O‘zbekiston | 21:40 / 21.11.2024
3568
6 daqiqa o‘qiladi

20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Samarqand viloyatini rivojlantirish taqdimoti, Malayziyada qonuniy asosda ish, yosh qizning o‘limiga sababchi haydovchiga hukm, Toshkentda qalbaki 9 ming dollar savdosi to‘xtatildi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Samarqandda 4,1 mlrd dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan. Kelgusi yilda viloyatda hududiy dasturlar doirasida kamida 1 mlrd 850 mln dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish, 20 ming ish o‘rni yaratish va qo‘shimcha 1,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan.

Past Darg‘om tumani Chimboyobod hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish, tadbirkorlar 500 mln dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.

Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer «Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shilib, 30 mln dollarlik loyihalarga joy tayyorlanadi.

Darg‘om kanali bo‘yida 35 kilometrli turistik yo‘lak, Narpay kanalida gastronomik ko‘prik tashkil etish orqali 500 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi.

Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori kim?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qayta saylangan deputat Akmal Saidov palataning 18 noyabr kungi ilk majlisida so‘zga chiqib, majlisda ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyevni «Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori» deb atadi.

«Bugun men parlamentga oid yana bir qancha hikmatli tushunchalarni kiritganingizni eshitdim. «Yangi O‘zbekiston parlamenti», «Parlament – xalq uyi, demokratiya maktabi» degandingiz. Bugun aytdingizki, «bugun bu – xalq xizmatchisi». Keyin «Xalq uyidan xalqchil qonunlar chiqishi kerak», degan yangi bir hikmatli so‘zlarni aytdingizki, shunda men o‘ylab qoldim. Kim bu Yangi O‘zbekiston parlamentining tashabbuskori, me’mori deyishsa, men sizni aytardim.

Quruq so‘z bo‘lmasligi uchun raqamlar keltirmoqchiman. Mana shu so‘nggi 8 yil ichida siz mana shu minbardan 14 marta gapirdingiz. 4 marta Senatda gapirgansiz. Undan tashqari, 4 marta parlament oldida murojaatnomalar bilan chiqqansiz», – dedi Akmal Saidov.

Saidovga ko‘ra bu katta o‘zgarishlarning isboti. Har bir islohotda prazident parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati, nazorati, parlamentlararo aloqalari bo‘yicha fikrlar bildirib kelgani qayd etildi.

Malayziyada qonuniy asosda ish

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Malayziyaning Language Talent Solutions rekruting kompaniyasi direktori Jinder Kaur Sidhu bilan muzokara o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy asosda Kuala-Lumpur shahrida munosib ish bilan ta’minlash istiqbollari muhokama qilindi.

Jinder Kaur Sidhu hozirgi kunda kompaniya turli mamlakatlardan 700 nafardan ortiq fuqarolarni mahalliy korxonalarda ishga jalb qilayotganini bildirdi.

Kompaniya rahbari AQSh firmasi bilan birgalikda Amerikadagi o‘zbek mijozlarga telefon orqali o‘zbek va ingliz tillari bo‘yicha tarjima xizmatlarini taqdim etish loyihasini amalga oshirish doirasida birinchi bosqichda 5 nafar o‘zbekistonlikni tarjimon sifatida ish bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda Malayziyada mehnat faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash, ularga ishlash ruxsatnomalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

O‘lim bilan tugagan avariya aybdoriga sud hukmi

3 iyun kuni Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida Lacetti va Damas ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va Damas salonida ketayotgan qiz vafot etgan edi. 

Lacetti haydovchisi yarim yo‘lda mashina boshqaruvini tanishiga bergan va u avtomobilni soatiga 130 kilometr tezlikda haydagan. Natijada u Lacettiʼni oldinroqda borayotgan Damas avtomobilining orqa tomoniga zarb bilan urgan. Oqibatda har ikki mashinadan jami 4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, Damas salonida bo‘lgan voyaga yetmagan qiz shifoxonada vafot etgan.

Sudda ayblanuvchi o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, jabrlanuvchilarga keltirilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplay olmasligini aytgan.

Sud avariyani sodir etgan haydovchiga 3 yil avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Toshkentda qalbaki 9 ming dollarni sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Toshkent shahrida qalbaki dollarlarni sotayotgan shaxslar ushlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berishicha, Yangihayot tumanida ikki fuqaro va boshqalar Yangi Sergeli ko‘chasidagi savdo majmuasi avtoturargohida 100 dollarlik kupyuradagi jami 9 ming qalbaki dollarni boshqa bir fuqaroga 5 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi. 

Qalbaki kupyuralar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi — qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid