Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyada osoyishtalik sari qadamlar, Rossiya harbiy bazalari taqdiri va Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlashga kuchaytirilgan jazo - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Suriya: osoyishtalik sari qadamlar
Suriyada o‘tish davri hukumati rahbari Muhammad al-Bashir, Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng, mamlakatda «osoyishtalik va barqarorlik» davri boshlanganini ta’kidladi. Kuni-kecha «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi va uning ittifoqchilari uni 2025 yil martiga qadar muvaqqat hukumat boshlig‘i etib tayinladi.
Seshanba kuni al-Bashir yangi hukumat a’zolari hamda Asad davridagi sobiq mulozimlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, hukumatni topshirish va muassasalar faoliyatini qayta tiklash masalalarini muhokama qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yig‘ilishlardan asosiy maqsad — xalqka xizmat qilish yo‘lidagi qadamdir.
Idlibdan tashqarida u keng ommaga tanilmagan bo‘lsa-da, al-Bashirning aytishicha, yangi hukumat nafaqat mintaqadagi hududlarni, balki boshqa hududlarda ham barqarorlikni ta’minlashga tayyor.
«Hay’at Tahrir ash-Shom» yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniy Asad davri mulozimlarining jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishiga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Damashqda hayot normallashmoqda, do‘konlar va transport tiklangan, vakillar ko‘chalarni tozalayapti. Shunga qaramay, Isroilning aviazarbalariga norozilik saqlanib qolmoqda.
Bu vaqtda Dayr-az-Zor shahri ham isyonchilar nazoratiga o‘tdi. Bu neftga boy hudud bo‘lib, yangi hukumat uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.
Hofiz Asad maqbarasiga hujum
Suriyaning Qardoha shahrida olomon sobiq prezident Hofiz Asad maqbarasiga bostirib kirib, uning jasadi bo‘lgan tobutni yoqib yubordi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi. Maqbarada Asad oilasining boshqa a’zolari, jumladan Bashar Asadning akasi Basil ham dafn etilgan.
Hofiz Asad 1930 yilda Lataqiya viloyatining Qardoha shahrida tug‘ilgan. U 1971 yildan 2000 yil vafotigacha Suriyani boshqargan. Uning vorisi sifatida to‘ng‘ich o‘g‘li Basil ko‘riladigan edi, biroq Basil 1994 yilda avtohalokatda vafot etgan. Shundan so‘ng, ikkinchi o‘g‘li Bashar Asad hokimiyatga kelgan.
Bashar Asad Suriyani 2024 yil dekabrigacha boshqarib, 13 yil davom etgan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, mamlakatni tark etdi.
Asadni qutqargan Rossiya
Kreml 2011 yilda Muammar Qazzofiyga nisbatan qilingan shafqatsizliklar haqidagi videolardan ta’sirlanib, Bashar Asadni qutqarishga qaror qilgan. Rossiya Asad rejimini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechib, uning omon qolish imkoni yo‘qligini tan oldi.
Muxolifat kuchlari Damashqqa yaqinlashganda, Rossiya Asadga mag‘lubiyat muqarrarligini anglatib, uni va oilasini xavfsiz olib chiqishni taklif qildi. Asadning qochishini rossiyalik razvedka xodimlari tashkillashtirgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Asad Rossiyaning Suriyadagi aviabazasi orqali olib chiqilgan, bu paytda samolyot transponderi o‘chirilgan bo‘lib, kuzatuvning oldi olingan.
Bloomberg’ning yozishicha, Putin Asadning hukumatiga nisbatan kuchaygan tahdidlar nega o‘z vaqtida aniqlanmagani bo‘yicha razvedkadan tushuntirish ham talab qilgan.
Suriyadagi harbiy bazalar taqdiri
Bashar Asad rejimi Suriyada tezda qulaganidan so‘ng, Rossiya Tartus porti va Hmeymim aviabazasidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu mamlakatning xorijdagi yagona harbiy-dengiz bazasi hamda Kreml so‘nggi 9 yil ichida yuz milliardlab rubl sarmoya kiritgan harbiy aktivlari uchun katta yo‘qotish bo‘ladi.
Rossiyaning harbiy kontingenti muxolifat kuchlari Tartus va Hmeymim joylashgan hududlarni to‘liq nazoratga olgach, qamal holatiga tushib qolgan. Kreml muxolifat, Turkiya, Isroil, AQSh va Britaniya bilan diplomatik muzokaralar olib borib, agar bu hududlarda Rossiya kuchlariga tahdid tug‘ilsa, aviatsiya va raketalar yordamida javob qaytarishini ma’lum qildi.
Karnegi markazining Rossiya-Yevrosiyo bo‘limi rahbari Aleksandr Gabuyevning fikricha, bu vaziyat Rossiyaning Afrika korpusini ta’minlash logistikasiga va mintaqaviy ta’siriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jazoir kabi muqobil bazalar topilishi mumkin, biroq ular Kreml uchun oson yechim emas.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu mag‘lubiyat avvalambor Eron uchun og‘ir bo‘ldi, chunki Tehron Suriyaga ko‘proq sarmoya kiritgan. Shu bilan birga, Rossiyaning Yaqin Sharqdagi va G‘arbdagi ta’siri pasayishi mumkin.
Asad rejimi qulashi Kremlning «o‘z odamlarini tashlab qo‘ymaslik» imijini ham yo‘qqa chiqardi. Rossiyadagi rasmiylar esa Suriyadagi harbiy resurslar endi Ukrainadagi urushga yo‘naltirilishini ta’kidlamoqda.
Rossiya neftiga qarshi yangi sanksiya
AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Donald Trampning qayta saylanishi ehtimoli oldidan Rossiya neft eksportiga yangi cheklovlar kiritishni ko‘rib chiqmoqda. Bloomberg'ning ma’lum qilishicha, sanksiyalar Moskva eksport qoidalarini chetlab o‘tish uchun foydalanayotgan soyadagi tankerlar flotini qamrab olishi mumkin.
Energiya narxlarining oshishidan xavotirlangan Bayden ma’muriyati bu qadamni uzoq vaqt orqaga surgan. Biroq neft narxining pasayishi va Trampning Rossiyaga yon bosishi mumkinligi kabi xavotirlar yangi cheklovlarni tezroq joriy etish ehtimolini oshirdi.
Yangi sanksiyalar yaqin haftalarda joriy etilishi kutilmoqda, bu Yevropa Ittifoqi tomonidan ko‘riladigan choralar bilan uyg‘unlashishi mumkin. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi va Moliya vazirligi hozircha izoh berishdan bosh tortdi.
The Washington Post'ning xabar berishicha, Rossiyaning «Geran-2» dronlari texnik nosozliklar tufayli havoda nazoratdan chiqmoqda. Ba’zilar qulagan yoki havo hujumidan himoya tizimlari tomonidan oson yo‘q qilingan. G‘arb tahlilchilari bu muammolarni past sifatli komponentlar, ayniqsa motor bilan bog‘lashmoqda. Bu Moskvaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarning samaradorligini ko‘rsatadi.
Rublning kursi yana pasaya boshladi
Rublning ikki haftalik barqarorligi tugab, uning kursi yana pasayishni boshladi. Chorshanba kuni dollar kursi 7 rublga oshib, 108,72 rublga yetdi, yevro 114 rublga, yuan esa ilk bor 14 rubldan oshib ketdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Rossiya neft eksportiga nisbatan Eron darajasida cheklovlar joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu rublning qadrsizlanishiga olib kelgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, rublga bo‘lgan talab chet el kompaniyalarining Rossiya bozorini tark etishi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli bor, ammo kimlarning ketgani hali ma’lum emas.
Tahlilchilarga ko‘ra, rublning qadrsizlanishi Rossiya iqtisodiyotidagi tizimli muammolarning davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
439 mlrd dollar boylikka ega Ilon Mask
Tesla va SpaceX rahbari Ilon Maskning boyligi 439 mlrd dollarga yetdi. U dunyoning eng boy odamlari orasida Bloomberg reytingida birinchi o‘rinda turadi. SpaceX qiymati 350 milliard dollarga yetib, dunyodagi eng qimmat startapga aylangach, Maskning kapitali 50 milliard dollarga oshdi.
Mask boylik bo‘yicha Amazon asoschisi Jyeff Bezos va Meta rahbari Mark Tsukerbergni ortda qoldirdi. 2021 yilda u Bezosni orqada qoldirib, tarixdagi eng boy odamga aylangan edi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Mask boyligi yiliga o‘rtacha 110 foizga o‘smoqda va 2027 yilga borib dunyodagi dollardagi ilk trillionerga aylanishi mumkin. Shuningdek, 2028 yilda hindistonlik Gautam Adani, Nvidia bosh direktori Jyensen Huang va indoneziyalik Prajogo Pangestu ham trillionerlar safiga qo‘shilishi mumkin.
Kelin o‘g‘irlashga kuchaytirilgan jazo
Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlash holatlariga qarshi jazoni kuchaytiruvchi qonunchilik tuzatishlari tayyorlanmoqda. Parlament spikeri Erlan Koshanovning ma’lum qilishicha, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Milliy qurultoydagi topshirig‘iga binoan, bunday holatlarga jiddiy huquqiy baho berish rejalashtirilgan.
To‘qayev mart oyidagi chiqishida kelin o‘g‘irlashni «xurofot» deb atagan va bu amaliyotni progressiv jamiyatning qadriyatlariga zid, deb baholagan. Prezident har bir shaxsning huquq va erkinliklari ustuvor ekanligini ta’kidlab, kelin o‘g‘irlashga qonun doirasida chek qo‘yish zarurligini aytgan.
Shuningdek, fevral oyida Inson huquqlari bo‘yicha komissar Artur Lastayev Chimkentdagi kelin o‘g‘irlash bilan bog‘liq shov-shuvli hodisa haqida bayonot bergandi. Uning ta’kidlashicha, majburan turmushga chiqqan qizlar ko‘pincha jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025