Jahon | 14:00 / 09.01.2025
5740
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoga aviazarbalar, haddidan oshayotgan Ilon Mask va Rossiya neft bazasiga dronlar hujumi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoridagi davomli aviazarbalari natijasida o‘nlab falastinliklar hayotdan ko‘z yumdi.

Xon Yunus shahridan janubroqdagi Jizan Rashvan tumanidagi hujumlar natijasida 10 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Xon Yunusning Manara ko‘chasida harakatlanayotgan avtomobilga uyushtirilgan hujumi tufayli 2 kishi halok bo‘lgan. Zaytun tumanida esa 5 nafar jabrlanuvchining tanalari vayronalar ostidan topilgan, yana 4 kishi qidirilmoqda.

G‘azo markazidagi Bassa tumaniga qilingan hujumlar natijasida yana 3 falastinlik halok bo‘lgani to‘g‘risida «Al-Aqso shahidlari» kasalxonasi ma’lum qildi.

Isroil armiyasi Burayj qochqinlar lageridagi Vishaxlar oilasining uyini vayron qilgan.

460 kundan buyon davom etayotgan qamal minglab odamlarni boshpanasiz qoldirib, yostig‘ini quritmoqda.

G‘azo sektoridagi qamal sababli 35 kunlik chaqaloq Yusuf Qulub sovuqdan halok bo‘ldi. So‘nggi kunlar ichida sovuqdan halok bo‘lgan go‘daklar soni 8 ga yetdi.

BMTning UNRWA agentligi: «XXI asrda bolalar sovuqdan halok bo‘lmasligi kerak», — deb ta’kidlashdan boshqa chora topa olmayapti.

G‘azo sektorida Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lgan falastinliklar soni 45 ming 936 nafarga yetgan, shundan 17 ming 800 nafari bolalardir. Hujumlar davomida 109 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.

Suriyada uzoq muddatli barqarorlik rejalari

BMTning Humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakili Yyens Lerke Suriyada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash uchun mablag‘ va sa’y-harakatlarni sarmoyalash muhimligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, humanitar tashkilotlar uchun asosiy ustuvor vazifa — aholining muhim ehtiyojlarini qondirish: oziq-ovqat, turar joy, tibbiy xizmat, ichimlik suv va boshqa asosiy ehtiyojlarni ta’minlashdir.

Lerke shuningdek, suriyaliklarning asosiy xizmatlarga, jumladan, elektr energiyasiga ulanishini tiklash va ularning daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashish zarurligini qayd etdi.

Uning fikricha, uzoq muddatli barqarorlik uchun suv ta’minotini tiklash va sug‘orish tizimlariga sarmoya kiritish kerak. «Bu odamlarning o‘z uylariga barqaror qaytishini ta’minlaydi», – dedi Lerke.

Aliyev Zangezur yo‘lagi haqida

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Zangezur yo‘lagining ochilishi muqarrar ekanini ta’kidladi. U Armanistonni Turkiya va Ozarboyjon o‘rtasida «geografik to‘siq» bo‘lmaslikka chaqirdi. «Zangezur yo‘lagi ochilishi shart va ochiladi. Buni qancha tez anglab yetishsa, shuncha yaxshi», — dedi Aliyev televideniye orqali chiqishida.

Prezident «Soros tarafdorlari» pozitsiyasi pasayib borayotganini qayd etib, Armaniston rahbariyatini bu holatni tushunishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, armanlarni qo‘llab kelgan «Yaqin Sharqdagi Asad diktaturasi tarix sahifasidan o‘chirildi va bunday jarayon davom etadi».

Aliyev Ozarboyjonning Armaniston uchun xavf emasligini qayd etib, Janubiy Kavkazda tinchlik va hamkorlikka intilishlarini ta’kidladi. «Biz faqat tinchlik va hamkorlikni istaymiz. Ular bizga to‘sqinlik qilmasligi kerak», — dedi u. Aliyev Turkiya va Ozarboyjonni bog‘lovchi yo‘lagini ochish muhimligini ta’kidladi.

Janubiy Kavkazdagi tinchlik masalasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqoti davomida ham muhokama etildi. Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va global masalalarni ham muhokama qildi.

Erdo‘g‘an Turkiya va Ozarboyjonning «ikki davlat – bir millat» prinsipiga asoslangan hamkorligini rivojlantirishdan mamnun ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Janubiy Kavkazda barqaror tinchlik o‘rnatish yo‘lida Turkiyaning to‘liq qo‘llab-quvvatlovini bildirib, Ozarboyjonga har tomonlama yordam davom etishini qayd etdi.

Rossiya neft bazasiga dronlar zarbasi

Ukraina dronlar bilan Rossiyaning Saratov oblasti Engels shahridagi «Kristall» neft bazasiga hujum uyushtirdi. Bu baza «Engels-2» harbiy aerodromiga yoqilg‘i yetkazib beradi, u yerda Rossiyaning strategik bombardimonchi samolyotlari joylashgan.

Ukraina armiyasining bayonotiga ko‘ra, hujum neftebaza logistikasiga jiddiy zarba berib, Rossiyaning strategik aviatsiya imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi. Bu esa Ukraina shaharlariga hujumlar xavfini kamaytiradi.

Hujumda Ukrainada ishlab chiqilgan uzoq masofali qurollardan foydalanilgan. Rossiya rasmiylari hodisa oqibatida «Kristall» neftebazasida kuchli yong‘in kelib chiqqanini tasdiqladi. Saratov oblasti gubernatori Roman Busargin havo himoya tizimi dronlarni urib tushirganini aytgan, ammo hujum qaysi obektga uyushtirilganini aniqlashtirmagan.

Rossiyada migrantlarga nisbatan keskin choralar

2024 yilda Rossiya 80 mingdan ziyod migrantni deportatsiya qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich asosan migratsiya qonunlari buzilishi bilan bog‘liq.

Bu ko‘rsatkichlar mart oyida «Krokus Siti Xoll»da sodir bo‘lgan teraktdan keyingi siyosatning natijasi bo‘lib, rasmiylar migratsiyani xavfsizlik muammolarining asosiy sababi sifatida ko‘rsatmoqda. Kreml migratsiya qonunlarini kuchaytirishni talab qilmoqda, ammo bu choralar ijtimoiy va iqtisodiy keskinliklarni oshirmoqda.

Yangi qonunlarga ko‘ra, migrantlar faqat davlat muassasalarida rus tilidan imtihon topshirishi kerak. Shuningdek, migrant ishchilarning oilalari Rossiyaga olib kelishini taqiqlash va yashash joylarini cheklash taklif qilinmoqda.

2024 yil dekabrida qabul qilingan qonunga ko‘ra, rus tili bo‘yicha majburiy testdan o‘tmagan migrant bolalar Rossiya maktablariga qabul qilinmaydi. Bu qonun deputatlar tomonidan deyarli bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Kanada va Britaniya Ilon Mask nishonida

Amerikalik milliarder va Space X kompaniyasi asoschisi Ilon Mask Kanada va Buyuk Britaniya bosh vazirlarini keskin tanqid qildi. Mask Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoni haqoratlab, Britaniya bosh vaziri Keyr Starmerni «jinoyatlarga sheriklik»da aybladi.

Maskning tanqidlari Jastin Tryudoning Kanadaning AQShga qo‘shilishi ehtimolini rad etishiga javoban yangradi. Tryudo: «Kanada AQShning bir qismiga aylanmaydi», — deb tvit yozdi. Mask esa bu bayonotga javoban o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoqda «Ey qizgina» deb murojaat qilib, «Kanadaning sobiq gubernatoridan hech narsa so‘ralmaydi», deb kesatgan.

Bundan tashqari, Mask Britaniya bosh vaziri va uning partiyasini ovozlar evaziga «ommaviy zo‘rlashlarga sheriklik»da ayblab, bu hukumatni tanqid qildi. Shuningdek, Britaniya hukumat a’zosi Jyess Fillipsni «genotsid va zo‘rlashlarning himoyachisi» sifatida ta’riflab, uni qamoqqa olishga chaqirdi.

Fransiya Maskka qarshi choralar talab qilmoqda

Fransiya Yevropa komissiyasini Ilon Maskning Yevropa siyosiy jarayonlariga aralashuviga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro: «Yevropa qoidalari qat’iy amalga oshirilishi yoki vakolatlar davlatlarga qaytarilishi kerak», dedi.

Barro Maskka tegishli bo‘lgan X ijtimoiy tarmog‘ini bloklash imkoniyatini ham istisno etmadi. Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarni bloklash mexanizmlari qonunlarda nazarda tutilgan.

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga yaqinligidan foydalanib, quyushqondan chiqayotgan Maskning Yevropa yetakchilariga, jumladan, Germaniya kansleri Olaf Shols va Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmerga hujumlari Fransiya va boshqa Yevropa davlatlarida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Prezident Emmanuel Makron uni Germaniyadagi kelgusi saylovlarga aralashuvda aybladi.

«O‘n yilgina avval jahondagi yirik ijtimoiy tarmoqlardan birining egasi yangi xalqaro reaksion harakatni qo‘llab-quvvatlashi va Yevropadagi saylovlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashishini hech kim tasavvur ham eta olmasdi», dedi Makron.

Los Anjyelesdagi kuchli yong‘in

7 yanvar kuni Los-Anjyeles yaqinidagi Pasifik-Paliseyds hududida kuchli o‘rmon yong‘ini ro‘y berdi. 1182 gektar maydonni qamrab olgan yong‘in tufayli 30 ming kishi evakuatsiya qilindi. Hodisa sababli bir nechta uy vayron bo‘ldi, katta hudud zaharli tutunga to‘ldi.

Yong‘inning tez tarqalishi aholini shoshilinch evakuatsiya qilishga majbur qildi. Avtoyo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi, ko‘plab odamlar mashinalarini tashlab, piyoda qochishga majbur bo‘ldi. Hozircha halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Jo Bayden Kaliforniyaga har qanday zarur yordam ko‘rsatilishini va’da qildi. Los Anjyelesda favqulodda holat e’lon qilingan, gubernator Gevin Nyusom yangi yong‘inlar xavfi borligini ta’kidlagan.

 
Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid