Iqtisodiyot | 20:19 / 17.01.2025
3142
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 1 milliard dollar sarmoya kiritdi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2024 yilda O‘zbekistonga 938 million yevro (960 million dollar) sarmoya kiritdi. Mablag‘larning yarmidan ko‘pi yashil iqtisodiyot loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Foto: Getty Images

2024 yilda YeTTB O‘zbekistonga rekord miqdorda – 938 million yevro (960 million dollar) sarmoya kiritib, 34 ta loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan. Bu haqda bank axborot xizmati xabar berdi.

YeTTB investitsiyalarining 55 foizi yashil iqtisodiyot loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Boshqa moliyalashtirish tashkilotlaridan olingan 383 million yevro mablag‘lar bilan birgalikda, bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1,3 milliard yevrodan ortiq mablag‘ni jalb qilishga yordam bergan.

O‘zbekistonda YeTTB tomonidan moliyalashtiriladigan asosiy loyihalar:

Toshkent viloyatida 200 MWt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va 501 MWt quvvatga ega energiya saqlash tizimini qurish uchun 226 million dollar;

Navoiy viloyatida 230 kilometr uzunlikdagi yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini qurish uchun 66,4 million dollar;

«O‘zkimyosanoat» va ACWA Power tomonidan amalga oshirilayotgan Chirchiq shahridagi «yashil» vodorod ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish uchun 65 million dollar;

Xorazm viloyatida transport magistralini tiklash va Amudaryo orqali ko‘prik qurishga 238 million dollar.

Shuningdek, YeTTB O‘zbekiston moliya sektoriga 300 million yevrodan ortiq kreditlar ajratgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid