Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shvetsiyadagi o‘quv markaziga hujum: 11 kishi halok bo‘ldi
Erebru politsiyasi ta’lim markazidagi otishma haqida yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan shaxs o‘lik holda topilgan, uning motivlari o‘rganilmoqda.
Shvetsiya Stokholmdan taxminan 200 km g‘arbda joylashgan Erebru shahridagi Campus Risbergska kattalar ta’lim markaziga kecha sodir etilgan qurolli hujum ortidan bir kunlik motam e’lon qildi. 5 fevral, chorshanba kuni parlament va qirollik saroyi binolaridagi bayroqlar tushirib qo‘yildi.
Olti nafar jabrlanuvchi shifoxonada qolmoqda
Erebru politsiyasi boshlig‘i Roberto Eyd Forest matbuot anjumanida gumon qilinayotgan jinoyatchi politsiya uni topgan vaqtida o‘lik holatda bo‘lganini bildirdi. Huquq-tartibot idoralari vakillarining xabar berishicha, hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, ularning hammasining ham shaxsi hozircha aniqlanmagan.
Mintaqaviy sog‘liqni saqlash xizmati direktori Jonas Klassonning so‘zlariga ko‘ra, olti nafar jabrlanuvchi shifoxonada qolmoqda, ulardan besh nafarida hayotiga xavf tug‘diruvchi o‘q jarohatlari bor. Hozirda bemorlarning ahvoli barqaror, ikki nafari hamon reanimatsiyada.
Jinoyatchining maqsadi noma’lumligicha qolmoqda. Tergovchilarning fikricha, u yolg‘iz harakat qilgan va hujum terrorchilik harakati emas. Hujum qilgani taxmin etilayotgan shaxs avval politsiyaga ma’lum bo‘lmagan. Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralari vakillari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim versiyalarni rad etishdi. Ayni damda tergovda jinoyatchi mafkuraviy sabablarga ko‘ra harakat qilgan deb hisoblashga asos yo‘q, deya ma’lum qilindi.
Shvetsiya rasmiylari: mamlakat tarixidagi eng qo‘rqinchli ommaviy otishma
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Erebrudagi hodisani «Shvetsiya tarixidagi eng qo‘rqinchli ommaviy otishma» deb atadi. Shvetsiya adliya vaziri Gunnar Stryommer vaziyatni «juda jiddiy» deya baholadi. «Ushbu voqea bizning jamiyatimizni tubdan larzaga keltirdi. Biz boshqa mamlakatlar haqidagi xabarlarni dahshat bilan o‘qigan bo‘lishimiz mumkin, lekin bu Shvetsiyada hech qachon sodir bo‘lmaydi deb o‘ylagan narsamizdir», dedi u.
Bir kun avval o‘qituvchilari bilan atrofdagi restorandan panoh topishga muvaffaq bo‘lgan o‘quv markazidagi o‘quvchilar maktabga «niqobli odam» kirib, o‘t ochgani haqida xabar bergandi.
Risbergsk markazida bir nechta, shu jumladan bolalar uchun ham ta’lim muassasalari mavjud, ammo u yerda asosan 20 yoshdan oshgan odamlar o‘rta va qo‘shimcha ta’lim olishadi. Boshqa narsalar qatorida, u immigrantlar uchun shved tili kurslari va nogironlar uchun kasbiy tayyorgarlik kurslarini taklif qiladi.
Mavzuga oid
20:17 / 25.05.2025
Dron Rossiyaning Shvetsiyadagi elchixonasi hududiga ichida bo‘yoq bo‘lgan idishni tashladi
00:42 / 13.05.2025
Shvetsiyada tuxumni qizining peshonasiga urib chaqqan ayol jarimaga tortildi
21:20 / 10.05.2025
Shvetsiya elektromobillarni quvvatlantiradigan yo‘llarni quradi
22:46 / 03.05.2025