O‘zbekiston | 15:44
3192
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi

International otelini 26 mln dollarga Smart Fast Stroy sotib oldi. Lotte City Hotel uchun esa Alfa Invest sug‘urta kompaniyasi 20 mln dollar to‘laydi.

International Hotel Tashkent / Foto: ihthotel.uz

Toshkent shahrida joylashgan International (Inter Hotel) hamda Lotte City Hotel mehmonxonalaridagi davlat ulushi sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Yunusobod tumanidagi International oteli 26 mln dollarga “Smart Fast Stroy” MChJga sotilgan. Investor ushbu summadan tashqari mehmonxonaning tegishli bank oldidagi 14,7 mln yevrolik kreditini ham o‘z zimmasiga olgan, shuningdek, 41 mln dollardan ortiq investitsiya kiritish majburiyatini olgan.

Smart Fast Stroy 2023 yil avgust oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2023 yil 21 dekabr holatiga kompaniyaning yagona ta’sischisi va rahbari Muhiddinov Muhiddin Usmon o‘g‘li bo‘lgan, hozirda esa MChJ Aleksandr Valerevich Zaxaryanga tegishli, kompaniya rahbari sifatida Timur Zakirov ko‘rsatilgan. Aleksandr Zaxaryan Octo, Octopay, Octotelecom, Octo Games, Octo SMP, Octo Integro va Finance Invest Brok kompaniyalarining ham egasi hisoblanadi.

Davaktivga ko‘ra, International mehmonxonasini sotib olishga 6 ta kompaniya qiziqish bildirgan, lekin ulardan faqat 3 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida Deloitte, mustaqil baholovchi sifatida Ernst & Young jalb etilgan.

Ta’kidlanishicha, 26 mln dollarlik narx – Ernst & Young baholagan qiymatdan sezilarli yuqori, Deloitte bergan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgan.

Foto: Booking.com

Yunusobodda joylashgan yana bir mehmonxona – Lotte City Hotel Tashkent esa 20 mln dollar taklif qilgan Alfa Invest sug‘urta kompaniyasiga sotilgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, obektni xususiylashtirishga 15 ta kompaniya qiziqish bildirgan, ammo ulardan faqat 3 tasi majburiyatga ega takliflar bilan chiqqan.

“Lotte” mehmonxonasi tashqi ko‘rinishining arxitektura qiyofasini inobatga olgan holda kelgusida har qanday qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini Qurilish vazirligi va Madaniy meros agentligi bilan kelishgan holda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilgan va investor bu talabni qabul qilgan.

Davlat mulkini sotishda KPMG konsultant bo‘lgan, Deloitte mustaqil baholashni amalga oshirgan. 20 mln dollarlik narx – Deloitte baholagan qiymatdan yuqori, KPMG bergan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgani aytilmoqda.

Mavzuga oid