Jahon | 14:18 / 10.02.2025
8561
10 daqiqa o‘qiladi

Janiyndan ko‘chirilayotganlar, Saudiya shahzodasining Trampga murojaati, AQShni shantajda ayblagan Xitoy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azodagi Netsarim yo‘lagidan qo‘shinlarni olib chiqishni boshladi. Bu HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda.

Netsarim yo‘lagi Isroil qo‘shinlari tomonidan G‘azoni shimol va janubga bo‘lish va falastinliklarning harakatini cheklash maqsadida yaratilgan edi. Harbiylar bir kun ichida bu hududdan to‘liq chiqib ketishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Isroil delegatsiyasi Qatarga yo‘l oldi. Brigadir general Gal Hirsh va ShABAKning sobiq rahbari ishtirok etayotgan guruh birinchi bosqichni amalga oshirishni muhokama qiladi. Ammo ularga ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokara o‘tkazish vakolati berilmagan.

«Haaretz» nashri ma’lumotiga ko‘ra, Binyamin Netanyahu garovdagilar to‘liq ozod qilinib, sulh kelishuvining ikkinchi bosqichiga o‘tishdan avval HAMASni to‘liq yo‘q qilishni maqsad qilgan.

«Bugun biz HAMAS yirtqichlarining asl yuziga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Ular o‘z jinoyatlari uchun javob beradilar. Garovga olingan barcha fuqarolarimizni qaytarib olamiz, ammo G‘azoda HAMAS qolmaydi», — degan Netanyahu.

Isroil falastinliklarga zug‘um o‘tkazmoqda

HAMAS va Isroil o‘rtasidagi beshinchi asir almashinuvi doirasida 42 nafar falastinlik Ofer harbiy qamoqxonasidan xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi xodimlariga topshirildi. Ozod qilingan mahbuslar Ramalloh shahriga olib borildi. Ammo Isroil armiyasi ularning quvonchli kunini buzishga harakat qilgan.

Isroil harbiylari ozod qilingan mahbuslarning oila a’zolari uylariga bostirib kirib, bayram o‘tkazishni bas qilishni talab qilmoqda. Isroil askarlari ozodlik munosabati bilan bayram o‘tkazilsa, sobiq muhbusning butun oilasi qamoqqa olinishi bilan tahdid qilgan.

Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, ozod etilgan to‘rt nafar mahbus og‘ir holda kasalxonaga yotqizilgan.

Isroil armiyasi G‘arbiy sohildagi Janiyn qochqinlar lagerini to‘liq vayron qildi va u yerdan 20 mingdan ortiq falastinlikni majburan ko‘chirishni boshlagan.

«Okkupatsion kuchlar Janiyn qochqinlar lagerini to‘liq vayron qildi. Odamlar hujjatlari va shaxsiy buyumlarini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi», – dedi shahar ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Mansur Sa’diy.

U xalqaro tashkilotlarni Janinga tashrif buyurib, Isroil tomonidan sodir etilgan jinoyatni hujjatlashtirishga chaqirdi.

Arab davlatlari Falastin masalasida yig‘iladi

Arab davlatlari ligasi 27 fevral kuni Misr poytaxti Qohira shahrida Falastinga oid favqulodda sammit o‘tkazadi. Misr Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, yig‘ilish «Falastin hududidagi jiddiy vaziyat» muhokamasiga bag‘ishlanadi.

Sammit AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektori aholisini Misr va Iordaniyaga ko‘chirish rejasiga qarshi arab mamlakatlarini birlashtirishga qaratilgan navbatdagi urinish bo‘ladi.

Misr rasmiylari sammit o‘tkazish qarori arab davlatlari bilan olib borilgan yuqori darajadagi maslahatlar natijasida qabul qilinganini ma’lum qildi. Yig‘ilish Falastin davlati talabi bilan tashkil etilmoqda.

Saudiya shahzodasi Trampga murojaat qildi

Saudiya shahzodasi, sobiq razvedka rahbari Turki al-Faysal AQSh prezidenti Donald Trampning falastinliklarni G‘azodan chiqarib yuborish haqidagi taklifiga javob qaytardi.

«Falastinliklar noqonuniy muhojir emas, ularni boshqa davlatlarga ko‘chirib bo‘lmaydi», — deb yozgan shahzoda National nashrida chop etilgan maqolasida.

«Bu yer — ularning yerlari, Isroil tomonidan vayron qilingan uylar esa ularning uylari. Ular har safar bo‘lgani kabi bu uylarni qayta tiklash huquqiga ega», — degan al-Faysal.

Uning ta’kidlashicha, G‘azoda yashovchi aholining aksariyati 1948 va 1967 yillarda Isroil tomonidan o‘z yerlaridan quvilgan qochqinlarning avlodlaridir.

Shahzoda falastinliklarni Yaqin Sharqning asl aholisi deb ta’riflab, Isroilga ko‘chib kelgan yahudiylarni muhojir deb atadi:

«Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa va boshqa hududlardan kelgan minglab muhojirlar falastinliklarning uylari va yerlarini tortib olib, ularni qo‘rquvga soldi, etnik tozalash siyosati yuritdi. Amerika va Britaniya bu jarayonga tomoshabin bo‘libgina qolmasdan, hatto falastinliklarning qonli ko‘chirilishiga yordam berdi», — degan al-Faysal.

Shahzoda agar falastinliklar G‘azodan chiqarilgan taqdirda ham, ular o‘z tarixiy vataniga — Hayfa, Yaffa va boshqa shaharlardagi uylariga qaytishi kerakligini ta’kidladi.

Ukraina taklif etayotgan yangi harbiy shartnoma

Ukraina 18—24 yoshdagi fuqarolar uchun maxsus shartnomaviy harbiy xizmatni ishlab chiqmoqda. Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, bu tashabbus majburiy mobilizatsiya emas, balki ixtiyoriy shartnoma hisoblanadi.

Ko‘ngilli bir yillik harbiy xizmat davomida ishtirokchilar bepul ta’lim, imtiyozli ipoteka va boshqa ijtimoiy kafolatlarga ega bo‘ladi. Zelenskiy ushbu dasturning to‘liq tafsilotlari yaqin kunlarda e’lon qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi etib tayinlangan Mayk Uolts, Ukraina armiya safiga yoshlarni jalb qilish orqali frontdagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Zelenskiy urushning tugashi haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni 2025 yilda tugatish imkoni borligini aytdi, biroq bu uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish kerakligini ta’kidladi.

«Biz buni juda xohlaymiz. G‘arb Putinni urushni tugatishga majbur qilishga kuch topishidan har yili umid qilyapmiz», — dedi Zelenskiy Britaniyaning ITV News telekanaliga bergan intervyusida.

Ukraina prezidentining fikricha, 2025 yil urushni tugatish uchun muhim imkoniyatlarni yaratadi. Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp ham bu jarayonni tezroq yakunlash tarafdori ekanini aytdi.

«Tramp urushni tezroq tugatmoqchi. Qanday yo‘l bilan bo‘lishini bilmaymiz, ammo biz kuchli bo‘lishimiz kerak. U kuchli, lekin yevropalik hamkorlar bilan birgalikda qat’iy harakat qilish zarur», — dedi Zelenskiy.

Kreml Tramp va Putin suhbatini izohlamadi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi telefon suhbati haqidagi ma’lumotni na tasdiqladi, na inkor etdi.

Uning ta’kidlashicha, Moskva va Vashington o‘rtasida aloqalar turli kanallar orqali olib boriladi, shu sababli shaxsan u bu borada xabardor bo‘lmasligi mumkin.

«Amerikaning yangi ma’muriyati ish boshlashi bilan turli kommunikatsiyalar paydo bo‘ldi. Bu aloqalar turli kanallar orqali amalga oshiriladi. Shu bois shaxsan men ba’zi narsalarni bilmasligim mumkin. Shuning uchun bu ma’lumotni na tasdiqlayman, na inkor qilaman», — dedi Peskov.

Avvalroq Tramp Putin bilan gaplashgani, muloqot mavzusi Ukrainadagi urushni tugatish ekanini e’lon qilgan edi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin qurbonlar sonining oshib ketishiga befarq emas va u urushni to‘xtatishni xohlaydi.

Xitoy AQShni shantaj qilishda aybladi

Xitoy AQShning XXR va Panama o‘rtasidagi munosabatlarni zaiflashtirish urinishlarini keskin qoraladi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Pekin Panamaning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusidan chiqishiga qarshi rasmiy e’tiroz bildirdi.

Panama prezidenti Xose Raul Mulinyo mamlakatning mazkur tashabbusdan chiqishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror AQSh davlat kotibi Marko Rubio Panamaga tashrif buyurishidan oldin qabul qilingan.

Xitoy rasmiylari AQShni Panamaga bosim o‘tkazish va mamlakat suverenitetiga aralashishda ayblamoqda. Tanqidlar 20 yanvarda Donald Tramp Panama kanali ustidan nazoratni kuchaytirish rejasini e’lon qilganidan so‘ng kuchaydi.

Xitoyda dahshatli ko‘chki ro‘y berdi

Xitoyning Sichuan viloyatida ro‘y bergan ko‘chki oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 28 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berildi.

8 fevral kuni Ibin shahriga qarashli Tsyunlin uyezdidagi Tsinping qishlog‘ida yuzaga kelgan tabiiy ofat tufayli 360 kishi evakuatsiya qilindi.

Hukumat rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chki 10 ta uyni vayron qilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar ikki nafar odamni tirik holda qutqargan. Bir nafar bedarak yo‘qolgan fuqaroning jasadi topilgan. Yana 28 kishi bedarak qolmoqda. Jabrlanganlar hududiy kasalxonaga joylashtirildi.

Mavzuga oid