O‘zbekiston | 17:55 / 26.05.2025
7128
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosh rejasi xaritasi saytdagi yuklama sababli vaqtincha ishlamay qoldi - vazirlik

Toshkent bosh rejasi va ehtimoliy «snos»lar ko‘rsatilgan interaktiv xarita tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng ochilmay qoldi. Vazirlik xaritaga olib o‘tuvchi sayt ishlay boshlaganini ma’lum qildi. Ammo qotishlar hisobiga ranglarga ajratilgan hududlar bir ko‘rinib, bir ko‘rinmayapti. Rasmiylar bu ham tez orada bartaraf etilishini aytdi.

Toshkent shahrining 2045 yilgacha tasdiqlangan bosh rejasi interaktiv xaritasi ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘ldi. Qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bu xarita «Toshkentboshplanliti» DUK tomonidan ancha avvalroq ishlab chiqilgan. Ammo vazirlik rasman o‘zining tarmoqlarida bu haqda xabar bermagan.

Ayrim manbalar xaritada buzilishi mumkin bo‘lgan uy-joylar va boshqa obektlar tasvirlanganini aytib chiqdi. Xususan, yopiq kanallardan birida «endi yer yoki uy snosga tushadimi-yo‘qmi – osonlikcha bilib olish mumkinligi»ni aytib, xaritaga havolani e’lon qildi.

Aynan «snos»larga oid muhokamalar fonida sayt ishlamay qoldi. Tarmoq foydalanuvchilari havola vazirlik tomonidan yopilgani haqida aytib chiqishdi.

«Qurilish vazirligi ikki kun o‘tmasdan Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi interfaol xaritasini yopib qo‘ydi. Ushbu link orqali har kim o‘zi yashayotgan hududning “snos”ga tushgan-tushmaganini bilib olishi mumkin edi. Noqulay savollar ko‘paygani uchun bosh reja ommadan “yashirib” qo‘yilmagan deb umid qilamiz…», – deydi foydalanuvchilardan biri.

Vazirlik rasmiy izohiga ko‘ra, aslida holat bunday emas, Toshkent shahar bosh rejasi havolasiga kirishda yuklama ortgani sabab rasmiy saytda uzilishlar kuzatilmoqda. Oradan ko‘p o‘tmay, vazirlik keyingi munosabatida sayt ishlay boshlaganini xabar qildi.

«Ayni paytga kelib muammo bartaraf etildi. Hozirda Toshkent shahar bosh rejasi interfaol xaritasi to‘liq va uzluksiz ishlamoqda», – deyiladi izohda.

Ammo saytdagi xaritada ranglarga ajratilgan hududlar bir ko‘rinib, bir ko‘rinmayapti.

Rasmiylar bu ham tez orada bartaraf etilishini aytdi.

Kun.uz «snos» qilinadigan hududlar haqida ma’lumot olish uchun «Toshkentboshplanliti» DUK rahbari Bahrom Usmonov bilan bog‘landi. U xaritada buziladigan obektlar aks etmagani, ranglar kesimida faqat renovatsiya, rekonstruksiya va konservatsiyaga tushgan hududlar ko‘rsatilganini ma’lum qildi.

Usmonov xaritaga oid batafsil ma’lumot qo‘shimcha tarzda berilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtning 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi o‘tgan yili dekabrda hukumat qarori bilan tasdiqlangandi. Unga ko‘ra, shaharda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida bo‘lishi talab etiladi. Aholi eng zich hududlarda yangi binolar uchun qavatlar soni bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiladi.

Mavzuga oid