilning ashaddiy tarafdori va okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohildagi noqonuniy yahudiy manzilgohlari kengaytirilishi tarafdori hisoblanadi.

Yaqinda u G‘azoda genotsidli urush olib borayotgan Isroilga o‘pkasini bosib olish uchun bosim uyushtirgan Jo Baydenni ham qattiq tanqid ostiga olgan edi.

«Agar inson Isroilni qo‘llasa, u qanday qilib Baydenni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, axir uning ma’muriyati Hamasning shartlariga yon berishga tayyor ekanini bildirdi-ku?» degan edi u mart oyida bergan intervyusida.

Rossiyada migrantlarga yangi talab

Rossiyada migrantlarning bolalari rus tilini qay darajada bilishi tekshirilishi mumkin. Hukumat taklifiga ko‘ra, bunday bolalar ta’lim muassasalariga kirishdan oldin ham tilni bilish bo‘yicha testdan, ham Rossiyaga kirishining qonuniyligi bo‘yicha tekshirishdan o‘tishi kerak.

Davlat Dumasida 20 noyabr kuni hukumatning rus maktablariga o‘qishga kirishni rejalashtirayotgan migrantlarning farzandlari uchun rus tilidan majburiy imtihon joriy etish haqidagi taklif ko‘rib chiqiladi.

Duma raisi Vyacheslav Volodinning aytishicha, hukumat taklifiga ko‘ra, bunday bolalar ta’lim muassasalariga kirishdan oldin ham tilni bilish bo‘yicha testdan, ham Rossiyaga kirishining qonuniyligi bo‘yicha tekshirishdan o‘tishi kerak.

Avvalroq Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev rus tilini bilmaydigan bolalarni maktablarga qabul qilish amaliyotini to‘xtatish zarurligi haqida fikr bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiy ta’lim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, chunki tilni bilmaydigan migrant bolalar ta’lim jarayoniga qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Mavzuga oid