Jahon | 14:53 / 20.01.2025
15901
7 daqiqa o‘qiladi

«Ertaga televizorni tomosha qilish qiziq bo‘ladi». Tramp inauguratsiyasi arafasida chiqish qildi

Tramp Vashingtonda inauguratsiyasi arafasida o‘tkazilgan mitingda Ukrainadagi urushni to‘xtatishga, uchinchi jahon urushining oldini olishga va Yaqin Sharqda tartibsizlikni to‘xtatishga va’da berdi.

Foto: Reuters

 

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z inauguratsiyasi arafasida Vashingtondagi Capital One Arena kompleksida tarafdorlarining mitingida ishtirok etib, davlat rahbari sifatidagi birinchi kunida ko‘plab farmonlarni imzolashga va’da berdi.

«Biz g‘olibmiz!» — degan Tramp olomon hayqiriqlari ostidagi nutqi avvalida.

U yangi ma’muriyat «Vashingtondagi muvaffaqiyatsiz isteblishment hukmronligiga barham berish» va «Amerikani yana buyuk qilish» niyatida ekanini aytgan.

«Ertaga tushda Amerikaning to‘rt yillik tanazzuli ustidan parda tortiladi va biz Amerikaning kuchli va farovonligi, qadr-qimmati va g‘ururi uchun mutlaqo yangi sahifani ochamiz. Bularning barchasini bir umrga qaytaramiz», — degan Tramp.

U shuningdek noqonuniy immigrantlarning Amerika chegaralariga «bosqini»ni to‘xtatishga, dushanba kungi inauguratsiya nutqida aniq choralarni e’lon qilishga va’da bergan.

Ekspertlar uning millionlab nelegal migrantlarni deportatsiya qilish va’dasi ulkan logistik qiyinchiliklarga uchrashi hamda o‘nlab yoki yuzlab milliard dollarga tushishi mumkinligini aytishmoqda, deb yozadi BBC.

«Amerika xalqi bizga ishondi va buning evaziga biz ularga Amerika tarixida prezidentlik davridagi eng yaxshi birinchi kunni, eng ajoyib birinchi haftani va eng muvaffaqiyatli birinchi 100 kunni beramiz», dedi Donald Tramp tarafdorlariga.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuni u amerikaliklarni «juda quvontiradigan» ko‘plab farmonlarni imzolashni rejalashtirgan.

«Barchasi ertadan boshlanadi. Ertaga televizorni tomosha qilish juda zavqli bo‘ladi», — deya va’da bergan Donald Tramp.

Dushanba kuni u 200 dan ortiq hujjatni, jumladan, ijro farmoyishlari va boshqa prezidentlik farmoyishlarini imzolashi kutilmoqda.

«Bayden ma’muriyatining har bir radikal va ahmoqona qarori qasamyod qabul qilganimdan keyingi bir necha soat ichida bekor qilinadi», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Tramp o‘zining birinchi tashabbuslari AQSh chegara xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish, xilma-xillik tashabbuslarini cheklash, 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyda bo‘lib o‘tgan namoyish ishtirokchilarini afv etish, tabiiy resurslar qazib olishni ko‘paytirish, davlat xizmatchilarining ommaviy almashinuvi va boshqa siyosiy masalalarga tegishli ekanini aytgan. 

Trampning chiqishi ancha davomli bo‘ldi va saylovoldi nutqlarini yodga solib yubordi. Tomoshabinlarga videoroliklar namoyish etildi, sahnaga milliarder Ilon Mask chiqib keldi, shuningdek, Tramp o‘zining yangi ma’muriyatidagi muhim amaldorlarni tanishtirdi.

O‘z nutqida Tramp G‘azodagi sulh bo‘yicha kelishuvga hamda TikTok ijtimoiy tarmog‘i atrofidagi vaziyatga to‘xtaldi, shuningdek Ukrainadagi urushni yakunlashga yana bir bor va’da berdi, ammo buni aynan qanday uddalamoqchi ekaniga oydinlik kiritmadi.

«Bu kelishuvga faqat noyabrdagi tarixiy g‘alabamiz natijasida erishilishi mumkin edi», — degan u Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida.

Tramp kelishuvga erishishdagi yordami uchun Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoffga minnatdorchilik bildirgan.

«Biz prezident bo‘lmasdan turib, ular to‘rt yil mobaynida amaldagi prezident bilan erishganidan ko‘proq narsaga erishdik», — degan Tramp.

Saylangan prezident TikTok ijtimoiy tarmog‘i o‘ziga yoqishi haqida gapirib, «tiktokni saqlab qolish zarurligi»ni aytgan, bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqni Xitoydan tashqaridagi shaxsga sotishni talab qiluvchi qonun kuchga kirgani tufayli amerikalik foydalanuvchilar undan vaqtincha foydalana olmay qolgandi, Trampning taqiqni uch oyga kechiktirishi tufayli yakshanba kuni faoliyatini tiklagandi.

«Bugundan tiktok AQShga qaytmoqda», — degan Tramp.

«To‘g‘risini aytsam, boshqa ilojimiz yo‘q, uni saqlab qolishimiz kerak. Bu juda ko‘p ish o‘rinlari degani. Biz biznesimizni Xitoyga bermoqchi emasmiz, biz o‘z biznesimizni boshqalarga bermaymiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Miting Vashington maydonidagi 20 mingga yaqin kishi sig‘adigan Capital One Arena stadionida bo‘lib o‘tgan.

Tramp dushanba kuni lavozimga kirishganidan keyin ham shu yerda chiqish qiladi.

Vashingtondagi sovuq harorat tufayli Trampning inauguratsiya marosimi odatdagidek Kapitoliy binosi tashqarisida emas, ichkarisida bo‘lib o‘tadi, ammo sovuq ob-havo saylangan prezidentning minglab tarafdorlariga uning yakshanba kuni kechqurun o‘tkazilgan mitingiga kelishiga to‘sqinlik qilmadi.

Oqshomda musiqachilar, jumladan The Village People guruhi ham chiqish qildi, uning YMCA qo‘shig‘i Trampning saylovoldi kampaniyasi saundtreki bo‘lgandi.

Konsertni esa Kid Rok ochib berdi, u qo‘shig‘i o‘rtasida qora shlyapasini Make America Great Again yozuvli qizil kepkaga almashtirdi.

Miting oldidan Tramp saylangan vitse-prezidenti Vens bilan birgalikda Vashington yaqinidagi Arlington qabristoniga tashrif buyurib, gulchambar qo‘ygan va AQSh faxriylarini xotirlagan.

Prezident va vitse-prezidentning rafiqalari Melaniya Tramp va Usha Vens ham Arlington qabristoniga borgan

AQSh sobiq generali: Tramp Putinga kuchini ko‘rsatishga harakat qiladi

AQShning iste’fodagi generali Ben Hodjyesning fikricha, Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlarida kuchli ekanini namoyish etadi. AQShning Yevropadagi qo‘shinlarining sobiq bosh qo‘mondoni 17 yanvar kuni Der Spiegel nashriga bergan intervyusida shunday degan: «Men prezident Tramp mag‘lubiyatga uchragan odam bo‘lishni istamaydi, degan umiddaman».

Ukrainadagi urushni hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqidagi savolga Hodjyes Trampning saylov kampaniyasi davomidagi barcha bayonotlarini tom ma’noda qabul qilmasligini aytadi. Saylov kampaniyasi davomida respublikachi Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagandi.

Uning yondashuvi Rossiya va Ukrainaga muzokaralar olib borish va tezda tinchlik o‘rnatish uchun qattiq bosim o‘tkazishdan iborat edi. Bu Trampning Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Biroq, saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, respublikachi, xususan, olti oy ichida urushni tugatish uchun yechim topishga umid qilayotganini aytib, yanada ehtiyotkorona gapira boshladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid