Rossiyaning Samara oblastida migrantlar uchun patent narxi 1,5 baravar oshirildi
Samara oblasti ma’muriyati buni «xodimlarning o‘rtacha yillik sonidagi xorijiy ishchilar ulushini tartibga solish zarurati» bilan izohlagan.
Rossiyaning Samara oblasti Dumasi mehnat migrantlari har oy to‘laydigan patent narxini oshirish haqidagi qarorni ma’qulladi. Hozir patent 6048 rublga (≈937 ming so‘m) teng. 2025 yilda uning narxi 10170 rublgacha (≈1,6 mln so‘m) oshadi. Bu haqda Volga.news yozdi.
Samara oblasti mehnat, bandlik va migratsiya siyosati vaziri Irina Nikishina buni «xodimlarning o‘rtacha yillik sonidagi xorijiy ishchilar ulushini tartibga solish zarurati» bilan izohlagan.
Shuningdek, oblast ma’muriyati 2025 yilga mo‘ljallangan xorijiy fuqarolarning ishlashi taqiqlangan faoliyat sohalarining yangi ro‘yxatini shakllantirdi. Viloyat hokimining qarori loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Samara oblastida migrantlarning mehnatiga cheklovlar 2024 yil fevralida joriy etildi. Dastlab ularga taksi, jamoat transporti, ta’lim va ishga qabul qilish agentliklarida ishlash taqiqlandi. Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish korxonalarida ishlash va oziq-ovqat yetkazib berish, alkogolli ichimliklar va etil spirtining ulgurji va chakana savdosi, dori vositalari, tuxum va sut mahsulotlari chakana savdosi ham ro‘yxatga kiritildi.
Bundan tashqari, cheklovlar ma’lumotlarni qayta ishlash, ma’lumotlar bazalarini yaratish, ma’lumotlarni joylashtirish, shuningdek, uylar, kvartiralar va xonalarni qisqa muddatli ijaraga berish bo‘yicha faoliyatga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Avgust oyida migrantlarga statsionar bo‘lmagan savdo nuqtalari va bozorlarda oziq-ovqat, ichimliklar, tamaki mahsulotlari, to‘qimachilik, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa tovarlarni sotish taqiqlangan edi.
Mavzuga oid
16:52
Rossiyaning Saxalin oblastida migrantlarga 24 ta sohada ishlash taqiqlandi
15:19
Sanoati rivojlangan mamlakatlarga migratsiya darajasi yangi cho‘qqiga chiqdi
08:10
Apple BBC, The Insider va "Exa Moskvy" podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi
19:27 / 14.11.2024